Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Ukrainadagi “harbiy jinoyatlar”: Rossiya Suriyada sinovdan oʻtgan taktikani takrorlamoqda

Karvonsaroy va AFP

22-mart kungi suratda Ukrainaning Nikolayev shahridagi Rossiya hujumiga uchragan ruhiy kasalliklar shifoxonasi aks etgan. [Bulent Qilich/AFP]

22-mart kungi suratda Ukrainaning Nikolayev shahridagi Rossiya hujumiga uchragan ruhiy kasalliklar shifoxonasi aks etgan. [Bulent Qilich/AFP]

YOXANNESBURG, Janubiy Afrika – Bir oy avval boshlangan mojaro tufayli tinch aholi orasidagi qurbonlar soni ortib borar ekan, Xalqaro Amnistiya tashkiloti 29-mart (seshanba) kuni Rossiyaning Ukrainadagi “harbiy jinoyatlarini” qoralab, vaziyatni Suriyadagi urushga qiyosladi.

“Ukrainada yuz berayotgan voqealar Suriyada koʻrganlarimizning takroridir”, deb aytgan xalqaro huquqbon tashkilot bosh kotibi Agnes Kallamar AFPga.

U Amnesty tashkilotining dunyodagi inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyatga oid yillik hisoboti bilan Yoxannesburgda chiqish qilgan.

“Gap betartib hujumlar haqida ketayotgani yoʻq. Biz fuqarolik infratuzilmasiga qasddan amalga oshirilayotgan hujumlar markazidamiz”, dedi u Rossiyani gumanitar yoʻlaklarni “oʻlim tuzogʻiga” aylantirayotganlikda ayblab.

Ukrainaning Nikolayev shahridagi qabristonda BM-27 “Uragan” reaktiv tizimidan uchirilgan kassetali bombalarni oʻz ichiga olgan 220 millimetrli raketaning portlamay qolgan qoldiqlari, 21-mart kungi surat. [Bulent Qilich/AFP]

Ukrainaning Nikolayev shahridagi qabristonda BM-27 “Uragan” reaktiv tizimidan uchirilgan kassetali bombalarni oʻz ichiga olgan 220 millimetrli raketaning portlamay qolgan qoldiqlari, 21-mart kungi surat. [Bulent Qilich/AFP]

Biz bu yerda Rossiya Suriyada qilgan narsalarni koʻrib turibmiz”, dedi u.

Amnesty tashkilotining Sharqiy Yevropa boʻyicha rahbari Mari Straters ham Parijda oʻtkazilgan boshqa brifingda Ukrainadagi tadqiqotchilar “Suriya va Chechenistondagi bilan bir xil taktikani”, jumladan tinch aholiga qaratilgan hujumlar va xalqaro qonunchilik tomonidan taqiqlangan qurollardan foydalanish holatlarini hujjatlashtirganini aytdi.

Qamaldagi Mariupol shahrini prezident Bashar Asad Rossiya havo kuchlari yordamida vayron qilgan Suriyaning Halab shahri bilan tenglashtirgan Kallamarning aytishicha, Amnesty “hozirgi vaqtda harbiy jinoyatlarining ortib borayotgani qayd etmoqda.”

Kasalxonalarni bombalash

9-mart kuni Rossiyaning Mariupoldagi bolalar kasalxonasini halokatli tarzda nishonga olgani – tibbiyot muassasalariga muntazam ravishda havodan zarbalar berilgan Suriya kabi mojaro hududlaridagi Kremlning davomli taktikasini aks ettiradi.

2011-yil mart oyida boshlangan urushda Rossiya Suriya hukumatining asosiy qoʻllab-quvvatlovchisi boʻlgan.

Rossiya 2015-yilda Suriyadagi fuqarolar urushiga aralashib, rejim kuchlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida havo hujumlari uyushtirdi. Uning harbiy koʻmagi mojaroni Asad foydasiga hal qilishga yordam berdi.

Kasalxonalarni bombalash – Kremlning harbiy strategiyasiga xos usul.

