https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/06/27/feature-01
| Terrorizm

Afgʻon qamogʻidan ozod qilingan tojik ayoli qanday qilib IDga aldanganini soʻzlab berdi

Neʼmatullo Mirsaidov

image

Suratdagi ayol – afgʻon qamogʻida boʻlgan Nodira Usmonova Soʻgʻd viloyati, Bobojon Gʻafurov tumanidagi oʻzi tugʻilib oʻsgan Isfisor qishlogʻida yangidan hayot boshlamoqda, 18-iyun, Isfisor qishlogʻi. (Neʼmatullo Mirsaidov)

SOʻGʻD VILOYATI, TOJIKISTON – Turmush oʻrtogʻi bilan terrorchilik harakati safiga qoʻshilgan va afgʻon qamogʻiga tushib qolgan 31 yashar tojik ayoli Nodira Usmonova oʻta ogʻir sinovlardan soʻng yurtiga qaytish imkoniyatini qoʻldan bermadi.

Iyun oyi boshida u bir, sakkiz va oʻn yoshli uchta farzandi farzandi bilan Afgʻonistondan vataniga qaytarildi, bunda afgʻon hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilgan tojik diplomatlari va xavfsizlik xizmati xodimlari jonbozlik koʻrsatdilar.

Usmonova 9-iyundan Soʻgʻd viloyati, Bobojon Gʻafurov tumanidagi oʻzi tugʻilib oʻsgan Isfisor qishlogʻida yangidan hayot boshlagan.

“Bizni aldashdi”

“Begona yurtda, bomba tagida qolish yoki daydi oʻqdan halok boʻlishdan qoʻrqib yashar edik”, deydi Usmonova. “Kim kimga qarshi va nima uchun jang qilayotganini bilib boʻlmaydi. Toʻkinlik va vaʼda qilingan narsalarning daragi yoʻq edi. Bizni aldashdi.”

image

Usmonova farzandlari bilan afgʻon qamogʻidagi turmush oʻrtogʻi Farhodni ziyorat qilmoqda, iyun oyida efirga uzatilgan afgʻon televideniyesi koʻrsatuvidan olingan kadr.

“Islom davlati” (ID) daʼvatchilarining tuzogʻiga dastlab uning eri Farhod Usmonov ilingan, keyinroq Usmonovaning oʻzi Afgʻonistondagi IDning Xuroson boʻlimiga qarashli yerlarga kelib, terrorchilik tarmogʻi aʼzolari bilan bogʻlangan.

Oʻtgan yilning avgust oyida tolibonlar ularni qoʻlga olib, 5 oy davomida Bodgʻis viloyatidagi qishloqda ushlab turganlar. Yanvar oyi boshida esa qishloqni oʻz nazorati ostiga qaytarib olgan Afgʻoniston hukumat qoʻshinlari juftlikni Kobuldagi 501-qamoqxonaga topshirganlar.

U ID safiga qoʻshilish bilan Tojikiston qonunlarini buzganini tan oldi, ammo vataniga qaytib, qilmishlari uchun chin dildan pushaymon boʻlgani uchun avf etildi. Tojikiston jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, prokurorlar xorijdagi jangovar harakatlarda ishtirok etish bilan bogʻliq jinoiy ishni bekor qilish huquqiga ega.

Ayolning Kobulda hibsda qolayotgan eri Afgʻoniston yoki Tojikistonda qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, uning masalasi Afgʻoniston sudi yoki ikki mamlakat hukumatining qaroriga bogʻliq boʻladi.

Hammaning hikoyasi shunday boshlanadi

Usmonovning taqdiri tinchgina ishlash oʻrniga Suriya, Iroq va Afgʻonistondagi urushga borib qolgan koʻpchilik migrantlarnikiga oʻxshash.

U ekstremistlar tomonidan internet orqali ongi zaharlangan va yollangan odamlardan biri.

Otasi Islom va onasi Oʻgʻiloyning soʻzlariga qaraganda, dunyoviy qarashlarga ega Usmonovni hech kim ekstremistlar taʼsiriga tushib qoladi, deb oʻylamagan edi.

2000-yillar boshida Isfisor va ishsizlikdan qiynalgan boshqa tojik qishloqlardan ham minglab fuqarolar xorijga ish izlab ketganlar.

Usmonov Moskvada ish beruvchilar bilan aloqaga chiqqanlardan biri edi. U har yili bahorda Rossiyaga ishlash uchun ketar va qishda uyiga qaytar edi.

U 2008-yilda uylandi va oʻziga uy qura boshladi. U rejalari katta edi.

Hammasi yaxshi ketayotgandek edi, Usmonovning ota-onasi uning qarashlarida hech qanday oʻzgarish sezmagan. Uning masjidga qatnashi, Qurʼon oʻqib turishini ular yaxshilik deb bilganlar.

Usmonovni terrorchilarga safiga qoʻshish uchun qanday qilib aynitishgani uning oʻzigagina maʼlum. Afgʻoniston sudi uning koʻrsatmalarini kutmoqda.

(Maqolaning 28-iyun kuni chop etilajak ikkinchi qismida Usmonovning oilasi qanday qilib Afgʻonistonga borib qolgani va Tojikiston hukumati, imomlari, nodavlat tashkilotlarning radikallashuvga qarshi kurash boʻyicha saʼy-harakatlari haqida hikoya qilinadi.)

Sizga maqola yoqdimi?
4
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha