NATOning barcha 29 a’zosiga koʻra tarixiy shartnomani buzayotgan va butun dunyodagi yadroviy xavsizlikka tahdid solayotgan qanotli raketani yo‘q qilish bilan Rossiya Qisqa va o‘rta masofaga uchuvchi raketalar haqidagi (INF) shartnoma talablariga javob berishi uchun sanoqli kunlar qolayotgan bir vaqtda bosim tobora kuchaymoqda.
Qo‘shma Shtatlar Rossiyagan SSC-8/9M729 qanotli raketasi tizimini yo‘q qilishi uchun 2-fevralga qadar muddat bergan, agar Moskva bu shartga javob bermasa, olti oy ichida 1987-yil imzolangan bitimdan chiqib ketish bilan tahdid qilgan.
O‘tgan hafta Jenevada AQSH va Kreml rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralar natija bermadi. Uchrashuv davomida Amerika Rossiyani g‘irromlik va mujmallikda ayblagan bo‘lsa, Moskva qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi.
Rossiyaning raddiyalari
Kreml bir necha bor raketaning bitimga zid ekanligini rad etdi va o‘z da’vosini tasdiqlash maqsadida chorshanba (23-yanvar) kuni Moskva yaqinida joylashgan Kubinkadagi “Patriot” xiyobonida raketani namoyish qildi.
Rossiyaning artilleriya va raketa qo‘shinlari rahbari Mixail Matveevskiyning so‘zlariga ko‘ra, raketaning uchish masofasi uzogʻi bilan 480 kilometrni tashkil qiladi. INF shartnomasi esa 500 kilometrdan 5500 kilometrgacha uchish masofasiga ega raketalarni taqiqlaydi.
“Rossiya doim shartlarga javob berib kelgan, hamon shartnoma talablariga qat’iy javob berishda davom etmoqda va hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qoymaydi”, dedi u xorijiy OAV xodimlari va harbiy rasmiylarga qurolni namoyish qilish chog‘ida.
Rossiya brifingda 21 nafar xorijlik harbiy mansabdor boʻlganini, biroq NATO mamlakatlaridan birorta ham vakil qatnashmaganini bayon qildi.
Vashingtonning taʼkidlashicha, raketalarning “statik koʻrinishi” yetarli emas, sababi bu bilan ularning shartnomaga xilof ekanligini bilib boʻlmaydi.
“Rossiya INF shartnomasiga qaytish uchun barcha SSC-8 raketalari, uchirish moslamalari va ular bilan bogʻliq qurilmalarni ishonchli tarzda yoʻq qilishi kerak“, dedi dushanba (21-yanvar) kuni qurolsizlanish masalasiga bagʻishlab oʻtkazilgan anjuman chogʻida AQSH vakili Robert Vud.
“Afsuski, AQSH Rossiyaning qurollanishni nazorat qilish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishiga ishonib boʻlmaydi va uning butun dunyodagi majburlovchi hamda xatarli xatti-harakatlari tanglikni kuchaytirmoqda, deb hisoblaydi va bunga tobora koʻproq amin boʻlib bormoqda”, dedi u.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin INF shartnomasi oʻz kuchini yoʻqotgan taqdirda yangi qurollanish poygasi boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirib, Yevropa uning asosiy qurboni boʻlishini aytgan edi.
Putin oʻzining yadroviy xavfsizlik masalasiga nisbatan hazilomuz munosabatini yashirgani yoʻq.
NATO va Rossiya rasmiylarining uchrashuvi
INF shartnomasi juma (25-yanvar) kuni Bryusselda oʻtajak Rossiya-NATO kengashining majlisi kun tartibiga kiritilgan.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Rossiya raketa tizimini yoʻq qilish bilan shartnomani saqlab qolishi kerakligi haqida NATOning fikrini bayon etish uchun 18-yanvar kuni Moskvaga tashrif buyurdi.
“NATOning boshqa aʼzolari singari biz ham, ushbu shartnomaga xilof boʻlgan raketa mavjud va shartnoma talablariga qaytilishi uchun u tekshiriladigan yoʻl bilan yoʻq qilinishi kerak, deb hisoblaymiz”, dedi Maas jurnalistlarga.
Rasmiylarning soʻzlariga koʻra, Vashington rossiyaliklarga tegishli raketa tizimiga oid xavotirlarini oxirgi besh yil ichida kamida 30 bora izhor etgan.
Qoʻshma Shtatlar dekabr oyida raketalar shartnomaga zid ekanini isbotlash uchun Rossiyaga taqdim etgan batafsil maʼlumotlarni oshkor qilish bilan noodatiy choraga qoʻl urgan edi.
Moskva bu daʼvolarni inkor qilishda davom etarkan, AQSHning oʻziga qarata bir nechta qarshi ayblovlarni eʼlon qilgan edi.