https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/03/12/feature-01
| Terrorizm

Kuzatuvchilar Qozogʻistondagi ekstremistik tashviqot yuzasidan doimiy xavotir bildirib kelmoqdalar

Aydar Ashimov

image

Oʻtgan yilning 18-iyul kuni Qaragʻanda viloyatida radikal diniy tashkilotga aʼzolikda gumon qilinganlar qoʻlga olingan. [Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi]

OSTONA – Qozogʻistonda terrorchilikda ayblanganlarning hibsga olinishi va sud qilinishi ayrim fuqarolarning hali-hamon ekstremistik qarashlar taʼsiri ostida ekani va hujumlar uyushtirishga intilayotganini koʻrsatmoqda, deydi tahlilchilar.

Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatining jinoiy ishlar boʻyicha tumanlararo ixtisoslashtirilgan sudi 1-may kuni terrorchilik guruhi tuzish va uni boshqarishda ayblangan sakkiz nafar qozogʻistonlikni qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Kazinform” axborot agentligi sud matbuot xizmatiga tayanib xabar bergan.

Sudlanuvchilar Uralskdagi harbiy qismlar va huquq-tartibor idoralariga qarshi hujum uyushtirish maqsadida “qurolli jihod”ni rejalashtirganlar, deyiladi xabarda. Aniqlik kiritilshicha, gumondorlar ushbu rejani amalga oshirish uchun qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar sotib olishgan.

Hujumga tayyorgarlik oʻtgan yil avvalida boshlangan, biroq 25-iyun kuni huquq-tartibot organlari guruhning barcha aʼzolarini qoʻlga olganlar.

image

Turkiston viloyatida terrorizm tashviqoti bilan shugʻullanishda ayblanib qoʻlga olingan gumondorlar, 14-fevral kuni olingan surat. [Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi]

Guruh aʼzolari 5 yildan 13 yilgacha turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan. Sud xabarida aytilishicha, guruhning voyaga yetmagan yagona aʼzosi ikki yillik qamoqqa hukm qilingan.

Terrorizm tashviqoti

Mamlakatda eng mashhur voqealargagina eʼtibor qaratiladi, aslida hibslar va sud jarayonlarining koʻpligi qozogʻistonliklarni hayratga solgan boʻlar edi, deydi ostonalik siyosatshunos Yernar Beysaliyev.

“OAV va jamoatchilik faqat eng koʻp ovoza boʻlgan hibslar va sud jarayonlaridangina xabardor boʻladi”, dedi u Karvonsaroyga. “Odatda, bu kabi jinoiy ishlar Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ), Ichki ishlar vazirligi (IIV) yoki sudlar tarafidan eʼlon qilinadi.”

Terrorchilikka yollashda tashviqotning roli Qozogʻiston xavfsizlik organlari rasmiylarini anchadan beri xavotirga solib kelmoqda.

MXQ xodimlari 14-fevral kuni “terrorchilik gʻoyalarini targ‘ib qilish va diniy nafrat qo‘zg‘ashda” qumon qilib, Turkiston viloyatida istiqomat qiluvchi toʻrt shaxsni qo‘lga olgan. Bu haqda qoʻmita rasmiy saytida xabar berilgan.

Huquq-tartibot organlari xodimlari ayblanuvchilarning uylaridan “qo‘poruvchilik mazmunidagi” diniy adabiyotlarni musodara qilganlar, deyiladi xabarda. Ayni paytda tergov jarayoni davom etmoqda.

28-fevral kuni Oqto‘badagi qurilish maydonlaridan birining ikki nafar qoʻriqchisi terrorchilik materiallarini tarqatganlikda ayblanib, yetti va sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilingani to‘g‘risida 1-mart kuni Caravan.kz nashri xabar bergan.

Ayblanuvhcilar ishdan bo‘sh vaqtlarida internet orqali ekstremistik ruhdagi videolavhalarni tomosha qilib, do‘stlariga ulashgan, deyiladi hujjatda.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarning roli

Ekstremistik tashviqot bilan shugʻullanishda ayblanib qo‘lga olingan ko‘pchilik gumondorlar “qonunni buzayotganlarini va bu qanday oqibatlarga olib kelishini tushunmaydilar”, dedi siyosatshunos Beysaliyev.

“Internetda “Islom davlati” (ID) jangarilari haqida video ko‘rasiz, unga “layk” bosib, do‘stlaringizga ulashasiz va og‘zaki ravishda terrorizmni qo‘llab-quvvatlaysiz – shuning oʻzi sizni uzoq muddatli qamoqqa hukm qilish uchun yetarli”, deydi u.

Terrorchi guruhlarda aniq yetakchilar va bu yetakchilarning qo‘li ostida xizmat qiladigan xayrixoh odamlar bor, dedi u.

“Internetda tashviqot va din haqida yanglish tushunchalarni tarqatayotgan, atroflarida guruhlar to‘playotgan ashaddiy terrorchilar ham mavjud”, dedi u. “Ba’zida bu yetakchilar o‘ziga xos istaraga va ishontirish qobiliyatiga ega bo‘ladilar.”

Internet, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar hamon asosiy tashviqot quroli boʻlib qolmoqda, deb qo‘shimcha qildi Beysaliyev.

Suriyadan qaytganlar

Xavfsizlik idoralari rasmiylari Suriyaga jo‘nab ketgan va keyinchalik vatanga qaytarilgan ayrim qozoqlar uylarida tashviqot ishlarini davom ettirishi mumkinligidan tashvishda.

5-6 yanvar kunlari Qozog‘iston xavfsizlik idoralari Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasini o‘tkazdilar. Unda, asosan, jangovar harakatlarda ishtirok etish maqsadida Suriyaga jo‘nab ketgan fuqarolarning ayollari va farzandlaridan iborat 47 nafar Qozog‘iston fuqarosi qutqarilgan.

“Suriyadan vatandoshlarimizni qaytarish bo‘yicha olib borilgan maxsus operatsiyadan keyin qozog‘istonliklar ikkiga bo‘lindilar”, dedi Ostonada joylashgan “Jamiyat xavfsizligi” nodavlat tashkiloti koordinatori Rashid Alkenov Karvonsaroy nashriga. “Ayrimlar ularni vaziyat qurboni desa, ko‘pchilik ular pul uchun urushda qatnashishi va odam o‘ldirishga tayyorligiga ishonadi.”

“Jinoyatchilar albatta jazolanishi kerak”, deb qo‘shimcha qildi u. “Ammo ba’zi hollarda ularning ayollari u yerga majburan olib ketilgan. Begunoh odamlar, ayniqsa, yosh bolalar reabilitatsiyadan o‘tishi lozim.”

Sizga maqola yoqdimi?
20
Yo‘q
Fikrlar 2
Siyosat
Captcha

Ularni Suriyadan qaytarib olib kelish kerak emas!
Ular tashviqot bilan shugʻullanadilar!
Oʻsha yerda oilalari bilan qolaverishsin!
Bu ularning tanlovi!

Javob berish

Xoʻjayinlaringiz haliyam ID terrorchilarini chegaralarimiz tarafga joʻnatib turishibdimi?

Javob berish