BISHKEK – Ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanishlariga qaramasdan, qirgʻiz yoshlari onlayn ekstremistik tashviqotni ajrata olmaydilar, deb ogohlantirmoqda mutaxassislar.
Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida faoliyat yurituvchi Markaziy Osiyoda Tinchlikni saqlash va media texnologiyalari maktabi nodavlat tashkilotiga koʻra, Qirgʻizistondagi yoshlar ekstremistik tashkilotlarning noqonuniy faoliyati haqida juda kam ma’lumotga ega.
Qirgʻizistonda oʻtgan yili oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, 61 foiz yoshlar “ijtimoiy tarmoqlarda tarqatiladigan axborotlarga ishonishini”, soʻralganlarning 31 foizi esa bu kabi xabarlarni gohida oʻqishini bildirgan, 8 foiz respondentlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli xabarlarga qanchalik ishonish mumkin ekaniga aniq javob berishga qiynalgan.
“Bizning yoshlarimiz oʻta himoyasiz“, dedi parlament a’zosi Yevgeniya Strokova Karvonsaroyga. “Maktab va universitetlarda ta’lim sifatini oshirishga e’tiborni kuchaytirish juda muhim. Biz yoshlar orasida soʻnggi yillarda yuzaga kelgan madaniy boʻshliqlarni, ular noqonuniy tashkilotlar vakillari tomonidan toʻldirilmasidan avval oʻzimiz toʻldirishimiz lozim”.
Onlayn ekstremistik harakatlarni aniqlash
600 ming qirgʻiz fuqarosi ijtimoiy tarmoqlarga a’zo boʻlgan va ulardan 400 mingdan ortigʻi oʻz akkauntlarga kirish uchun smartfon va planshetlardan foydalanadi, deb xabar beradi Bishkek shahridagi Internet siyosati boʻyicha fuqarolik tashabbusi guruhi. Internetdan foydalanuvchilarning aksariyati 18-35 yoshlar orasidagi insonlardir.
Hukumat rasmiylarining bildirishicha, ekstremistik unsurlar Markaziy Osiyo va Rossiyada mashhur boʻlgan Odnoklassniki kabi saytlarda anchayin faol darajada noqonuniy faoliyat yuritmoqdalar. Soʻnggi yillarda ekstremizm da’vatchilari Telegram va WhatsApp kabi xabar almashish xizmatlaridan faol foydalanishni boshlaganlar.
Ekstremistik materiallar joylangan veb-saytlar va akkauntlarni aniqlash uchun 2015-yilda mamlakat Bosh prokuraturasi bir nechta davlat organlari vakillari va yosh faollardan iborat ishchi guruhni tashkil etdi. Ularning vazifalariga kerakli davlat organlari chora koʻrishlari uchun shu kabi onlayn materiallarni Internetda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda qidirish kabilar kiradi.
2017-yilda huquqni muhofaza qilish organlari diniy va etnik toqatsizlikni targ‘ib qilish uchun foydalanilgan bir nechta akkauntlarni fosh etdi.Ushbu onlayn akkauntlarga aloqador shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻtgan yili Qirgʻizistonda man etilgan tashkilotlar va harakatlarning gʻoyalarini yoygan 20 dan ortiq akkaunt va sahifalarni aniqladi. Amaliyot yakunlariga ko‘ra, veb-mutaxassislar nafrat va toqatsizlikni targ‘ib qiluvchi 60 dan ortiq foto va 20 ta videoni oʻchirib tashlaganlar.
Rasmiylar yagona strategiyadan foydalanishga chaqirmoqda
Terrorchilik va ekstremizga qarshi kurashda umumiy axborot strategiyasini ishlab chiqish juda muhim, dedi Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov 4-dekabr kungi nutqida.
U Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasiga (DMXQ) radikal harakatlar a’zolariga nisbatan profilaktik choralarni koʻrishni kuchaytirish, bunda ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik gʻoyalar yoyilishining oldini olishga katta e’tibor qaratish vazifasini yukladi.
“Oʻtgan hafta biz universitetimizda ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha mashgʻulot oʻtkazdik” dedi oʻzining oʻqish joyini sir saqlagan Bishkeklik talaba qiz Aynagul Qodirova Karvonsaroy bilan suhbatda.
“Biz yangi qonunlar haqida va ekstremistlar ijtimoiy tarmoqlardan qanday foydalanishlari haqida bilib oldik”, dedi u. “Bu ma’lumotlar men uchun yangilik boʻldi. Men doʻstlarim bilan juda koʻp vaqtimni ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazaman va ekstremistik oqimlarning ta’siriga tushib qolishim mumkinligini hech o‘ylamaganman”.
“Endi esa ma’lumotlar bilan qurollanganman, demak - himoyalanganman”, dedi u.
Qonunchilik xavfsizlik samaradorligini kuchaytirmoqda
2016-yilda Qirgʻiziston ekstremizm va terrorchilikning oldini olishdagi kurashda davlat rolini kuchaytiruvchi bir necha qonunlarni qabul qildi. Masalan, parlament xavfsizlik xizmatlariga sud qarorisiz 3-5 kun ichida ekstremistik materiallar joylangan veb-saytlarni bloklashga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi.
Shuningdek, 2016-yilda, oʻsha paytdagi prezident Almazbek Atambayev xalqaro terrorizm va ekstremizmga aloqador jinoyatlarni sodir etganlik uchun beriladigan jazolarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunlarni imzoladi.
Qonunchilikdagi asosiy yangiliklardan biri - ekstremistik va terrorchilik faoliyatini ochiqchasiga ma’qullaganlik uchun jarimalar va omma oldida terrorchilikka chaqiruv yoki uni oqlaganlik uchun jinoiy jazolarning kiritilishi boʻldi.
Ushbu qonunlarning qabul qilinishiga 2016-yil iyun oyida yuz bergan voqea turtki boʻldi -oʻshanda Qorasuv shahri rasmiylari oʻsha vaqtda 21 yoshda boʻlgan Abdulloh Nurmatovni ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik faoliyatni ma’qullagani va ekstremistik materiallarni saqlagani uchun qamoqqa olishgan edi. U 1 yillik sinov muddatiga hukm qilingan edi.
Oʻsha yilning oʻzida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va DMXQ sudlarga ekstremistik va terrorchilik gʻoyalarini tashviq qilgan veb-saytlarni bloklash boʻyicha 13 ta soʻrovnoma yubordi. 2016-yilda, umumiy hisobda, sudlar Qirgʻizistondagi 86 ta veb-saytga kirishga taqiq qoʻydi.