Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Rossiyalik teleboshlovchining qirgʻiz migrantlarini haqorat qilishi mojaroga sabab boʻldi

Kanat Altinbayev

Andrey Malaxovning Rossiya televideniyesidagi “Jonli efir” dasturi namoyishidan olingan kadr.

Andrey Malaxovning Rossiya televideniyesidagi “Jonli efir” dasturi namoyishidan olingan kadr.

OLMAOTA – Rossiyalik teleboshlovchining migrantlar haqida mensimaslik bilan aytgan gaplari Markaziy osiyoliklarning gʻazabi va noroziligini keltirib chiqardi.

Rossiyalik milliarder Vladimir Marugovning oʻgʻli Aleksandr Marugov 7-iyul kuni Moskva markazida oʻldirilgan. Kuzatuv kameralaridan olingan videoyozuvlarda Marugov mingan motosikl juda katta tezlikda Rossiyada ishlayotgan 22 yoshli Qirgʻiziston fuqarosi Islombek Akbarov boshqaruvidagi taksiga kelib urilgani aks etgan.

Akbarov voqeaning ertasi kuni ehtiyotsizlik oqibatida oʻlimga olib kelgan avtohalokat keltirib chiqarishda ayblanib hibsga olingan. U besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Rossiyaning “Rossiya-1” davlat telekanalidagi “Jonli efir” koʻrsatuvi boshlovchisi Andrey Malaxov 24-sentabr kungi avtohalokatni muhokama qilar ekan, Akbarov Marugovni oʻldirish uchun yollanganini aytgan.

Moskvadagi taksilar, 6-iyun, 2018-yil. 24-sentabr kuni rossiyalik teleboshlovchi Andrey Malaxov qirgʻizistonlik taksi haydovchisi rossiyalik milliarderning oʻgʻlini qasddan oʻldirganini daʼvo qilgan. [Kirill Kudryavsev/AFP]

Moskvadagi taksilar, 6-iyun, 2018-yil. 24-sentabr kuni rossiyalik teleboshlovchi Andrey Malaxov qirgʻizistonlik taksi haydovchisi rossiyalik milliarderning oʻgʻlini qasddan oʻldirganini daʼvo qilgan. [Kirill Kudryavsev/AFP]

Rossiya davlat televideniyesidagi shoular boshlovchilari avval ham Markaziy Osiyo respublikalariga nisbatan masxaraomuz soʻzlarni aytgan edilar. 25-iyun kuni xuddi shu “Rossiya-1” telekanalida, Kreml targʻibotchisi sifatida tanilgan Vladimir Solovyov Olmaotadagi ilmiy muassasani portlatib yuborishni taklif qilgandi.

Rossiya davlat televideniyesidagi shoular boshlovchilari avval ham Markaziy Osiyo respublikalariga nisbatan masxaraomuz soʻzlarni aytgan edilar. 25-iyun kuni xuddi shu “Rossiya-1” telekanalida, Kreml targʻibotchisi sifatida tanilgan Vladimir Solovyov Olmaotadagi ilmiy muassasani portlatib yuborishni taklif qilgandi.

“Rulda oʻzga yurtdan kelgan 23 yoshli qandaydir mishiqi, taksichilik qilayotganiga ikki oy ham boʻlmagan. Unga 100 ming dollar bersang, butun oilasi, qishlogʻi va barcha qarindoshlarini baxtiyor qilgan boʻlasan. Ular butun umr ishlab ham, buncha pul topolmaydilar”, dedi Malaxov, Akbarov Marugovni oʻldirgani uchun pul olganiga ishora qilib.

“Yigit – koʻp bolali oilaning farzandi, qoidaga zid ravishda yoʻldagi qoʻsh uzluksiz chiziqni kesib oʻtib, Aleksandr Marugovni urib yuborish uchun uning kelishini kutib turgan”, dedi teleboshlovchi advokatning Akbarov ruxsat etilgan joyda manyovr qilgani haqidagi daʼvolarini eʼtiborga olmay.

Malaxov, shuningdek, Akbarovning advokat olish uchun qurbi yetishiga ishonmasligini aytgan.

“Sizga kim pul toʻlayapti?” deb soʻragan Malaxov Akbarovning advokatidan. “Shunaqa, hozir hamma taksichilarda advokat bor. Bitta karavotda besh kishi uxlasa va oyligi 10 dollar boʻlsa ham.”

Qirgʻizistondagi norozilik

26-sentabr kuni Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi “Qirgʻiziston-Rossiya ittifoqchilik munosabatlari manzarasida Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari jurnalistlarining bu kabi bayonotlaridan tashvishda” ekanini bildirish maqsadida rossiyalik diplomatni chaqirgan, deb xabar beradi 24.kg nashri.

Qirgʻiziston parlamenti deputati Elvira Surabaldiyeva “Qirgʻiziston kimni doʻstona mamlakat deb biladi”, degan savolni oʻrtaga tashlagan.

“Malaxov shunchaki takabburlik bilan cheklanmay, butun millat haqida kamsituvchi soʻzlarni aytdi va bu bilan mamlakatimizni haqorat qildi”, dedi Surabaldiyeva Tvitterda.

“Bu gaplarni biz strategik sherik deb biladigan va tilini Qirgʻizistonda rasmiy til sifatida tan olgan Rossiya davlatining fuqarosi gapirmoqda. Shovinizm”, dedi u.

