https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/12/18/feature-01
50 nafar afgʻon ayoli Qozogʻiston va Oʻzbekiston universitetlarida tahsil oladi
| Energiya

100 MVtlik quyosh elektrostansiyasi Qozogʻistonda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish hajmini oshiradi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki

image

Quyosh panellarini oʻrnatayotgan ishchilar, sanasiz surat. “SES Saran” MCHJga qarashli quyosh elektr stansiyasi Markaziy Osiyoda shu paytga qadar barpo etilgan eng yirik stansiya boʻladi. Inshoot Qozogʻistonda yangilanuvchi energiya ishlab chiqarish hajmini qoʻshimcha 100 MVtga oshirish va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid gazini yiliga 93,5 tonnaga kamaytirishga yordam beradi. (YTTB)

QARAGʻANDA, Qozogʻiston – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va Yashil iqlim jamgʻarmasi (GCF) Qozogʻistonda yangi quyosh elektrostansiyasini barpo etmoqda.

Qaragʻanda viloyatidagi mazkur inshoot Markaziy Osiyoda shu paytga qadar barpo etilgan eng yirik quyosh elektrostansiyasi boʻladi. U Qozogʻistonda yangilanuvchi energiya ishlab chiqarish hajmini qoʻshimcha 100 MVtga oshirish va karbonat angidrid gazlari chiqishini yiliga 93,5 tonnaga kamaytirishga yordam beradi.

Loyiha Qozogʻistonda roʻyxatga olingan va Germaniyaning Joachim Goldbeck Holding GmbH kompaniyasiga tegishli “SES Saran” MCHJ ixtisoshlashtirilgan kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

YTTB stansiyaning qachon qurib bitkazilishiga aniqlik kiritmagan.

28-noyabr kuni Ostonada Qozogʻiston va YTTB rasmiylari quyosh elektrostansiyaga oid loyihaviy va kredit bitimlarini imzoladilar.

YTTBning moliyalash vositalari 51,3 mln. AQSH dollariga teng (19 mlrd. tenge) milliy valyutadagi kreditni, shuningdek, Janubiy Koreyaning Yashil iqlim jamgʻarmasining 22,2 mln. AQSH dollariga (8,2 mlrd. tenge) teng kreditini oʻz ichiga oladi.

Quyosh energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha yetakchilik

Qozogʻiston yaqin yillardan beri mintaqada quyosh energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi boʻlishga urinib kelmoqda.

YTTBga koʻra, mazkur loyiha mamlakatning qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi salohiyatini oshirishga va tarixan davlat tuzilmalari nazoratida boʻlib kelgan energetika sohasida xususiy sektorning oʻrnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yangi quyosh elektrostansiyasi, shuningdek, Qozogʻistonda zaharli gazlar miqdorini kamaytirishga oid milliy rejalar, shuningdek, YTTBning yashil iqtisodiyotga oʻtish strategiyasiga koʻmaklashadi.

Loyiha YTTB va Yashil iqlim jamgʻarmasining Qozogʻistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari boʻyicha dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun investitsiyalar hajmini oshirish, texnik xizmat koʻrsatish, energetik integratsiya, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, uglevodorodlar bozoridagi siyosat va rejalashitirish uchun institutsional salohiyat yaratishni koʻzda tutadi va Yashil iqlim jamgʻarmasining umumiy qiymati 110 mln. AQSH dollariga (40,8 mlrd. tenge) teng sarmoyasini oʻz ichiga oladi.

Loyiha 2017-yilda imzolangan anglashuv memorandumiga muvofiq, YTTB va Qozogʻiston energetika vazirligi oʻrtasida qayta tiklanadigan energiya sohasini rivojlantirish va Qozogʻistonning emissiya savdo sxemasi boʻyicha hamkorlikni kengaytirishni koʻzda tutadi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) 2006-yildan beri oʻzining GET strategiyasi uchun 26,7 milliard yevro (11,2 trillion tenge) ajratgan, bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga toʻgʻridan-toʻgʻri va kredit liniyalari orqali 6,3 milliard yevro (2,6 trillion tenge) ajratilgan, shuningdek, umumiy quvvati 10 ming MVtga teng yangilanuvchi energiya manbalari oʻrnatilgan.

YTTB bugungi kunga qadar Qozogʻiston iqtisodiyotidagi 246 loyihaga 7,5 milliard yevrodan (3,1 trillion tenge) ortiq investitsiya kiritgan. Xususiy sektorni diversifikatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash YTTBning mamlakatdagi ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

Sizga maqola yoqdimi?
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha