MOSKVA -- Rossiya Mudofaa Vazirligi seshanba kuni (14-noyabr) AQSH harbiylari Yaqin Sharqda “Islom davlati”ga (IS) ko‘mak berayotgani haqida tasvirlarni e’lon qilgan edi. Ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu tasvirlarning videoo‘yindan olinganini aniqladilar.
Vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari xabar berishicha, oq-qora tasvirlar 9-noyabr kuni Suriya-Iroq chegarasi yaqinida tushirilgan va “rad etib bo‘lmaydigan dalillarga ko‘ra, AQSH ID jangari guruhlarini himoya qilmoqda” deya taqdim etilgan.
Ammo Moskvada joylashgan Conflict Intelligence Team (CIT) nodavlat tashkiloti ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bilan birga rasmlardan birini “AC-130 Gunship Simulator: Special Ops Squadron” o‘yini tasvirlari bilan tezda solishtirib chiqdi.
Twitterda chop etilgan boshqa rasmlar 2016-yili Falluja yaqinida Iroq harbiy havo kuchlari jangarilarni bombalayotgani haqidagi Iroq Mudofaa Vazirligi videoga tushirgan rolikdan olingan, deydi HNT.
AFP ham Rossiya Mudofaa Vazirligi yuborgan rasmlarini YouTube'dagi videoo‘yin tasvirlari bilan solishtirib, bir xilligini tasdiqladi.
Rasmlar keyinroq vazirlikning Twitter va Facebook sahifalaridan o‘chirilgan.
“Yolg‘on devori”
Moskvadagi AQSH elchixonasi Twitterda “ID bilan hamkor deya videoo‘yin va boshqa davlat hududidagi harbiy amaliyotlarning eski fotolaridan foydalanib, bizni ayblayotgan Rossiya Mudofaa Vazirligining asossiz da’volariga AQSh vaqt ketkazib o‘tirmoqchi emas” deb yozdi.
AQSHning mudofaa ishlari bo‘yicha vakili, polkovnik Rayan Dillon Rossiyaning bayonotini “yolg‘on devori” deb atadi va “bu ularning havo kampaniyalari kabi aniq” deb ta’kidladi.
“Men buni albatta tekshirib ko‘rolmayman, ammo, fotolardan biri videoo‘yindan olingani haqidagi xabarni ko‘rdim” dedi u. “Shuningdek, bu ko‘rib turgan holatimiz ruslarning [Mudofaa Vazirligining] xabari dalilsiz, noaniq va yolg‘on ekanligini ko‘rsatadi”.
Shu yilning avvalida turli ommaviy axborot vositalari televizion intervyu davomida Afg‘onistonda toliblar bilan kurashayotgan amerikalik harbiylar video lavhasini Suriyadagi Rossiya harbiy-havo kuchlari sifatida ko‘rsatib yuborilgani uchun Vladimir Putinni ayblashgan edi.
Kreml Putinning amerikalik rejissor Oliver Stounga intervyu davomida noto‘g‘ri kadrlarni ko‘rsatganini inkor etgan edi.
O‘zingizning hamma gaplaringiz yolg‘on, aldoqchilar
Javob berishFikrlar 1