Karvonsaroy
Tahlil

Ukrainadagi muvaffaqiyatsizlik Putin rejimiga nisbatan ichki tahdidlarning kuchayganini fosh etmoqda

Kanat Altinbayev va AFP

28-mart kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan payt Lvov shahridagi bino balkonidan prezident Vladimir Putinning surati osilib turibdi. [Yuriy Dyachishin/AFP]

28-mart kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan payt Lvov shahridagi bino balkonidan prezident Vladimir Putinning surati osilib turibdi. [Yuriy Dyachishin/AFP]

OLMAOTA – Yaqinda ochiqlangan razvedka maʼlumotlari va Kremlga yaqin manbalarning alohida xabarlaridan maʼlum boʻlishicha, Ukrainaga bostirib kirish qarori ortidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishonchsizlik va hokimiyat uchun kurash muhitida qolgan.

Chorshanba (30-mart) kuni Oq uyning AQSH razvedkasi maxfiy maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, Putin Ukrainadagi urushning borishi haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlmagan va uning oʻz jamoasi bilan munosabatlari yomonlashgan.

Oq uyning jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha rahbari Keyt Bedingfild yuqori martabali AQSH mulozimining avvalgi bayonotini tasdiqlab, “bizdagi maʼlumotlarga koʻra, u Rossiya harbiylariga ishonib adashganini tushunib yetmoqda”, deb aytgan.

24-fevral kuni bosqin boshlanganidan bir oy oʻtib, Rossiyaning hujumi toʻxtab qolgandek koʻrinar ekan, soʻnggi kunlarda Ukraina kuchlari qator hududlarni, jumladan Kiyev yaqinidagi strategik ahamiyatga ega Irpen shahrini qaytarib olmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30-mart kuni Moskvada Ingushetiya viloyati hokimi bilan uchrashdi. [Mixail Klimentyev/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30-mart kuni Moskvada Ingushetiya viloyati hokimi bilan uchrashdi. [Mixail Klimentyev/Sputnik/AFP]

20-mart kuni Moskvada Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga norozilik bildirgan keksa ayol politsiya tarafidan hibsga olindi. [AFP]

20-mart kuni Moskvada Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga norozilik bildirgan keksa ayol politsiya tarafidan hibsga olindi. [AFP]

“Bizningcha, maslahatchilari Putinga Rossiya armiyasi qanchalik yomon harakat qilayotgani va sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga qanday ziyon keltirayotgani haqida notoʻgʻri maʼlumot bermoqda”, dedi Bedingfild.

“Putinning maslahatchilari Rossiya armiyasining yurishi va Ukrainaning qarshilik darajasi haqida unga haqiqatni aytishdan qoʻrqishadi” deb aytgan Britaniyaning GCHQ josuslik agentligi rahbari Jeremi Fleming payshanba kuni.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan soʻzlagan yuqori martabali AQSH mulozimining AFPga aytishicha, Putin Rossiya harbiylari va texnikasi katta talafotlarga duch kelgan Ukrainadagi janglarga muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar joʻnatilayotganidan ham bexabar boʻlgan.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Jazoirga safari chogʻida razvedka maʼlumotlari haqidagi savolga javob berar ekan, “avtokratiyalarda... bunday tizimlarda hokimiyatga haqiqatni gapiradigan odamlar boʻlmaydi” deb aytgan.

Bu xabarlar Rossiya prezidentiga yaqin deb koʻriladigan mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Putin bilan munosabatlariga oid savollar yuzaga kelgan bir paytda paydo boʻlmoqda.

Ismini oshkor qilmagan yuqori martabali AQSH mulozimlaridan birining aytishicha, “Putin va mudofaa vazirligi oʻrtasida uning vazirlik rahbariyatiga nisbatan ishonchsizligi tufayli kelib chiqqan doimiy keskinlik mavjud”.

Kreml ushbu razvedka maʼlumotlarini inkor etib, AQSH va Britaniya rasmiylari “Kremlda sodir boʻlayotgan voqealar haqida real maʼlumotga ega emasligini” aytdi.

“Ular prezident Putinni, qarorlar qabul qilish mexanizmini va bizning ish uslubimizni tushunmaydilar”, dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.

“Jiddiy yanglishuv”

Ayrim tahlilchilarga koʻra, Putinning asosiy muammosi dezinformatsiya emas.

Kremlda allaqachon hokimiyat uchun yashirin kurash boshlangan, deydi shvetsiyalik iqtisodchi va diplomat, turli vaqtlarda Ukraina, Rossiya va Qozogʻiston hukumatlariga maslahatchilik qilgan Anders Oslund.

“Putinning rejimi uzoqqa bormaydi. U endi hech kimga xizmat qilmayapti, hatto gʻazabdagi zolimga ham”, deb yozgan Oslund 24-mart kuni Tvitterda.

Ukrainaga botib qolgan Putin armiyasining ulkan talafotlarga uchragani va unga qarshi “birlashgan Gʻarb” tomonidan misli koʻrilmagan, keng koʻlamli iqtisodiy sanksiyalar joriy qilingani uning jiddiy yanglishganini koʻrsatib turibdi”, deydi bishkeklik siyosiy tahlilchi Askat Dukenbayev Karvonsaroy bilan suhbatda.

