Karvonsaroy
Inson huquqlari

Suriyaliklar: Rossiyaning havo zarbalari demografik oʻzgarishlarga qaratilgan boʻlishi mumkin

Qohiradan Volid Abu al-Xayr

Idlib viloyatining (Suriya) gʻarbiy hududiga berilgan Rossiya aviazarbasi natijasida koʻtarilayotgan tutun. [Muhammad AL-RIFOIY / AFP]

Idlib viloyatining (Suriya) gʻarbiy hududiga berilgan Rossiya aviazarbasi natijasida koʻtarilayotgan tutun. [Muhammad AL-RIFOIY / AFP]

Rossiyaning Suriya shimoli-gʻarbidagi Idlib va ​​uning atrofini havodan oʻqqa tutishi keng miqyosli vayronagarchiliklarni keltirib chiqardi, qishloq xoʻjaligi sanoati va savdo-sotiqni yoʻq qilib, bolalarni taʼlim olish imkoniyatidan mahrum etdi.

Rossiya samolyotlari bir necha yillardan beri bu hududdagi nishonlarni bombalashda davom etayotgan boʻlsa-da, soʻnggi vaqtlarda zoʻravonlik amaliyotlari yanada kuchaygan. Dushanba (21-sentabr) kuni mahalliy aholi vakillarining xabar berishicha, oʻtgan hafta oxirida olti oy avval Turkiya bilan erishilgan otashkesimdan beri eng yirik – 20 dan ortiq havo hujumlari qayd etilgan.

Rossiya harbiy samolyotlari tomonidan fuqarolik obyektlari, jumladan kasalxonalarning qasddan bombalanishi natijasida kamida 6500 nafar tinch aholi vakili hayotdan koʻz yumdi va bir millionga yaqin odam qochqinga aylandi, Rossiyaning sharqiy Suriyaga harbiy aralashuvi esa “Islom davlatiga” (ID) qarshi kurash choralarini yoʻqqa chiqarmoqda.

Havo hujumlari natijasida mahalliy aholi oʻz uyini tark etishga majbur boʻlgan, ayrim suriyaliklarning gumon qilishicha, Rossiya ularning qaytishiga yoʻl qoʻymay, mintaqada demografik oʻzgarishlarni amalga oshirmoqchi.

11-fevral kuni Rossiya tarafidan Suriyaning Idlib shahriga berilgan aviazarba natijasida jarohatlangan suriyalik bolalar vaqtinchalik shifoxonada davolanmoqda. [Abdulaziz Ketaz/AFP]

11-fevral kuni Rossiya tarafidan Suriyaning Idlib shahriga berilgan aviazarba natijasida jarohatlangan suriyalik bolalar vaqtinchalik shifoxonada davolanmoqda. [Abdulaziz Ketaz/AFP]

Idliblik fermer Mahmud Ismoilning aytishicha, viloyat va uning atroflari Rossiya havo hujumlariga uchrashi natijasida qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq ishlar butunlay toʻxtagan, chunki dehqonlar nishonga aylanib nobud boʻlishdan qoʻrqmoqdalar.

Rossiyaning havo zarbalari boshqa sohalarga ham ziyon keltirmoqla, jumladan, qishloq xoʻjaligi mashinalarining egalari va savdo-sotiq bilan shugʻullanuvchilarning ishi butunlay toʻxtab qoldi, deydi Ismoil.

Doʻkondorlar avval oʻzlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni mintaqa tashqarisidan import qilishga majbur boʻlganliklari sababli asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashgan.

Shuningdek, Rossiya aviazarbalari natijasida kelib chiqqan yongʻinlar minglab gektar qishloq xoʻjaligi yerlari va oʻrmonzorlarni yoʻq qildi, dedi u hatto jangarilar boʻlmagan joylar ham nishonga olinganini aytar ekan.

“Oq dubulgʻalilar” bu yongʻinlarni jilovlashga zoʻr berib urindilar, dedi u.

“Bu yerlarning kulini koʻkka sovurib, umuman yashashga yaroqsiz holga keltirish maqsad qilinganga oʻxshaydi”, dedi Ismoil deyarli har kungi zarbalar natijasida minglab uylar vayron boʻlganini taʼkidlab.

Maktablar yopiq

Idlibdagi qishloq xoʻjaligi yerlari Rossiya va Suriya rejimi tomonidan oʻqqa tutilmoqda, deydi “Oq dubulgʻalilar” vakili Xolid al-Xatib.

Bundan tashqari, pala-partish oʻrnatilgan minalar va portlamay qolgan oʻq-dorilar, jumladan, Rossiya harbiy samolyotlari tomonidan tashlangan termobarik va kassetali bombalar koʻplab fermerlarni oʻldirgan yoki jarohatlagan.

“Koʻplab shahar va qishloqlar qasddan va tizimli ravishda yer bilan yakson qilindi”, dedi u. “Rossiya mahalliy aholini bu mintaqadan chegara hududlariga haydab chiqarib, demografik oʻzgarishlarni amalga oshirishga urinayotgan koʻrinadi”.

Bu qadar koʻp sonli tinch aholining oʻz uyini tark etishga majbur boʻlgani, oʻnlab maktablarning vayron qilingani va shikastlangani bolalar taʼlimiga jiddiy putur yetkazdi, dedi al-Xatib.

Uning aytishicha, bu “shaharda qolgan bolalarning juda oz qismidan tashqari, Idlib va ​​uning atrofidagi barcha bolalar amalda taʼlim olish imkoniyatidan mahrum boʻldi, deganidir”.

Hatto bu bolalar ham maktabga muntazam ravishda bormayapti, chunki ular jangovar samolyotlar ovozini eshitishi bilan pana joy izlaydi, deb qoʻshimcha qildi u.

Shahar va qishloqlar boʻshab qolgan

Ayni vaqtda chegara hududiga koʻchib oʻtishga majbur boʻlgan Maarrat an-Nuʼmonlik faollardan biri Xaniy al-Nuʼmonning aytishicha, Rossiya havo hujumlari natijasida yuz minglab tinch aholi oʻz uyini tark etgan.

Oʻnlab shahar va qishloqlar kimsasiz qoldi, hamma ishlar toʻxtadi, minglab doʻkonlar yopildi, deydi u.

Minglab doʻkondorlar va ishchilar “qochqinlar maskanida ish yuritish imkonsiz ekanligi sababli” daromadsiz qoldilar, dedi al-Nuʼmon.

Lagerlarda ishlash imkoniyati yoʻq, u yerda kun koʻrayotgan odamlarning aksariyati mintaqada hali ham faoliyat olib borayotgan gumanitar tashkilotlarning yordamiga umid qilishmoqda.

Uning aytishicha, Idlib shahrida ishlab turgan doʻkonlar aholi xarid qobiliyatining sustligi tufayli qiyin ahvolda qolgan.

Qochqinga aylangan doʻkondorlarning aksariyati koʻchish vaqtida oʻz jamgʻarmalarini ishlatib boʻlgan va oʻzi yashagan joyga qaytib borgan taqdirda ham biznesini tiklay olmaydi, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bardam boʻling, suriyaliklar. Bosqinchilar barcha qatliomlar uchun javob beradi.

Javob berish

Rus jazo otryadlari suriyaliklarni oʻldirmoqda

Javob berish