Karvonsaroy
Terrorizm

Tadqiqotlar Markaziy Osiyoda radikallashuv va ekstremizm xavfi saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda

Aydar Ashimov

Afgʻonistondan Qozogʻistonga ekstraditsiya qilingan jangari Damir Znaliyev, 2017-yilning mart oyida Atirau aeroportida olingan surat. (KNB)

Afgʻonistondan Qozogʻistonga ekstraditsiya qilingan jangari Damir Znaliyev, 2017-yilning mart oyida Atirau aeroportida olingan surat. (KNB)

NUR-SULTON – Yaqinda Markaziy osiyolik tadqiqotchilar mintaqadagi radikallashuv va jangovar ekstremizm muammosiga bagʻishlangan ikkita tadqiqot natijalarini eʼlon qildilar.

Iyul oyida chop etilgan tadqiqotlar Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyoda mediasavodxonlikni oshirish, xabardorlik va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish orqali barqarorlik va tinchlikka hissa qoʻshish ” loyihasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan, deb xabar beradi 18-noyabr kuni Internews tashkilotining Qozogʻistondagi idorasi.

“Axborot oqimlari va Markaziy Osiyoda ekstremizmga yetaklovchi radikallashuv” deb nomlangan tadqiqot “Search for Common Ground” halqaro nodavlat tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan.

Tadqiqotdan maqsad, ekstremizmga xayrixohlik, tegishli axborot oqimlari va ishonchli axborot manbalarining mahalliy harakatlantiruvchi kuchlarini aniqlash va tahlil qilishdir.

12-noyabr kuni Nur-Sultonda Internews jamoasi Markaziy Osiyoda radikallashuv va jangovar ekstremizmga oid ikkita tadqiqotni taqdim etdi. (Internews)

12-noyabr kuni Nur-Sultonda Internews jamoasi Markaziy Osiyoda radikallashuv va jangovar ekstremizmga oid ikkita tadqiqotni taqdim etdi. (Internews)

Tadqiqot bir necha bosqichda olib borildi.

Tadqiqotchilar dastavval mavjud va ochiq hujjatlar, hisobotlar va OAV materiallaridan foydalandilar. Ular umumiy hisobda ikki yuzdan ortiq suhbatlar oʻtkazdilar. Ulardan 46 tasi mutaxassislar va 155 tasi asosan yoshlar, ayollar va ishchi migrantlardan iborat oddiy aholi vakillaridan olingan. Shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda ham qator tadqiqotlar olib borilgan.

“Suriya va Iroqdagi jangovar harakatlar uchun eng koʻp yollanma jangchilar “etishtirib bergan” Markaziy Osiyo radikallashuv, ekstremizm va terrorchilik tahdidi mavjud boʻlgan mintaqaga aylandi”, deyiladi tadqiqotda.

Unda aytilishicha, “jangarilarni oʻzi tugʻilgan mintaqalarga qaytarish, odamlarni radikallashtirish va yangi guruhlarning faollashuvi mintaqa uchun jiddiy tahdid boʻlib qolmoqda”.

Tadqiqot mualliflari Oʻzbekiston va Turkmaniston boʻyicha tadqiqot olib borish qiyinligini eʼtirof etib, bu borada “faqat cheklangan darajada tavsiyalar bera olishlarini” aytganlar.

Tadqiqot ekstremizmga xayrixohlikning uchta asosiy omilini aniqlagan: bular siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy omillardir.

Siyosiy omillar sirasiga davlat idoralarining adolatsizligi, etnik diskriminatsiya va repressiv tuzumlar kiradi.

Iqtisodiy sabablar ishsizlik, qarzdorlik, nochorlik va tez boyib ketish istagini oʻz ichiga oladi.

Zamonaviy qadriyatlardan norozilik, mutloq adolatli va solih hayotga intilish hamda narigi dunyodagi mukofot kabilar esa mafkuraviy sabablar jumlasidandir.

Markaziy Osiyoda jangovar ekstremizm

Markaziy Osiyodagi jangovar ekstremizmga bagʻishlangan ikkinchi tadqiqot esa Kanadaning The SecDev Group tashkiloti va Qirgʻizistonning “Internet siyosati boʻyicha fuqarolik tashabbusi” jamoat fondi tomonidan olib borildi.