Putin Ukrainadagi magʻlubiyat uning shaxsan oʻzi uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunadi, dedi Dukenbayev.

Uni ruminiyalik Nikolay Chausheskudan tortib, liviyalik Muammar al-Qaddafiygacha boʻlgan taxtdan agʻdarilgan diktatorlarning qismati kutayotgan boʻlishi mumkin, deb qoʻshimcha qildi u mazkur liderlar oʻz xalqi tomonidan jazolanganiga ishora qilib.

Putin rejimi uchun ikki narsa tahdid solmoqda, dedi Dukenbayev. “Ukrainada choʻzilib ketgan urushdan charchagan Rossiya jamiyatida urushga qarshi kayfiyat kuchaymoqda va sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklardan norozilik avj olmoqda”.

“Odamlarning sabri qanchaga yetishini vaqt koʻrsatadi”, deb aytgan Dukenbayev.

“Ammo 1917 va 1991-yillarda tuzumni toʻntargan ikkita inqilob kabi ommaviy noroziliklar bilan bogʻliq misollarga boy Rossiya tarixi rossiyaliklarning sabri cheksiz emasligini koʻrsatadi.”

Ayrimlarning fikricha, rossiyaliklarning toqati deyarli toq boʻlgan.

“Rossiyaning siyosiy va biznes elitasi orasida Vladimir Putinga muxolif nufuzli shaxslar guruhi shakllanmoqda”, deb xabar bergan 20-mart kuni Ukraina mudofaa vazirligining razvedka bosh boshqarmasi Facebook sahifasidagi postda.

Bu guruh Putinni imkon qadar tezroq hokimiyatdan chetlatish va Gʻarb bilan iqtisodiy aloqalarni tiklashga intilmoqda, deb xabar bergan boshqarma.

Bu fitnaga Aleksandr Bortnikov rahbarlik qiladigan Federal xavfsizlik xizmati (FSB) ham aloqador, deb qoʻshimcha qilinadi xabarda.

“Mazkur reja zaharlash, kutilmagan kasallik yoki boshqa “baxtsiz hodisa” yordamida amalga oshirilishi mumkin”, deyiladi unda.

Mintaqaviy xavfsizlikka tahdid

Putinning oʻz yurtida ham yakkalanishi qachonlardir Kreml bilan doʻstona munosabatda boʻlgan davlatlar Rossiyadan yuz oʻgirayotgan paytga toʻgʻri kelgan.

Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganidan uch hafta oʻtib, Oʻzbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishini eʼlon qilgan.

Shuningdek, mamlakat 2014-yilda Rossiya Ukrainadan tortib olgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining mustaqilligini tan olmasligini aniq bayon qildi.

Qoʻshni Qozogʻiston ham Ukrainaning boʻlginchi viloyatlari mustaqilligini tan olishdan bosh tortgan.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) aʼzo davlatlar bojxona toʻlovlarini taqsimlashda AQSh dollaridan rublga oʻtishi haqidagi Moskva taklifi Qozogʻiston hukumati tarafidan rad etildi.

“Qozogʻiston respublikasida, shuningdek Armaniston va Qirgʻiziston respublikalarida import uchun bojxona toʻlovlari avvalgidek AQSh dollarida taqsimlanadi va hisoblanadi”, deb eʼlon qilgan Qozogʻiston hukumati 18-mart kuni.

Bundan tashqari, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda Moskva yetakchiligidagi YOIIni tark etishga oid chaqiriqlar kuchaymoqda.

Qozogʻiston oʻz obroʻsiga putur yetkazishning oldini olish uchun bu iqtisodiy ittifoq bilan birga, Rossiya bilan harbiy alyansni tark etishi kerak, deb aytgan olmaotalik siyosiy tahlilchi, Xavflarni baholash guruhi rahbari Doʻsim Satpayev Karvonsaroy nashriga.

Bir vaqtning oʻzida bunday qadamlar Rossiyaning Qozogʻiston suvereniteti va hududiy yaxlitligiga solayotgani xavfi va tahdidlari bilan bogʻliq, deb aytgan u.

Kreml rossiyalik siyosatchilarning ochiqdan-ochiq Qozogʻistonning shimoliy viloyatlarini bosib olish chaqiriqlariga koʻz yumib kelgan.

“Ayni vaqtda Putin mintaqaviy xavfsizlikka eng katta tahdidlardan biri”, deydi Satpayev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“Yaqinda ochiqlangan razvedka maʼlumotlari va Kremlga yaqin manbalarning alohida xabarlaridan maʼlum boʻlishicha” – qachondan beri qozoqlarda razvedka va Kremlga yaqin manbalar paydo boʻlib qoldi? :)

Javob berish

Yashasin Ukraina! Yashasin Bandera. Oxirgi ukrainalik qolgunicha Rossiyaga qarshi urishamiz. Gʻarb bizga yordam beradi.

Javob berish

Sanamay sakkiz dema...

Javob berish

Rossiya armiyasi oʻz-oʻzini sharmanda qildi. Maʼlum boʻlishicha, bu “dunyodagi ikkinchi armiya” emas, balki bomjlar va bezorilar toʻdasi ekan.

Javob berish

Rossiya qulash sari ketib bormoqda.

Javob berish