NUR-SULTON – 1-mart kuni kuchga kirgan kelishuv doirasida Qozogʻiston va Yevropa Ittifoqi (YI) terrorizm va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishiga qarshi kurash hamda savdo kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Yevropa Ittifoqi va Qozogʻiston oʻrtasida sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi kengaytirilgan bitim (EPCA) “bugungi kunga qadar kelishuv muddati bilan qamrab olinmagan sohalardagi” aloqalarni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan, deyiladi fevral oyi oxirida Qozogʻistondagi YI vakolatxonasi eʼlon qilgan bayonotda.
Nur-Sultondagi rasmiylar va tahlilchilarga koʻra, kelishuv 2015-yilda imzolangan boʻlsa-da, soʻnggi besh yil davomida Yevropa Ittifoqi va Qozogʻiston birgalikda ustuvor loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish yoʻlida katta ishlarni amalga oshirdilar.
Bitim keng koʻlamli masalalar, jumladan xalqaro maydondagi tinchlik, yadroviy xavfsizlik va qurol-yarogʻ kontrabandasiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni koʻzda tutadi.
“Hamkorlikning yangi davri”
2019-yilda sheriklik munosabatlarini kuchaytirish maqsadida Bryussel bloki tomonidan qabul qilingan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasiQozogʻistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi uchun yanada kengroq yoʻl ochadi.
“Bu sheriklikning yangi davridir”, deyiladi sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning maslahatchisi Odil Tursunovning fevral oyi oxirida qozoq ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan maqolasida.
“Qozogʻiston va Yevropa Ittifoqi xalqaro maydonda, jumladan, yadro quroliga qarshi kurash, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash sohasida ijobiy tajriba orttirdilar”, deb yozadi Tursunov.
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev oʻtgan yil may oyida Nur-Sultonda Yevropa Kengashining oʻsha paytdagi prezidenti Donald Tusk bilan uchrashuvda mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari mustahkamligini qayd etgan edi.
“Aloqalarimiz tobora mustahkamlanib bormoqda. Biz barcha Yevropa mamlakatlari bilan strategik aloqalar va sheriklikni rivojlantirishda faol ishtirok etyapmiz”, dedi u.
Oʻshanda Tusk Qozogʻistonni “YIning mintaqadagi asosiy hamkori” deb atagan edi.
Savdo va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik
Yevropa Ittifoqining Qozogʻiston iqtisodiyotini rivojlantirishdagi roli katta, deydi Nur-sultonlik siyosatshunos Yernar Beysaliyev.
Rasmiy Ostona qozogʻistonlik raqobatchilarni siquvga olib, rus kompaniyalariga ochiq ustunlik beradigan Rossiya boshqaruvidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) siyosatiga nisbatan bir necha bor eʼtiroz bildirgan. Ushbu blokka Rossiya ham, Qozogʻiston ham aʼzo.
YI esa buning muqobilini taklif qilmoqda.
“Evropa vektori – Qozogʻiston tashqi siyosatining asosiy strategik yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi bugungi kunda mamlakatimizning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri”, dedi Beysaliyev.
“Qozogʻiston tashqi savdosining uchdan biri va mamlakatga kiritilgan barcha investitsiyalarning yarmi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ulushiga toʻgʻri keladi”, dedi Beysaliyev.
Bundan tashqari, Qozogʻiston va unga qoʻshni mintaqalar uchun YI bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik oʻzini oqlamoqda.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi (BOMCA) 2003-yildan beri mintaqa mamlakatlariga chegara xavfsizligini mustahkamlashga koʻmaklashib kelmoqda.
“Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik Qozogʻiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda YI oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarining muhim tarkibiy qismidir”, deb qoʻshimcha qildi Beysaliyev.
“Chegaralar xavfsizligi, radikallashuv va jangovar ekstremizmga qarshi kurash, profayling, deradikalizatsiya va xavfsizlikka doir boshqa masalalar YI tomonidan moliyalashtiriladigan yoki yevropalik sheriklar va ekspertlar ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar mavzusiga aylanmoqda”, dedi Beysaliyev.
Narkotrafik, odam savdosi va terrorizm kabi mintaqalararo muammolar “Qozogʻistonga va YI manfaatlariga taʼsir qiladi”, dedi u.
“Internews nodavlat tashkiloti tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirilayotgan Yevropa Ittifoqining barqarorlik va tinchlikni qoʻllab-quvvatlash loyihasi bu koʻmakka yaqqol misol boʻla oladi”, dedi u. “Oddiy odamlarga ekstremistik targʻibot taʼsiridan himoyalanishga yordam beradigan media-savodxonlik dasturi uch yildan beri amalga oshirilmoqda.”
Oʻtgan yil noyabr oyida “terrorchilik va ekstremizmda ayblanib qamalgan mahbuslar bilan ishlash choralarini qoʻllab-quvvatlash va qamoqxonalarda radikallashuvning oldini olish” qoʻshma tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti delegatsiyasi Qozogʻistonga tashrif buyurgan edi.
Yevropa Ittifoqi ekstremizm va terrorchilikda ayblanib qamalganlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarishda Qozogʻiston hukumatiga yordam beradi, degan edi YIning Qozogʻistondagi elchisi Sven-Olov Karlsson.
Ukraina taqdirida Yevropa Ittifoqi va AQSH faol ishtirok etdi, ularning harakatlari nimalarga olib kelganiga diqqat bilan nazar soling. Qoyil qolganim yoʻq. Avval ichki kelishmovchiliklarni hal qilib olishsin.
Javob berishFikrlar 1