Karvonsaroy
Xavfsizlik

Sobiq istehkomlarda hayot oʻz maromiga qaytar ekan, afgʻon kuchlari jangarilar qoldiqlarini taʼqib qilmoqda

Xolid Zeray

Nangarhor viloyatining Achin tumanidagi afgʻon askarlari, 29-iyul. [Xolid Zeray]

Nangarhor viloyatining Achin tumanidagi afgʻon askarlari, 29-iyul. [Xolid Zeray]

JALOLOBOD – Bir vaqtlar “Islom davlati” (ID) Xuroson boʻlinmasining qarorgohi boʻlgan Nangarhor viloyatida hayot oʻz maromiga qaytar ekan, bu yer aholisi oʻz uylarini qayta tiklamoqda.

Ammo, afgʻon kuchlari parokanda boʻlgan terrorchilik guruhiga bosim oʻtkazishda davom etar ekan, guruhning yaqinda sodir etilgan bir qator qonli hujumlarni oʻz zimmasiga olishi ortidan ularning qolgan vakillarini taʼqib qilmoqda.

Nangarhordagi Afgʻoniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (ANDSF) guruhni ortga chekinishga majbur qilar ekan, “ID Xuroson” 2019-yil noyabr oyida oʻz magʻlubiyatini tan olgani haqida bayonot bergan.

Guruhga qarshi olib borilgan davomli operatsiyalar tufayli qolgan aʼzolar harakati cheklanib, guruhning daromad manbalari qisqargan, deb xabar berdi Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilari 27-may kuni.

22-sentyabr kungi suratda Afgʻonistonning nomaʼlum hududida toʻplangan ID jangarilari aks etgan. [File]

22-sentyabr kungi suratda Afgʻonistonning nomaʼlum hududida toʻplangan ID jangarilari aks etgan. [File]

“ID Xuroson” boʻlinmasining aksar jangarilari qoʻlga olingan yoki oʻzlari taslim boʻlgan, qolganlar esa, jumladan, ayrim yetakchilar afgʻonistonlik harbiylar taʼqibidan qochib yashiringan.

Avgust oyida afgʻon hukumati “ID Xuroson” bosh qozisi Abdulloh Oʻrakzayning Afgʻoniston maxsus razvedka kuchlari tomonidan oʻldirilgani haqida xabar bergan. Voqea qachon va qayerda sodir boʻlgani ochiqlanmagan.

Oʻrakzay shu oy boshida “ID Xuroson” oʻz zimmasiga olgan va kamida 29 kishining oʻlimiga sabab boʻlgan Jaloloboddagi qamoqxonaga qarshi hujum ortida turgan, deb xabar beradi Milliy xavfsizlik boshqarmasi (MXB).

Shu bilan birga, Afgʻoniston maxsus kuchlari shu oy avvalida Kobul universitetidagi qonli hujumni tashkillashtirgan ikki gumondorni qoʻlga olgan va yana birini yoʻq qilgan. Bu haqda 16-noyabr kuni rasmiylar xabar berganlar.

“Eng asosiy tashabbuskor” boʻlgan Muhammad Odil Kobul universitetida 2-noyabr kuni sodir etilgan va kamida 22 kishining hayotiga zomin boʻlib, 27 kishini jarohatlagan hujum uchun javobgar. ID bu hujum uchun masʼuliyatni ham oʻz zimmasiga olgan edi.

Hukumat vakillariga koʻra, Odil 22-oktyabrda gʻarbiy Kobulning Dashti Barchiy mahallasidagi Kavsari Donish taʼlim markaziga qilingan hujumni ham tashkillashtirgan. Bu xudkushlik hujumida 24 nafar odam oʻlgan va 50 dan ortiq kishi jarohatlangan, ularning aksariyati yosh talabalar edi.

Qochqindagi ID

ID aʼzolarini qoʻlga olish choralari davom etmoqda, deydi Nangarhor viloyati bosh politsiyachisi, general Gʻulom Sanaiy Stanakzay.

“Ikki yarim yil avval hech kim IDni magʻlub boʻladi, deb oʻylamagandi”, deydi Stanakzay. “Hozirda u Nangarhorga tahdid solmayapti.”

“ID Shinvariy hududida ayniqsa kuchli edi”, deya qoʻshimcha qiladi u. “Oʻz nazoratini Pacheragam va Xogyaniy tumanlariga ham kengaytirishga harakat qildi.”

