Rossiya harbiy samolyotlari shu yil boshida Suriya boʻylab 12 soat ichida toʻrtta shifoxonaga zarba bergan. Bu haqda yakshanba (13-oktabr) kuni “The New York Times” nashri xabar qildi.
Nashr Rossiya radiostansiyalari, parvoz kuzatuvchilari va guvohlarga asoslanib xabar bergan, may oyida amalga oshirilgan havo zarbalari Suriya prezidenti Bashar al-Asadni qoʻllab-quvvatlovchi kuchlar tomonidan mamlakatning vayron qilgan urush davomida nishonga olingan koʻplab shifoxonalarning bir nechtasi xolos.
Yuqorida tilga olingan 5 may kungi 12 soatli hujum davomida havo zarbalari ostida qolib ketgan “Nabad al Hayot” jarrohlik shifoxonasini xodimlar zarbadan 3 kun avval tark etgandilar, deyiladi Tayms nashrining maqolasida.
Ruslarning quruqlikdagi dispetcheri shifoxonaning aniq joylashuvi haqida uchuvchiga xabar bergan, bir necha daqiqadan soʻng uchuvchi uni koʻrib turganini aytgan, deb yozadi nashr.
Dispetcher hujumga oʻtishga ruxsat berishi bilan bir vaqtda, tinch aholiga yaqinlashib kelayotgan havo zarbalari haqida ogohlantiruvchi odam bu hududda Rossiya samolyoti koʻringani haqida guvohlik bergan.
Shundan soʻng uchuvchi bomba tashlaganini aytgan, shifoxonani tasvirga olayotgan mahalliy jurnalistlar binoga uchta bomba kelib tushgani haqida xabar berganlar.
Koʻp oʻtmay, bir necha kilometr naridagi “Kafr Nabl” jarrohlik shifoxonasi ham zarba ostida qolgan.
Avvalgi zarbalarda boʻlgani kabi bu hujumda ham havoda Moskvaga tegishli samolyotlar qayd etilgan, shu bilan birga, Rossiya havo kuchlariga tegishli yozuvlarda uchuvchi nishonni moʻljalga olganini aytib, uch marta zarba bergan, bu haqda “Tayms” nashriga voqea guvohi boʻlgan shifokorlardan biri xabar bergan.
“Kafr Zita gʻori” va “Al Amal” ortopedik shifoxonalari ham ushbu 12 soat ichida Rossiya samolyotlari tomonidan bombardimon qilingan. Bu inshootlarning barchasi zarba berilmaydigan obyektlar roʻyxatiga kirish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) oʻz joylashuvi haqida xabar bergan edilar.
BMT bosh kotibi Antonio Guterrish oʻtgan oyda oʻz joylashuvi haqida xabar bergan Suriya shifoxonalariga hujum borasida ichki tergov olib borish rejalashtirilayotgani haqida aytib oʻtgan.
Joriy yilda BMTga aloqador oʻnlab tibbiy muassasalar bombalardan zarar koʻrgan yoki vayron boʻlgan. Rossiya fuqarolik inshootlarini qasddan bombalaganini rad etmoqda.
Rossiya mudofaa vazirligi matbuot kotibi Igor Konashenkov maqolaga munosabat bildirar ekan, “The New York Times” nashri “terrorchilar va Britaniya xavfsizlik xizmatlarining hiyla-nayrangi qurboni boʻlganini” aytgan.
“New York Times” maqolasini qoʻyidagi havolada oʻqishingiz mumkin.
Rossiyaning terror kampaniyasi
Ayni vaqtda Suriya inson huquqlari tarmogʻi (SNHR) Rossiya rejimini 2015-yildan beri Suriyada olib borgan harbiy operatsiyalari davomida “yuzlab harbiy jinoyatlar” sodir etganlikda aybladi.
Moskvaning Suriya mojarosiga harbiy aralashuvining toʻrt yilligi munosabati bilan inson huquqlari guruhi tomonidan 30-sentabr kuni eʼlon qilingan 40 sahifalik hisobotda taʼkidlanishicha, Rossiyaning harbiy operatsiyalari natijasida 6500 dan ortiq tinch fuqarolar halok boʻlgan.
Rossiya ushbu halokatlar uchun uzr ham soʻramagan, qurbonlardan birortasining oilasiga tovon puli ham toʻlamagan, deyiladi hisobotda. U kasalxonalar, fuqarolik mudofaasi inshootlari va turar-joy mavzelarini bombalayotganini inkor qilishda davom etmoqda.
Suriyalik faollar tomonidan joylarda toʻplangan dalillarga koʻra, soʻnggi toʻrt yil ichida Rossiya kuchlari tomonidan 6686 tinch fuqaro, jumladan 1928 nafar bola va 908 ayol oʻldirilgan.
Rossiyaning hujumlari natijasida halok boʻlganlar orasida tibbiyot va OAV xodimlari ham bor – 107 nafar tibbiyot va 21 nafar OAV xodimi hayotdan koʻz yumgan.
Hisobotga koʻra, Rossiya kuchlari urush vaqtida xalqaro konvensiyalar himoyasida boʻlgan kamida 1083 ta muhim obyektni, jumladan 201 ta maktab va 190 ta tibbiy muassasani bombardimon qilganlar.
Inson huquqlariga oid ushbu hisobot Suriya prezidenti Bashar Asad kuchlari tomonidan yana bir kimyoviy hujum uyushtirilgani tasdiqlangach, 26-sentabr kuni AQSH Rossiyaning Suriyadagi kontrabanda operatsiyasiga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishi ortidan eʼlon qilindi.
Asad rejimi 19-may kuni Latakiya viloyatida Idlibdagi isyonchilarning soʻnggi yirik istehkomini qaytarib olishga qaratilgan hujum chogʻida xlorin gazini ishga solgan.
Amerika Qoʻshma Shtatlari va Fransiya avvalroq ham kimyoviy hujum haqidagi gumonlarini bildirgan, ammo qoʻshimcha tekshiruvlar zarurligini aytib, rasmiy qaror qabul qilishni keyinga qoldirgan edilar.
Xalqaro tergovchilarga koʻra, Asad 370 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan fuqarolar urushida gʻolib boʻlish maqsadida, avvallari ham fuqarolik obyektlariga qarata bir necha bor kimyoviy qurol qoʻllagan.
Kremlning u yerda terrorchilik bilan shug‘ullanayotganiga shubha yoʻq edi.
Javob berishFikrlar 1