2019-yil iyun oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) oʻsha paytdagi gumanitar masalalar boʻyicha rahbari Mark Loukok Rossiya qoʻllovidagi Suriya rejimi kuchlari 2019-yil aprel oyi oxirida Suriyaning Idlib viloyatiga hujum boshlaganidan beri 23 dan ortiq shifoxonaga zarba berilganini aytgan.

Oʻsha yilning 20-iyunida Idlib janubida yaralangan ayolni olib ketayotgan tez yordam mashinasi havo hujumiga uchragan, natijada ayol va uch nafar tibbiyot xodimi halok boʻlgan.

Bir oy oʻtib, Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining Idlib mintaqasidagi tibbiy muassasalarga hujumlarni toʻxtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga qarshi chiqdi.

2019-yil noyabr oyida Rossiya va Suriya havo kuchlari Halab va Idlib viloyatlarida qutqaruv va tibbiy xizmatlar koʻrsatish bilan shugʻullangan kasalxona va fuqarolik mudofaa markaziga zarba berishi natijasida tinch aholi jabrlangan va ikkala obʼekt shikastlangan edi.

Shuningdek, Idlibning qishloq hududidagi tugʻruqxonaga ham havo zarbalari berilgan.

Rossiya radioyozuvlari, samolyotlarni kuzatish qaydnomalari va guvohlar koʻrsatmalarining tasdiqlashicha, 2019-yilda tibbiy inshootlarga qilingan hujumlar Bashar Asad rejimini qoʻllovchi kuchlar tomonidan amalga oshirilgan kattaroq rejaning bir qismi boʻlgan.

Rossiya bilan munosabatlarda “betaraflik” yoʻq

Oʻtgan hafta AQSH hukumati ochiq axborot va razvedka maʼlumotlari yordamida Rossiya harbiylarining Ukrainada harbiy jinoyatlar sodir etganiga oid qatʼiy dalillar toʻplaganini aytdi.

Birgina Mariupolning oʻzida 5000 ga yaqin jasad dafn etilgan, dedi dushanba kuni AFP agentligiga ukrainalik yuqori martabali rasmiylardan biri.

Kallamar Rossiyani “falaj holdagi xalqaro tizim” oldida “surbetlikda” aybladi. U Rossiya bilan munosabatlarda “betaraflik”dan voz kechishga chaqirdi.

Dushanba kuni bosh prokuror Irina Venediktovaning maʼlum qilishicha, Ukrainada Rossiya kuchlari mamlakatning ikki janubiy viloyatida taqiqlangan kassetali bombalar qoʻllagani haqidagi dalillar bor.

Kassetali bombalar hudud boʻylab oʻnlab mayda portlovchi moddalarga ajraladi, ularning ayrimlari oʻsha zahoti portlamasligi mumkin va mojaro tugaganidan keyin ancha vaqt oʻtgach, tinch aholiga tahdid soladigan piyodalarga qarshi minalarga aylanadi.

“Amnesty International” va “Human Rights Watch” tashkilotlari Ukrainada tinch aholi joylashgan hududlarda kassetali bombalar qoʻllanganiga oid dalillar toʻplaganini maʼlum qildi.

Bir oy oldin bosqin boshlanganidan beri ruslar Ukraina poytaxtini bombardimon qilishda shunday oʻq-dorilardan foydalangani haqidagi savolga javoban Venediktova aniq dalillarga ega emasligini, ammo tergov davom etayotganini aytdi.

“Ammo... bizda Odessa viloyati va Xerson hududida kassetali bombalar qoʻllanganiga oid dalillar bor”, dedi u.

Rossiya qoʻshinlarining Qora dengizdagi asosiy port shahri boʻlgan Odessaga yurishi qarshilikka duch kelgan.

Xerson – Rossiya kuchlari bosqin boshlanganidan beri egallab olgan yagona yirik shahar boʻlib turibdi, biroq Ukraina qoʻshinlari Rossiya tomonidan bosib olingan Qrim va Odessa oʻrtasidagi yoʻnalishda oʻrtacha kattalikdagi bu shaharni qaytarib olishga harakat qilganlar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya doim qatliom qilib kelgan. Menimcha Rossiyaning mavjud boʻlishga haqqi yoʻq.

Javob berish