VASHINGTON – Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning AQSHga qilgan rasmiy safari AQSH va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi “yangi bosqich” deya ta’riflanmoqda.
16-yanvar, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan Nazarboyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuv “davlatlar orasidagi munosabatlarda yangi bosqichning boshlanishi bo‘lib, allaqachon muhim natijalarni qayd etishga ulgurdi”, deb xabar beradi Kazinform nashri Qozog‘istonning bosh tahlil markazi bo‘lgan Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti olimlarining so‘zlaridan iqtibos keltirib.
Oq uy bayonotiga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari Ostona va Vashington o‘rtasidagi “kengaytirilgan strategik sheriklik” masalasini muhokama qildilar hamda “siyosat va xavfsizlikka oid masalalar, savdo va sarmoyalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga qaror qildilar.”
Shu bilan birga, ular “insonlararo munosabatlar bo‘yicha oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarni Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti doirasida” kuchaytirishga kelishib oldilar.
Nazarboyevning AQSHga qilgan safari “ayni vaqtdagi xalqaro kontekstda juda muhim”, deb xabar qoldirgan Qozog‘iston senati raisi Qosim-Jomart Tokayev o‘zining tvitter sahifasida.
“Nazarboyev tashrifining muhim natijasi – XXI asrda Qozog‘iston va AQSH o‘rtasida kengaytirilgan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidir”, dedi u.
“Qozog‘istonga ishonsa bo‘ladi”
Amerika Qo‘shma Shtatlari ba Qozog‘iston Markaziy Osiyo ichra o‘ziga xos munosabatlarga ega, dedi seshanba kuni, AQSHning Qozog‘istondagi sobiq elchisi Uilliam Kortney Ozod Yevropa/Ozodlik (RFE/RL) radiosiga bergan intervyusida.
Iroqda AQSH tomonida kurashgan ko‘pmillatli harbiy kuchlar orasida Qozog‘iston askarlari, minalardan tozalash bo‘linmasi – Markaziy Osiyodan qatnashgan yagona bo‘linma edi.
Xorijda harbiy hozirlikka ega bo‘lish Qozog‘istonning “nafaqat mintaqaviy, balki global rol” o‘ynayotganidan darakdir, dedi u.
“Qozog‘istonning kuchli tomoni shundaki, u … iqtisodiy siyosat, siyosiy xavfsizlik va boshqa sohalarda mo’tadil an’analarga ega”, dedi u. “Mintaqada qanday o‘zgarish yuz bermasin, Qozog‘istonning mo’tadil va pragmatik yondashuviga shubha qilmasa ham bo‘ladi.”
Terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish
Nazarboev va Trump “ikki tomonlama mudofaa va xavfsizlik munosabatlarini chuqurlashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlashda o‘zaro hamkorlik, logistika yo‘nalishlarini kengaytirishga qaratilgan qator bitimlarni imzolash niyatida ekanini ta’kidladi” deb xabar beriladi Oq uy bayonotida.
Shuningdek, ular Internet tarmog‘ida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi “global hamkorlik uchun zamin yaratish” maqsadida Qozog‘istonning kiberjinoyatlarga qarshi konventsiyasiga qo‘shilishdan manfaatdorligini muhokama qildilar.
“Bunday ko‘p tomonlama kelishuvlarda qatnashish xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik va axborot almashuvini yanda mustahkamlaydi” deyiladi bayonotda.
Ikki davlat rahbarlari Markaziy Osiyodagi umumiy muammolarni C5+1 muloqoti (Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Amerika Qo‘shma Shtatlari) kabi mintaqaviy formatda hal qilishga kelishib oldi.
“Ular Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga va mintaqada siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishga qaror qildilar”, deyiladi bayonotda.
2015-yildan boshlab, AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mintaqaviy hamkorlik uchun foydalaniladigan C5+1 formati butun mintaqa uchun foydalidir, deydi Uralskdan bo‘lgan siyosatshunos Yvgeniy Kruykov Karvonsaroy nashriga.
Ikki rahbar kelajakda Afg‘oniston ham C5+1 loyihalarida ishtirok etishini ma’qulladi, deyiladi Oq uy bayonotida.
Qozog‘istonda 7 milliard dollarlik AQSH loyihalari mavjud
Vashingtonga tashrifi chog‘ida Nazarboyev amerikalik biznesmenlar bilan uchrashar ekan, AQSH Qozog‘iston mustaqil bo‘lganidan beri uning iqtisodiga 50 milliard dollar (16,2 trillion qozoq tengesi) miqdorida sarmoya kiritganini ta’kidladi, deb xabar beradi 17-yanvar kuni Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati.
Qozog‘istonda 500 dan ortiq qisman yoki to‘liq Amerika boshqaruvidagi kompaniyalar, jumladan Chevron, Exxon Mobil, General Electric va Halliburton faoliyat yuritadi, dedi Nazarboyev.
“AQSH iqtisodiyotimizning eng yirik sarmoyadori va bizning strategik hamkorimiz”, deydi ostonalik iqtisodchi Madiyar Uteshev Karvonsaroy nashriga. “2017-yilda AQSH va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo hajmi 2 milliard AQSH dollariga (648,9 milliard qozoq tengesi) teng bo‘ldi.”
Nazarboyev va Tramp adolatli va o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va ikki tomonlama savdo va investitsiyalar hajmini oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ikki davlat rahbarlari “aviatsiya va fazoviy tadqiqotlar, neft-kimyo va qishloq xo‘jaligi sohalari, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan umumiy qiymati 7 milliard AQSH dollariga (2,3 trillion qozoq tengesi) teng 20 dan ortiq hujjatni imzoladilar”, deb xabar beradi Nazarboyev matbuot xizmati.
Qozog‘iston dunyoning “10 ta yetakchi neft ishlab chiqaruvchilari” qatorida bo‘ladi
Nazarboev AQSH energetika vaziri Rik Perri bilan uchrashdi va ikki mamlakatning energetika sohasidagi aloqalarini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi, deb xabar beradi Akorda nashri.
Nazarboyev Qozog‘istonning AQSH bilan neft va gaz sohasidagi mustahkam hamkorligini ta’kidlab o‘tdi hamda Tengiz va Qashag‘an konlaridagi loyihalariga alohida e’tibor qaratdi.
U Qozog‘istonning ishlab chiqarish qobiliyatini oshirish uchun investitsiya kiritishga chaqirdi.
“Qozog‘iston bir necha yil ichida Tengiz va Qashag‘an konlari sababli dunyoning 10 ta yetakchi neft ishlab chiqaruvchilari qatorida bo‘lishi mumkin”, dedi Kortni RFE/RL xabariga ko‘ra. “Qo‘shma Shtatlar ham yirik neft ishlab chiqaruvchi hisoblanadi va Qozog‘iston bilan yaqin muloqotni davom ettirishdan manfaatdor.”
(Maqolani tayyorlashga Tarazdan Aleksander Bogatik o‘z hissasini qo‘shdi.)