Karvonsaroy
Diplomatiya

Pekinning Moskva bilan “mustahkam” ittifoq eʼlon qilishi ortidan Xitoyning Rossiyaga eksporti oshib bormoqda

Karvonsaroy va AFP

4-mart kuni Pekin koʻchalarining birida Rossiya va boshqa mamlakatlarga yuk joʻnatish reklamasi joylashtirilgan doʻkon yonidan oʻtib ketayotgan erkak. [Gektor Retamal/AFP]

4-mart kuni Pekin koʻchalarining birida Rossiya va boshqa mamlakatlarga yuk joʻnatish reklamasi joylashtirilgan doʻkon yonidan oʻtib ketayotgan erkak. [Gektor Retamal/AFP]

PEKIN – Rossiyaga eksport hajmi oshib borar ekan, xalqaro hamjamiyat Rossiyaning Ukrainaga davom etayotgan bosqinini qoralayotganiga qaramay, Xitoy dushanba (7-mart) kuni Pekin va Moskva oʻrtasidagi doʻstlik “mustahkam” ekanini aytdi.

Xitoy oʻtgan oy ikki davlat oʻrtasida “chegarasiz” strategik sheriklik haqida eʼlon qilganidan keyin oʻzining yaqin ittifoqchisi Moskvani qoralashdan bosh tortgan.

“Ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik mustahkam va tomonlarning kelajakdagi hamkorlik istiqbollari juda keng”, dedi tashqi ishlar vaziri Van I Xitoy rahbariyatining Pekinda boʻlib oʻtgan yillik siyosiy kongressi davomidagi matbuot brifingida.

Tashqi ishlar vaziri Xitoy-Rossiya munosabatlarini “dunyodagi eng muhim oʻzaro munosabatlar” deb taʼriflar ekan, ular “dunyo tinchligi, barqarorligi va taraqqiyotiga xizmat qilishini” taʼkidladi.

Shunday boʻlsa-da, oʻzaro iqtisodiy hamkorlik ulushi bir-biridan sezilarli farq qiladi. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda Xitoy yalpi ichki mahsuloti (14,7 trillion dollardan koʻproq) Rossiyanikidan (1,5 trillion dollardan kamroq) qariyb 10 baravar koʻp boʻlgan.

“Gazprom” va banklar Xitoyga yuzlanmoqda

Sanksiyalarning qatʼiylashuvi tufayli savdo hamkorlaridan mahrum boʻlgan Rossiyaing yirik korporatsiyalari endi Xitoyga orqa qilishga majbur.

Shu oyda Rossiyaning gaz sohasidagi giganti “Gazprom” Xitoyga yoʻnalgan quvurni loyihalash boʻyicha shartnoma imzolaganini aytar ekan, Rossiyaning yevropalik xaridorlarga qaramligini kamaytirishi mumkin boʻlgan yangi taʼminot kelishuvi tomon qadam qoʻygan.

Visa va Mastercard Moskvaga nisbatan misli koʻrilmagan sanksiyalar tufayli oʻz faoliyatini toʻxtatib qoʻygach, yakshanba kuni Rossiya banklari Xitoyning UnionPay tizimidan foydalangan holda karta chiqarishni rejalayotganini maʼlum qildi.

Van ularning norasmiy ittifoqi “uchinchi tomonning aralashuviga yoʻl qoʻymasligini” aytib, soʻnggi kunlarda Xitoyni mojaroda vositachilik qilishda faolroq boʻlishga undagan AQSH va uning Gʻarbdagi ittifoqchilarini ogohlantirgan.

Avstraliya bosh vaziri Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini “Xitoy uchun tanlov lahzasi” deb atab, Xitoyni oʻz ittifoqchisi Rossiyaning harakatlariga taʼsir qilishga va Pekinni global tinchlik tarafdori ekanini isbotlashga undagan.

Loui instituti tadqiqot markaziga intervyu bergan Skott Morrison “Hozirda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan zoʻravonlik tajovuziga hech qaysi davlat Xitoydan koʻra koʻproq taʼsir koʻrsata olmaydi”, deb aytdi.

Rossiyaning bosqini Xitoyni oʻziniki deb daʼvo qiladigan Tayvan oroliga nisbatan xuddi shunday harbiy choralar koʻrishga undaydimi-yoʻqmi, degan savol tahlilchilarni oʻylantirmoqda.

Eksport hajmi keskin oshmoqda

Dushanba kuni Xitoy bojxonasi eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, xalqaro talabning oʻsishi va Ukrainadagi urush arafasida Rossiya bilan savdo hajmining oshishi tufayli yanvar va fevral oylarida Xitoy eksporti jami 16,3 foizga koʻpaygan.

Oʻsish surʼati iqtisodchilarning oʻtgan yilga nisbatan 15,7 foizli oʻsish haqidagi prognozlaridan ham oshib ketgan.

Rossiyaga eksport hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 41 foizga koʻpaydi.

Yanvar va fevral oylarida Rossiyaga eksport Xitoyning asosiy savdo sheriklari orasida eng tez surʼatlarda oʻsib, Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan savdo hajmini ortda qoldirgan.

Rossiya, shuningdek, qoʻshnisidan energiya mahsulotlarini sotib oladigan Xitoy uchun ikkinchi yirik import manbaiga aylangan.

Xitoy bilan savdo 2014-yilda Qrim mintaqasini Ukrainadan tortib olgani uchun Gʻarb sanksiyalariga duchor boʻlgan Rossiya uchun qutqaruv chambaragi boʻlib xizmat qildi.

Oʻtgan oy oxirida boshlangan Ukrainaga bosqin ortidan Moskvaning xalqaro miqyosdagi izolyatsiyasi yanada chuqurlashdi.

Xitoy savdo vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Xitoy oʻn yildan oshibdiki, Rossiyaning eng yirik savdo sherigi boʻlib kelmoqda.

Ukrainadagi harbiy harakatlar boshlanishidan bir necha soat oldin Pekin Rossiyadan bugʻdoy importini tasdiqlagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500