Qirgʻizistondagi Rossiya elchixonasining Facebook sahifasiga qirgʻiz fuqarolaridan juda koʻp shikoyatlar kelib tushgan.

“RTR (Rossiya telekanali) rahbariyati qirgʻizlardan ochiqchasiga kechirim soʻramagunicha, bu kanalning (Qirgʻizistonda) efirga uzatilishini toʻxtatish kerak”, deydi Bishkekdagi Rossiya elchixonasining Facebook sahifasida izoh qoldirgan harbiy xizmatchi Qodirbek Sopuyev.

Rossiya “gastarbayter” kabi haqoratli soʻzlarni ishlatadigan “fashist mamlakat”ga aylandi, deb yozadi boshqa bir Facebook foydalanuvchisi Narinbek Kenjetayev. Nemischada “Mehmon ishchi” maʼnosini bildiradigan neytral soʻz rus tilida kamsituvchi hisoblanadi.

Bu Malaxovning etnik haqoratlarni ilk bor tilga olishi emas, deya qoʻshimcha qildi Kenjetayev.

Bishkekliklar Malaxovning fotosuratini “Bu natsistni doʻpposla” degan yozuv bilan bokschilar grushasiga yopishtirib, oʻtgan-ketgan odamlar mushtlab oʻtishi uchun koʻchaga ilib qoʻyganlar.

Bu haqdagi videolavhani Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi va “Amerika Ovozi”ga qarashli “Hozirgi vaqt” telekanalining Bishkekdagi muxbiri Shavkat Turgayev oʻz Tvitter sahifasiga joylagan.

Moskva Markaziy Osiyo davlatlarini soʻzda emas, amalda hurmat qilganida, davlat ommaviy axborot vositalari hech qachon qirgʻizlar, qozoqlar, oʻzbeklar va tojiklarga qarshi bunday haqoratli gaplarga oʻrin qoldirmas edi, deydi Bishkekda istiqomat qiluvchi Sanjar Kenjebayev.

1991-yilda SSSR parchalanganidan soʻng, maʼlum madaniy va tarixiy aloqalar saqlanib qolgan boʻlsa-da, Rossiya rejimi Markaziy Osiyo mamlakatlarining hafsalasini pir qilib bormoqda, deydi Nur-sultonlik xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassis Ruslan Nazarov.

“Ammo, bu aloqalar bizning oʻzgarib borayotganimiz, inson huquqlari va oʻzaro hurmat mavjud boʻlgan zamonaviy dunyoda yashashni istaganimiz sayin asta-sekin soʻnib boryapti”, dedi u.

“Rossiya esa har bir shovinistik bayonoti yoki davlatimiz yaxlitligiga ochiq tahdidi bilan oʻzining yakkalanib qolish ehtimolini kuchaytirmoqda. Bir kun u hatto “orqa hovlisida” ham oʻziga joy topolmay qoladi, dedi u.

Qozogʻistonni portlatish haqidagi gap-soʻzlar

Bu shov-shuvli hodisa Qozogʻistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari eʼtiboridan ham chetda qolmadi.

Tengrinews saytida chop etilgan maqola ostida izoh qoldirgan qozogʻistonliklar qirgʻiz xalqiga dalda berib, rossiyalik teleboshlovchining soʻzlaridan gʻazabga tushganlar.

Akbarovning ishi Malaxovga butun mamlakatni haqorat qilish huquqini bermaydi, deb yozgan “Adik” ruslarni “qardosh qirgʻiz xalqi”dan kechirim soʻrashga chaqirib.

Dos Zhanar ismli foydalanuvchi esa Malaxov ilgari “Qozogʻiston xalqiga qarshi ham haqoratli soʻzlarni aytganini” eslatgan. “Oʻshanda koʻngilda xijillik qolgan edi. Endi esa bu gap ... hayratda emasman.”

Rossiya davlat televideniyesi orqali namoyish etiladigan shoular boshlovchilari avval ham Markaziy Osiyo respublikalariga “hamla” qilganlar.

25-iyun kuni xuddi shu “Rossiya-1” telekanalida, Kreml targʻibotchisi sifatida tanilgan Vladimir Solovyov Olmaotadagi tadqiqot muassasasini portlatishni taklif qilgandi.

Uning “Vladimir Solovyov bilan oqshom” shousi mehmonlari Markaziy referens-laboratoriyani qurish uchun Qozogʻistonni Qoʻshma Shtatlar bilan mashʼum fitna uyushtirishda ayblaganlar. U yerda ishlaydigan Yevropa va qozoq olimlari yuqumli kasalliklarni samarali davolash usullarini tadqiq qilish bilan shugʻullanadi.

Bu laboratoriya Rossiyani xavf ostida qoldirishi mumkin, deb aytgan Solovyov “muammoni kuch ishlatib hal etishni” taklif qilar ekan.

“Balki portlatib yuborarmiz? Laboratoriya qayerdaligini bilamiz. Shundoq olamizda, portlatib yuboramiz”, degan u ogohlantiruvchi hujumni nazarda tutib.

Oʻshanda Solovyovning taklifi qozoqlarning gʻazabini qoʻzgʻagan, koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarda Rossiya bilan barcha aloqalarni uzishni taklif qilgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500