NUR-SULTON – Oktabr oyida Olmaotada ishlatib boʻlingan radioaktiv materiallar saqlanadigan omborxona qurib bitkazilishi kutilmoqda, deb xabar beradi Qozogʻiston energetika vazirligi.
Qurilish ishlari Qozogʻiston va AQSH energetika vazirliklari hamda Kanadaning Xalqaro ishlar boʻyicha departamenti bilan hamkorlikda olib borilyapti.
Vazirlikning Yadro fizikasi instituti ixtiyorida ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini (INM) saqlash omborxonasi mavjud, ammo u 80 foizga toʻlib boʻlgan.
Yangi inshoot tibbiy va sanoat maqsadlarida ishlatib boʻlingan radioaktiv materiallarni xavfsiz va ekologik jihatdan zararsiz holatda saqlashga imkon beradi, deyiladi Yadro fizikasi instituti saytida.
“Yadro fizikasi instituti, masalan, milliy sogʻliqni saqlash tizimi uchun diagnostikada qoʻllaniluvchi radiofarmatsevtik dori vositalarini ishlab chiqaradi. Ishlatib boʻlingan INMni ishonchli saqlashga yordam beradigan inshootning barpo etilishi bugungi kunning muhim vazifasidir”, deydi Oqmola viloyatidan kelgan yadroviy fizik Abubakir Sodiqulov.
Ushbu sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish “hayotiy muhim ahamiyatga ega va xavfsizlik bilan chambarchas bogʻliq”, dedi u.
“Viloyatda bunday radioaktiv materiallarni qayta ishlanishi yoki koʻmilishiga qadar uzoq muddat va xavfsiz saqlashga imkon beradigan zamonaviy omborxona mavjud emas”, deydi “Beybit aspan” (Tinch osmon) nodavlat tashkiloti rahbari, tarazlik Ruslan Seksenbayev.
“Barcha kerakli zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bunday inshootni barpo etishda xorijiy sheriklarning yordami juda muhim va dolzarb”, dedi u.
Bu moddalar yovuz niyatli kuchlar qoʻliga tushgan taqdirda, katta hududga xavfli radioaktiv materiallarni tarqatib yuborishga qodir boʻlgan “qoʻlbola bombalar” yasash uchun ishlatilishi mumkin.
Hamkorlik tarixi
Qozogʻistonning AQSH bilan yadroviy xavfsizlik sohasidagi hamkorligi uzoq tarixga ega. 1993-yilda yadroviy qurollarni tarqatmaslikka oid qoʻshma dastur kuchga kirgan.
Semipalatinsk (Semey) poligonidagi 181 ta yadroviy sinov tunnellarining yopilishi ushbu hamkorlikning muhim bosqichlaridan biri boʻlgan. Bu inshootlar Sovet Ittifoqi parchalanilishi ortidan qarovsiz qoldirib ketilgan edi.
2019-yil oxiri va joriy yil boshida Qozogʻistonda AQSH mudofaa va energetika vazirliklarining yoʻriqchilari ishtirokida qozoq mutaxassislari uchun yadro xavfsizligi boʻyicha ikkita oʻquv seminari oʻtkazildi.
Qozogʻiston, shuningdek Yevropa Ittifoqi bilan ham yadroviy xavfsizlik va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik borasida hamkorlik qilib kelmoqda.