Tadqiqot mualliflari terrorchi guruhlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari qonunchiligi va internetda jangovar ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilganlar.

“Markaziy Osiyo mamlakatlarida terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq ishlarda sudlarning shaffofligi past. Ekstremizmga oid jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish, mahkamalar va sud qarorlari toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni olish koʻpincha imkonsiz”, deyiladi tadqiqotda.

Tadqiqotda aytilishicha, nazoratning kuchaytirilishiga javoban ekstremistik guruhlar ijtimoiy tarmoqlardagi taktikalarini oʻzgartirmoqda.

“Ochiqdan ochiq jangovar ekstremizmni targʻib qiluvchi sahifalar juda kam”, deyiladi unda.

“Aniqlangan akkauntlar va sahifalardagi informatsion-mafkuraviy koʻrsatmalar faol ravishda musulmonlarning zulmga uchrayotgani va odatda, Telegram kabi yopiq ijtimoiy tarmoqlardagi shifrlangan chatlar va kanallarga eʼtibor qaratadi.”

Aniq takliflar

“Bir necha oy davom etgan keng qamrovli tadqiqotlar oʻtkazildi. Bu ulkan ish boʻlib, uning natijalari Internews tashkilotning kelajakdagi loyihalari uchun ham, Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat idoralari va jamoat tashkilotlari faoliyati uchun ham foydali boʻladi”, deydi chimkentlik diniy mutaxassis Murat Argimbayev.

Uning taʼkidlashicha, tadqiqot xulosalari radikallashuv va jangovar ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha aniq tavsiyalarni oʻz ichiga olgan boʻlib, ular muhim ahamiyatga ega.

Tadqiqotlar natijalariga koʻra, jurnalistlarga din bilan bogʻliq nozik mavzulardagi bilimlarini oshirish tavsiya etilgan, dedi u.

“Davlat idoralariga profilaktika ishlarini olib borishda maqsadli guruhlarni toʻgʻri aniqlash va media-savodxonlik boʻyicha treninglar oʻtkazish kabi tavsiyalar berilgan”, dedi Argimbayev.

“Unda tadqiqotchilar va donorlik tashkilotlari uchun bir qancha foydali koʻrsatmalar bor. Jangovar ekstremizmga qarshi kurash sohasida ishlaydigan har bir odam ushbu tadqiqotlarni oʻrganib chiqishi va tegishli xulosalar chiqarishi kerak”, dedi u.

“Shuningdek, olib borilgan tadqiqotlar qonunga xilof materiallarning tarqalishiga qarshi kurashni kuchaytirish, joylarda loyihalarni amalga oshirishga jamoatchilikni jalb qilish va aholining tegishli bilimlarini oshirish zarurligini koʻrsatmoqda”, dedi Argimbayev.

“Hamkorlikda amalga oshiriladigan bu choralar barqaror ijobiy natijalarga olib keladi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu kabi umumiy gaplar va silliq xulosalarning bari amalga oshirilayotgan loyihaning grant mablagʻlariga oʻtirib olgan xonaki qozoq va qirgʻiz “mutaxassislari”ning gʻarblik sodda va goʻl boyvachchalar uchun moʻljallangan eski dogma va ertaklaridan boshqa narsa emas. “Aholining qashshoqligi”, “etnik zulm”, “hukumatning adolatsizligi” va boshqalar – hammasi siyqasi chiqqan dogmalar; ular deyarli samarasiz va foydasiz. Xitoyning Shinjon-Uygʻur avtonom hududida boʻlayotgani kabi bio-raqamli texnologiyalarni joriy qilish, psixotron minoralar, tunu-kun uzluksiz videokuzatuv, chiplashtirish va h.k. – targʻibotning yangi konsepti shu. Harqalay, bu xonadonma-xonadon yurib, odamlarni masjidga juma namoziga borishga daʼvat qilgan vaqtda ular aytadigan gap bu. Aynan “raqamli qullik”ni joriy qilish va “axborot konsentratsiya lagerlari”ni yaratish jarayoni Markaziy Osiyo mamlakatlarida etnosiyosiy va diniy barqarorlikni vayron qilishga qodir humkron ekstremistik doktrinaga aylanishi mumkin.

Javob berish

Gaplaringizga toʻliq qoʻshilaman

Javob berish