Karvonsaroy
Fan va texnologiya

Qurollarini tarqatmaslikka oid AQSH-Qozogʻiston qoʻshma hamkorlik dasturiga 25 yil toʻldi

Karvonsaroy

Mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi (MTKA) va Milliy yadro markazi (MYM) vakillari 23-sentabr kuni sharqiy Qozogʻistonning Semipalatinsk poligonidagi Degelen togʻida tunnel bilan yopilgan hududdan oʻtmoqdalar. [MTKA]

Mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi (MTKA) va Milliy yadro markazi (MYM) vakillari 23-sentabr kuni sharqiy Qozogʻistonning Semipalatinsk poligonidagi Degelen togʻida tunnel bilan yopilgan hududdan oʻtmoqdalar. [MTKA]

KURCHATOV, Qozogʻiston – Yadro tarqalishi xavfini kamaytirish boʻyicha AQSH-Qozogʻiston qoʻshma dasturi chorak asrdan koʻproq davom etib kelmoqda, deb xabar berdi AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi 31-oktabr kuni.

Ushbu uzoq muddatli missiyani amalga oshirishda AQSH Mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi (MTKA) koʻmaklashib keladi.

Qozogʻistonning sobiq Semipalatinsk poligonidagi saʼy-harakatlar MTKAning butun dunyo boʻylab amalga oshirayotgan tarqatmaslik choralariga yaqqol misol boʻla oladi. Semipalatinsk bugungi kunda Semey deb nomlanadi.

Semipalatinsk poligoni 1947-yilda Sovet Ittifoqi yadroviy dasturining paydo boʻlishi bilan barpo etilgan edi. U sharqiy Qozogʻistonning qariyb 18000 kvadrat kilometr hududini qamrab oladi.

1949-1989-yillar davomida Sovetlar hukumati mahalliy aholi va atrof-muhitni inobatga olmay, Semipalatinskda jami 456 ta yadro sinovini oʻtkazdi.

1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan soʻng, Semipalatinskni tark etgan olimlar va harbiylar oʻzlaridan keyin koʻplab tunnellar va quduqlar, shuningdek tarqalish xavfidan himoyalanmagan yadroviy materiallarni qoldirganlar.

Sovetlar hatto “Qozogʻiston hukumati uni nima qilish kerakligini anglab yetguniga qadar, bekor qilingan yadroviy sinovni ... bir necha yilga tunnelda qoldirdilar”, dedi keyinchalik MTKAga aylangan AQSH yadroviy mudofaa agentligining loyiha rahbari Lyuk Klyuchko.

Tarixdagi yuz bergan oqibatlardan xavfsiragan Qozogʻistonda aksil-yadroviy kayfiyat juda kuchli edi, deydi Klyuchko.

181 ta yadroviy sinov tunnelining muhrlanishi

Qozogʻiston hukumati oldida poligonni tozalashdek ulkan vazifa turar edi. 1993-yilning may oyida mamlakatda Milliy yadro markazini (MYM) tashkil etildi.

“Yadro quroli sinovlarining infratuzilmasini yoʻq qilish zarur edi”, deydi MYM bosh direktori Yerlan Batirbekov. “Oldimizda bunday qurollarni sinovdan oʻtkazish oqibatlarini bartaraf etish muammolari koʻndalang turardi.”

Klyuchkonining yodga olishicha, vazifalardan biri – Semipalatinsk poligonining 181 ta yadroviy sinov tunnelini muhrlash boʻlgan. “Biz har yili 60 ga yaqin tunnelni yopganmiz va 36 oy ichida infratuzilmani tugatishga erishganmiz.”

“Infratuzilma yoʻq qilingach, boshqa vazifalar, xususan yadroviy sinovlar oqibatlarini bartaraf etish vazifasi turar edi”, dedi Batirbekov.

Endilikda bu Semipalatinsk poligonida radiologik tekshiruvlar oʻtkazishni oʻz ichiga oladi. MYM xodimlari poligon hududini tekshirish jarayonida tarqalish xavfi mavjud boʻlgan kontsentratsiyadagi material borligini aniqlaganlar.

MTKA va MYM xavfni bartaraf etish yoʻlidada birlashdilar. 2013-yilda birinchi yadroviy sinovlar olib borilgan maydon oʻrganib chiqildi.

“Avvaliga atmosfera va sirtki qatlash tekshiruvlaridan keyin qolgan materiallar yuza boʻylab bir tekis tarqalgan edi”, dedi Semipalatinsk poligonidagi MTKA faoliyati dasturiy menejeri Mark Gibson. “Baʼzi holatlarda biz kontsentratlarni qazib olib, xavfsiz saqlash joyiga olib oʻtishga muvaffaq boʻlganmiz. Kontsentrat kam boʻlgan boshqa hollarda esa, keyin izlaganlar uni oson topa olmasligi uchun hududni qazib uni yanada tarqatishga harakat qildik.”

AQSH va Qozogʻiston hamkorligi olqishlandi

Batirbekov MYM va MTKA birgalikda amalga oshirgan ishlarga yuqori baho berdi.

“MTKA nafaqat moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, balki amalga oshirayotgan loyihalar muhimligi jihatidan ham, ehtimol, milliy yadro markazning butun tarixi davomidagi eng katta hamkorimizdir”, dedi u.

MYM Sepilatinsk poligonining 70 foizidan ortiq hududini tekshirib chiqdi va 2021-yilda ishni tugatishni rejalashtirmoqda, dedi Batirbekov.

“Qozogʻiston oʻzi uchun noqulay shart-sharoitda qurollarni tarqatmaslik rejimini qabul qilgani uchun minnatdorman”, dedi Gibson. “Sinov maydonidagi faoliyatimiz dunyoni yanada xavfsiz qilish tomon yana bir qadam boʻldi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500