OLMAOTA – Shu kunlarda Qozog‘istonda kutilmagan rassomlar ijodi ekspozitsiyasi ochildi: bu yerdagi rasmlar ijodkorlari sobiq ekstremist mahbuslardir.
“Pavlodar viloyati qamoqxonasi mahbuslari bo‘lgan bu odamlar bilan besh yil davomida reabilitatsiya ishlarini olib borganmiz”, dedi Pavlodar viloyati dinlararo aloqalarni rivojlantirish va tahlil qilish markazi rahbari Gulnaz Razdikova Karvonsaroy nashriga. “Bu ruhshunos, imomlar va diniy arboblarning kundalik tinimsiz mehnatlari samarasidir.”
Razdikova va uning guruhi turli qamoqxonalardagi ekstremizm va terrorizmga aloqador jinoyatlarda ayblangan 80 ga yaqin mahbus bilan ish olib bordi.
Ularning aksari Qizilo‘rda, Chimkent, Olmaota viloyati va Atiraudan bo‘lgan yigitlar, ayrimlari esa 2016-yilda Oqto‘beda sodir etilgan halokatli terrochilik hujumi ishtirokchilari, dedi u.
Psixologik konsultatsiya vaqtida mahbuslar o‘z qilmishlariga javobgarlikni his qilishdi, dedi u.
Mutaxassislar ularning o‘z qadrini tushunib yetishi ustida ishladilar, ularga har bir inson o‘zgarishi mumkinligini tushuntirishga harakat qilishdi. Shu bilan birga, ularda tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga katta e’tibor berildi, aynan shu narsaning yetishmasligi ularning radikal oqimlarga kirib qolishiga sabab bo‘lgan, dedi Razdikova.
O‘sish imkoniyati
Razdikovaning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta shunday muolajalardan keyin 23 nafar mahbus ko‘rgazmada ishtirok etish istagini bildirgan.
Terrorizmda ayblanib, jazo muddatini o‘tayotgan 18 dan 50 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar Pavlodar viloyati san’at muzeyida o‘z asarlarini namoyish etdilar.
“Ko‘rgazmadan maqsad, har bir ishtirokchiga o‘nglanish uchun imkoniyat berish”, deydi Razdikova.
“Ular jamiyat bilan muloqot qilishni, qilmishlari va qarashlari uchun o‘zlarini oqlashni istaydilar”, dedi u. “Ular o‘z yaqinlariga shunchaki jazo muddatini o‘tamayotganliklari, balki butunlay yangi inson bo‘lib tarbiyalanayotganliklarini aytishimizni so‘raydilar.”
Razdikovaning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rgazmaga jami 900 kishi tashrif buyurgan. Ularning aksariyatini o‘quvchilar va talabalar, shuningdek, mahbuslarning qarindoshlari tashkil etgan. Tadbir ishtirokchilari orasida Qozog‘iston rassomlar uyushmasi a‘zolari ham bor edi. Ular ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlarni yuqori baholadilar.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarni og‘ir jinoyatlar sodir etgan insonlarning san’atga moyilligi va layoqati lol qoldirdi, dedi Razdikova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, suratlarda qozoq xalqining urf-odat va an’analari, jumladan, yorqin milliy liboslardagi erkak va ayollar, masjidlar, tabiat manzaralari, Oq O‘rda (prezident saroyi) kabi davlat ramzlari aks ettirilgan.
Ektremistik qarashlarni o‘zgartirish
Zahiradagi KNB (Milliy xavfsizlik qo‘mitasi) polkovnigi, olmaotalik Arat Narmanbetovga ekstremistlarni reabilitatsiya qilishga oid juda ko‘p materiallarni o‘rgangan bo‘lishiga qaramay, bunday ko‘rgazmaga ilk marotaba duch kelayotganini aytadi.
“Axloq tuzatish muassasalaridagi tarbiyaviy ishlar rasmiyatchilik bilan olib borilishini inobatga olganda, bu boshlanishi uchun ajoyib natija deb o‘ylayman”, dedi u Karvonsaroyga. “Bunday faoliyat qo‘llab-quvvatlanishi zarur, sababi u insonni ich-ichidan o‘zgartirishga qodir”.
“Psixoterapevtik davolash va professional darajadagi reabilitatsiya ishlari natijasida tarbiyalanuvchilarda ijodiy qobiliyat rivojlanadi”, deydi Olmaotadagi Markaziy Osiyodagi psixoanaliz instituti direktori Anna Kudiyarova.
“Rasmlar yorqin, bu reabilitatsiyadan o‘tayotganlarning ichki dunyosi o‘ta boy ekanligidan darak beradi”, dedi u. “Mahbuslarda o‘ylash uchun vaqt bo‘lgan va ular eskicha qarashlarni o‘zgartirganlar”.