“ID-Xuroson Tora-Borada qolishga harakat qildi, u yerdagi gʻorlar xavfsiz qarorgoh boʻlib xizmat qilishi mumkin edi, ammo bizning harbiy kuchlarimiz va safarbarlik guruhlari ularni bu hududdan siqib chiqardi.”

ANDSF kuchlari IDga shiddatli zarba bergach, ularning ayrim aʼzolari yashirindi, yuzaga chiqishi bilan esa qoʻlga tusha boshladi, deydi Nangarhor viloyati hokimining oʻrinbosari Habiba Kakar.

“Bizning MXB kuchlarimiz har oy olib borilgan operatsiyalar davomida IDning bir qator jangarilarini, jumladan, muhim vakillarini ham qoʻlga olishdi va bu tadbirlar davom etmoqda”, dedi u.

“ID jangarilari Nangarhorda yana paydo boʻlmasligiga ishonchim komil”, dedi u. “Ular shunday qilishga urinyapti, ammo harbiy kuchlarimiz ularning koʻzini ochirmaydi.”

IDga qarshilik: mahalliy aholi nima deydi

Bir vaqtlar “ID Xuroson” boʻlinmasiga qarshi kurashgan Nangarhor viloyati aholisi normal hayotga qaytmoqda.

“ID Xuroson” boʻlinmasi 2014 yil oxirida Achin, Haska Mino va Nazian tumanlarida paydo boʻlgan edi. Bir necha oy ichida terrorchilar Nangarhordagi 12 ta qabila boshligʻini oʻldirishgan va bu bilan mahalliy aholining gʻazabiga duchor boʻlgan.

“ID Kot tumaniga kelib, katta koʻprikda tinch aholini qatl qilganidan keyin biz unga qarshi chiqishga qaror qildik”, deydi tumandagi Barkotda yashovchi Nazar Muhammad qabila boshliqlari oʻlimidan keyin ID Xuroson boʻlimiga qarshi koʻtarilgan gʻalayonni nazarda tutib.

“Qurollarimizni olib IDga qarshi jang qilishni boshladik. Ikki yarim yil ichida IDni tor-mor etib, Kot tumanidan chiqarib yubordik.”

“Birlashmaganimizda ular bizni birma-bir yoʻq qilishar edi. Endi tinch hayotda yashayotganimizdan mamnunmiz”, deydi u.

“ID hokimiyatni qoʻlga olgan vaqtlar falokatli edi”, deydi “ID-Xuroson” tufayli koʻpchilik oila aʼzolari va qarindoshlarini yoʻqotgan qabila oqsoqoli Malak Kamin.

“Odamlar uyini tark etib, boshqa joyda ijarada yashashga majbur boʻldi. Koʻp qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazdik, och-nahor uxlagan kunlarimiz ham boʻldi”, dedi u oʻz mahallasini eslab. “Allohning marhamati bilan ID magʻlub boʻlganidan keyin oʻz uylarimizga qaytib, osoyishta hayotimizni davom ettiryapmiz.”

“Gorgoray IDning qarorgohlaridan biri edi”, deydi Haska Mino tumanida yashovchi Fazal Muhammad Shinvariy.

Shinvariy “ID Xuroson” hukmronligi vaqtida mina portlashi natijasida vayron boʻlgan uyini yaqinda tiklab olgan.

“Bu bozor olti-yetti yil avval gavjum boʻlgan, ammo ID kelganidan keyin bu yerdagi doʻkonlarda bazalar, qozixonalar ochilgan va odamlarni qatl qilgan”, dedi u.

“Ayrim uylar xaroba boʻlsa-da, u yerda odamlar yashayapti, chunki ularni ijara uylardan yaxshiroq deb bilishadi”, deydi u. “Endi IDdan qoʻrqish yoʻq va odamlar tinch yashashlari mumkin.”

ID bilan boʻlgan toʻqnashuvlar natijasida vayron boʻlgan uylarni tiklash jarayoni davom etmoqda, hukumat yordami bilan ID yoʻq qilgan oʻnlab uylar tiklandi, deydi Nangarhor hokimining matbuot kotibi Otaulloh Xogyaniy.

“Achin va Kot tumanlarida aksar odamlarning uyi qayta qurildi, prezidentning maxsus koʻrsatmasi boʻyicha yana koʻpi tiklanadi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500