https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/09/20/feature-01
| Atrof muhit

Markaziy Osiyo tabiiy ofatlarga qarshi moliyaviy barqarorlikni oshirish choralarini ko‘rmoqda

Janon banki

image

Xo‘jand – Markaziy Osiyoning eng qadimgi shaharlaridan biri bo‘libgina qolmay, shimoliy Tojikistondagi muhim sanoat, ilmiy va madaniy markaz hamdir. (Stuhlberger/Zoï Environment)

MARKAZIY OSIYO – Tabiiy ofatlar nima ekanligini yaxshi biladigan Markaziy Osiyo aholisi xavflarni kamaytirishga qaratilgan xalqaro dasturlar afzalliklaridan bahramand bo‘lmoqda.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda aholisi eng ko‘p shahar hisoblangan Toshkent 1966-yilda 7,5 ballik zilzila natijasida vayron bo‘lgan, 300 mingdan ortiq odam o‘z boshpanasini yo‘qotgan edi. Turkmaniston poytaxti Ashxobod ham 1948-yilda 7,3 ballik zilzilani boshdan kechirgan, minglab odamlar halok bo‘lgan. Tojikiston poytaxti Dushanbe va Qozog‘istonning eng yirik shahri – Olmaota ham 1907 va 1911-yillarda jiddiy yer silkinishlariga guvoh bo‘lgan.

Bugungi kunda bu shaharlar jiddiy seysmologik xavf ostida bo‘lgan boshqa shaharlar va aholi punktlari qatorida mintaqaning madaniy va iqtisodiy taraqqiyoti markazlariga aylangan. Bu yerda qattiq qurg‘oqchilik va ekstremal harorat mintaqadagi asosiy muammolardan sanaladi.

Masalan, 2008-yilda qishning o‘ta sovuq kelishi Tojikistonda 2 million kishini qiyin ahvolda qoldirib, gumanitar inqirozni keltirib chiqardi.

image

Iqlimning global isishi qishloq aholisining turmush tarziga ta’sir qilmoqda. Quruq ob-havo cho‘ponlarni yaxshiroq o‘tloqlari bo‘lgan baland-baland tog‘larda qo‘y boqishga majbur qiladi. Ushbu sanasiz suratda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi yaylovlardan biri aks etgan. (Marat Sayranbayev)

image

Tojikiston shimolidagi So‘g‘d viloyatida meva-sabzavot sotayotgan tojik ayoli, sanasiz surat. Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi xavfga moyil sohalardan biri hisoblanadi. (Stuhlberger/Zoï Environment)

Bu kabi kam uchraydigan va vayronkor hodisalardan tashqari, Markaziy Osiyoning 70 milliondan ortiq aholisining hayoti va faoliyatiga suv toshqinlari, yer va qor ko‘chkilari, sellar kabi boshqa halokatli xavflar ham tahdid soladi. Oqibatlari bartaraf etilgan taqdirda ham ular mahalliy va milliy budgetlarga zarba berishi, iqtisodiy rivojlanishga zarar yetkazishi va aholi zaif qatlamlarining nochorlashuviga olib kelishi mumkin.

Jiddiy moliyaviy xavflar

Tabiiy ofatlar Markaziy Osiyo hukumatlari uchun jiddiy moliyaviy tahdidlarni yuzaga keltirmoqda. Jahon banki (JB) hisob-kitoblariga ko‘ra, Qirg‘izistonda zilzilalardan ko‘riladigan yillik zarar 200 mln. AQSH dollarini tashkil qiladi. Shuningdek, har yili iqtisodiyotga suv toshqinlaridan 60 mln., yer ko‘chkilaridan esa 2,6 mln. dollarlik ziyon yetadi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo aholisining qariyb 25 foizi qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritadi – bu suv toshqini yoki qurg‘oqchilik kabi gidrometeorologik falokatlarga moyil bo‘lgan tarmoqlardan biridir.

2000-2001-yillardan beri mintaqadagi qurg‘oqchilik Markaziy Osiyo va Kavkazdagi besh mamlakatda qishloq xo‘jalik mahsulotlarining nest-nobud bo‘lishi natijasida ko‘rilgan zarar 800 million dollardan ortiqni tashkil etdi. Tojikistonda ushbu yo‘qotishlar YIMning 4,8 foiziga to‘g‘ri keldi va mamlakatdagi joriy kamomadning oshishiga sabab bo‘ldi.

