Karvonsaroy
Atrof muhit

O‘zbekistonda fermerlarga yordam berish maqsadida eskirgan irrigatsiya infratuzilmasi modernizatsiya qilinmoqda

Jahon banki

Bo‘ston kanalini modernizatsiya qilishda ishtirok etayotgan ishchilar, sanasiz surat. (Jahon banki)

Bo‘ston kanalini modernizatsiya qilishda ishtirok etayotgan ishchilar, sanasiz surat. (Jahon banki)

QORAQALPOG‘ISTON – Keskin ob-havo sharoitlari O‘zbekiston shimoli-g‘arbidagi yirik sahrolar bilan o‘ralgan Qoraqalpog‘iston avtonom respublikasi uchun odatiy holdir.

Qishda bu yerda havoning harorati 20 daraja sovuqqa tushishi mumkin, yozda esa osongina 50 daraja issiqqacha ko‘tariladi. Hudud yil davomida deyarli yomg‘ir ko‘rmaydi.

Shunday og‘ir ob-havo sharoitida ham Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Janubiy Qoraqalpog‘istondagi Bo‘ston irrigatsiya kanalini modernizatsiya qilish ishlari to‘xtagani yo‘q.

“Oltindan qimmat”

Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash loyihasi Qoraqalpog‘istonning Beruniy, Ellikqal‘a va To‘rtko‘l tumanlarini qamrab oladi.

Bo‘ston irrigatsiya kanalining loyiha doirasida tiklanadigan qismi. (Jahon banki)

Bo‘ston irrigatsiya kanalining loyiha doirasida tiklanadigan qismi. (Jahon banki)

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal‘a tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro, sanasiz surat. (Jahon banki)

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal‘a tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro, sanasiz surat. (Jahon banki)

Bo‘ston irrigatsiya kanalining qurilish xaritasi. (Jahon banki)

Bo‘ston irrigatsiya kanalining qurilish xaritasi. (Jahon banki)

29 yoshli Islombek Ismatov qurilish maydonidagi kundalik operatsiyalarga bosh-qosh.

Ismatov Ispaniyadagi universitetni tugatib, energetika sohasida magistr darajasini olgach, O‘zbekistonga qaytib kelgan. U Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlovchi Jahon banki loyihasi bilan shartnoma imzolagan mahalliy qurilish kompaniyasiga ishga kirdi.

Ismatov o‘z ishiga jiddiy mas’uliyat bilan yondashdi. Qurilish maydonida ish qalashib yotganidan, hatto, o‘tgan yili yozda farzandining tug‘ilishiga bora olmadi.

“Kompaniyamiz bu yil Bo‘ston kanali bo‘ylab qurilish ishlarini yakunlashni rejalashtirmoqda”, deydi u. “Uning yordamida Janubiy Qoraqalpog‘istonning bir necha tumanidagi minglab fermerlar o‘z yerlarini sug‘orishlari mumkin”.

“Bu mintaqada suv taqchilligi sabab, u tilladan qimmat”, deydi u.

Qashshoqlik va oziq-ovqat tanqisligi

Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning eng qashshoq mintaqalaridan biri bo‘lib, bu yerdagi qashshoqlik darajasi 32 foizni tashkil qiladi.

Sovet davrida boshlangan va inson salomatligi, iqtisodiy va ekologik inqirozga olib kelgan Orol dengizining qurish jarayoni mintaqaga jiddiy ziyon yetkazgan.

Suv resurslaridan samarasiz foydalanish hamda irrigatsiya va drenaj tizimlarining yomonlashuvi sug‘oriluvchi yerlarda suv va tuproq sho‘rlanishi darajasining ortishiga, chang bo‘ronlari va ichimlik suvi sifatining pasayishiga olib keldi.

Buning natijasida mahalliy aholi oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekdi, ko‘pchilik shunday og‘ir sharoitlarda yashashga yoki boshqa yerlarga ko‘chishga majbur bo‘ldi.

Baliqchilik sanoatining inqirozi hamda qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta‘lim sohalaridagi muammolar tashqi migratsiyaning ortishiga olib keldi. Qoraqalpog‘istondagi mehnatga layoqatli aholining 30 foizga yaqini ish izlab qo‘shni Qozog‘iston va Rossiyaga ketgan.

Viloyat iqtisodiyoti bugungi kunda asosan paxta, chorvachilik va poliz ekinlarini yetishtirish orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda, biroq bu ham asosan sug‘orish tizimlariga bog‘liq bo‘lib, ularning aksariyati samarasiz boshqarilmoqda.

Shu bois ham, sug‘orish tizimini takomillashtirish mahalliy aholini qashshoqlikdan olib chiqishda muhim omil hisoblanadi.

Irrigatsiya va drenaj tizimlarini keng ko‘lamli rivojlantirish ishlari O‘zbekistonda o‘tgan asrning 50-yillarida, yirik gidrotexnik inshootlar, suv omborlari va sug‘orish tizimlarini barpo etish bilan boshlangan edi. Biroq, mazkur infratuzilma hozirda ancha eskirgan.

Infratuzilmaning yomonlashuvi va suv resurslarining samarasiz boshqarilishi tufayli, mamlakat yiliga 1,7 milliard dollar (13 trillion so‘m) yo‘qotishi taxmin qilinadi.

Va’da qilinayotgan qulayliklar

Loyiha hududidagi suv ta’minotining 40 foizi Amudaryodan suv oladigan 3 ta yirik va 20 ta suv ustiga qurilgan nasos stansiyalariga asoslangan.

Nasoslar suv tortish uchun ishlatadigan 1 yillik energiya bahosi 2,4 mln. AQSH dollarini tashkil qiladi.

Nasoslarga bog‘liqlikni kamaytirish uchun loyiha doirasida Tuyamo‘yin suv omboridan keladigan o‘zioqar tizimni ishga tushirish va quyi Amudaryo bo‘ylab ishlayotgan nasos stantsiyalarini demontaj qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa har yili 160 ming kishilik shahar iste’mol qilishi mumkin bo‘lgan elektr energiyasini tejashga imkon beradi.

Bo‘ston irrigatsiya kanalining 70 kilometrlik qismi modernizatsiya qilinadi, bu suv isrofini 50 foizga qisqartirish va Amudaryodan olinadigan suv miqdorini kamaytirishga yordam beradi.

Sug‘orish ta‘minoti ishonchliroq bo‘lishi bilan birga, fermerlar paxta va bug‘doydan besh baravar ko‘proq daromad keltiradigan meva va sabzavotlar kabi yuqori qiymatli o‘simliklarni yetishtirishlari mumkin bo‘ladi.

Loyihani amalga oshirish natijasida, 1500 ta fermer xo‘jaligi va 40 mingta kichik oilaviy fermer xo‘jaliklari ishonchli suv taqsimotidan bahramand bo‘ladilar.

Qayta ishlash sohasidagi imkoniyatlar

Loyiha doirasida aholi bilan maslahatlashuv chog‘ida fermerlar irrigatsiya tizimining yaxshilanishi nafaqat fermer xo‘jaliklarida, balki qayta ishlash sohalarida ham yangi ish o‘rinlari yaratishga imkon berishini ta’kidladilar.

Sharbatlar, murabbo va pishloq ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini (meva-sabzavot, sut va go‘sht mahsulotlari) saqlash va qadoqlash sohalari shular jumlasidandir. Bunday mahsulotlar ichki bozorda sotilishi yoki eksport qilinishi ham mumkin.

Ismatov 2018-yil “katta yutuqlar yili” bo‘lishiga astoydil ishonmoqda.

Shu yil yozda quruvchilar jamoasi uzoq kutilgan suvni Qoraqalpog‘iston dalalariga olib keladigan Bo‘ston kanalidagi rekonstruksiya ishlarini yakunlaydi.

Ushbu vazifani yakunlagach, Ismatov o‘z oilasi bag‘riga qaytishni va o‘g‘lining ilk tavallud kunini nishonlashni rejalashtirmoqda.

(Jahon banki o‘zining http://www.worldbank.org/terms sahifasida ko‘rsatilgan shartlar asosida ushbu materialdan foydalanishga ijozat bergan).

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Drenaj kanallari shu darajada sayozki, Ellikqalʼadagi bir nechta yaylov va mozorni suv bosgan. http://uza.uz/oz/society/orolga-uyilishi-kerak-b-lgan-suv-aerga-o-mo-da-yekhud-suv-os-30-07-2019

Javob berish

Samarasiz emas, bu aslida suv resurslarini mas’uliyatsiz boshqarish.... Davomi matn bo‘yicha...

Javob berish

Bular boʻyicha aniq maʼlumotlarni qayerdan olamiz?

Javob berish