Markaziy Osiyoda yana bir muhim iqtisodiy faoliyat bo‘lgan savdo sohasi ham tabiiy ofatlar tufayli doimiy xavf ostida qolmoqda.

Masalan, mintaqa janubidagi tog‘li hududlardan o‘tadigan asosiy savdo trassasi (M41) ham har yili yer, tosh va qor ko‘chkilari, sellardan aziyat chekadi, natijada ushbu muhim hayotiy arteriya bo‘ylab harakat sekinlashadi yoki butunlay to‘xtaydi.

Iqlim o‘zgarishlari Markaziy Osiyo shaharlarining ekologik barqarorligi, infratuzilmaviy yaxlitligi va va rivojlanishga tahdid soladi. Bunday holatlar Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari uchun og‘ir moliyaviy qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.

Xavfga qarshi kurashdagi innovatsiyalar

Markaziy Osiyo mamlakatlarining tabiiy ofatlarga qarshi moliyaviy barqarorligini oshirishga ko‘maklashish maqsadida Jahon banki va boshqa hamkorlar ofatlar xavfini boshqarishning manzilli choralari qatorida, mintaqada tabiiy ofatlar xavfini moliyalashning innovatsion mexanizmlari ustida ish olib bormoqda.

Misol uchun, Jahon banki Qirg‘izistonda yaqinda tashkil etilgan davlat sug‘urta tashkilotiga xususiy mulkni tabiiy ofatlardan majburiy sug‘urta qilish dasturini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.

Dastlabki natijalar esa umidbaxsh: 2017-yilning may oyida O‘sh viloyatida yuz bergan zilziladan so‘ng, 40 dan ortiq ko‘chmas mulk egalariga jami 6,8 mln. qirg‘iz so‘miga (100 ming AQSH dollari) teng sug‘urta pullari to‘langan.

Bundan tashqari, yaqinda Tojikistonda tabiiy ofatlardan so‘ng strategik moliyalash platformasini ishlab chiqishga oid investitsiyaviy loyiha tasdiqlangan bo‘lib, u hukumatga tabiiy ofatlar uchun moliyaviy rejalashtirishni yaxshilashga ko‘maklashadi. Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoda barqarorlikni oshirishga qaratilgan qo‘shimcha mintaqaviy choralar ham rejalashitirilgan, ular ham ofatlar xavfini moliyalash elementlarini o‘z ichiga oladi.

“Bu kabi tashabbuslar xavf-xatarlarni moliyalash vositalarini aniqlash va dunyoning boshqa davlatlarida muvaffaqiyat qozongan mexanizmlarni o‘rganish orqali halokatli hodisalardan himoyalanishga yordam beradi”, deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk.

Jahonning ilg‘or tajribasi

Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirishga oid mazkur sa’y-harakatlar jahon miqyosidagi ko‘plab tadqiqotlar va eng ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan.

Misol uchun, Qirg‘izistonda bardoshlilikni oshirish loyihasi doirasida Jahon banki va Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va qutqarish jamg‘armasi (GFDRR) iyun oyida Qirg‘iziston vakillari Turkiya va Ruminiyadan kelgan hamkasblari bilan tajriba almashdilar.

Mashg‘ulotlar davomida so‘nggi yillarda Turkiya falokatlarni sug‘urta qilish birlashmasi (TCIP) va Ruminiya Tabiiy ofatlarga qarshi sug‘urta birlashmasi (PAID) tomonidan amalga oshirilgan tabiiy ofatlardan majburiy sug‘urta dasturining muhim jihatlariga e’tibor qaratildi. Bu dastur Turkiyaning 48, Ruminiyaning esa 20 foiz aholisini qamrab olgan.

Markaziy Osiyo davlatlarida yuz beradigan tabiiy ofatlar darajasi va ko‘lami hisobga olinsa, tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirish barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim elementi bo‘lib qolmoqda.

(Jahon banki guruhi http://www.worldbank.org/terms veb-sahifasida ko‘rsatilgan shartlar asosida ushbu meterialdan foydalanishga ijozat bergan)

Sizga maqola yoqdimi?

3
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha *