NUR-SULTON – Qozogʻiston 2020-2030-yillarga moʻljallangan tashqi siyosat konsepsiyasini qabul qildi, unda uzoq muddatli fundamental maqsad sifatida Yevroosiyo integratsiyasiga emas, balki global hamkorlikka asosiy eʼtibor qaratish koʻzda tutilgan.
Hujjat matni 9-mart kuni Qozogʻiston prezidentining veb-saytida chop etilgan.
10 yilga moʻljallangan konsepsiyani amalga oshirishga zamin yaratish uchun hukumatga uch oy muhlat berilgan.
Hujjatda belgilangan maqsad-vazifalar va ustuvor yoʻnalishlarda mamlakatning hududiy yaxlitligini taʼminlash, global va mintaqaviy xavfsizlik tizimi samaradorligini oshirish va keng miqyosli xalqaro aksilterror koalitsiyasini yaratish alohida urgʻulangan.
“Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi murakkab oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bu oʻzgarishlar terrorizm, ekstremizm, qurollanish poygasi kabi xavfsizlikka anʼanaviy tahdid va chaqiriqlarining kuchayishi, geosiyosat va geoiqtisodiyotga taʼsir etuvchi yangi omillarning paydo boʻlishi, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi bilan gibrid va kiber-urush hodisalarida oʻz aksini topmoqda”, deyiladi hujjatda.
Zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish uchun global hamjamiyat bilan kuchlarni birlashtirish muhim, deb qoʻshimcha qilinadi unda.
Ayni vaqtda Qozogʻiston oʻzini Markaziy Osiyoning yetakchi davlati oʻlaroq koʻrmoqda.
Yangi konsepsiya Qozogʻistonning “mintaqaviy va global energiya xavfsizligini mustahkamlashga koʻmaklashish, energiya manbalari ishlab chiqaruvchi, uni yetkazib beruvchi va isteʼmol qiluvchi davlatlar manfaatlarining muvozanatini taʼminlash, ularning eksporti uchun diversifikatsiyalangan, barqaror va xavfsiz marshrutlarni ishlab chiqish”ga oid maqsadlarini belgilaydi.
Konsepsiya Qozogʻistonning bir qator siyosiy hujjatlari, jumladan, mamlakatning 2050-yilgacha boʻlgan uzoq muddatli va barqaror rivojlanish Strategiyasi, “Besh institutsional islohotlarni amalga oshirish yoʻlidagi 100 ta aniq qadam” milliy rejasi va boshqa hujjatlarda aks etgan maqsad va vazifalar asosida ishlab chiqilgan.
Tinchlik yoʻlidagi sheriklik
Nur-sultonlik siyosiy tahlilchi Yernar Beysaliyevning soʻzlariga koʻra, yangi konsepsiya koʻp jihatdan 2014-2019-yillarga moʻljallangan tashqi siyosat konsepsiyasi bilan bir xil.
“Unda xuddi oʻsha koʻp qirrali siyosat, milliy xavfsizlik masalalari, shu jumladan hududiy yaxlitlik, terrorizm tahdidi hamda terrorchilik va millatlararo jinoyatchilikka qarshi kurashda boshqa davlatlar bilan birgalikda harakat qilish zarurligi birdek taʼkidlanadi”, dedi u.
Yangi strategiyaning avvalgisidan farqi – unda Yevroosiyo integratsiyasi uzoq muddatli bosh maqsad sifatida belgilanmagan, deydi Beysaliyev.
“Shuningdek, yaqin oʻn yilga moʻljallangan Konsepsiyada kiberjinoyatchilik kabi yangi tahdidlarga koʻproq eʼtibor qaratilgan. Qozogʻiston global xavfsizlik masalalari boʻyicha vositachi oʻlaroq maydonga chiqar ekan, yadro qurolidan xoli hududlar yaratilishini qoʻllab-quvvatlab, gibrid urushlar yuzasidan xavotir bildirgan”, dedi Beysaliyev.
Yangi konsepsiya “AQSH bilan kengaytirilgan strategik sheriklik, Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik munosabatlar, Yevropa Ittifoqi (YI) va unga aʼzo davlatlar bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlikni” koʻzda tutadi.
Yangi hujjatda Qozogʻiston Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashni “xavfsizlik va taraqqiyot boʻyicha mintaqaviy tashkilotga” aylantirishni taklif qilgan.
“Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash – ilk bor 2002-yilda tashkil etilgan, Osiyo davlatlarini birlashtiruvchi xalqaro forumdir. Tashkilotga aʼzo davlatlar xavfsizlik va taraqqiyot muammolariga qarshi real choralarni amalga oshirsa, taklif etilayotgan oʻzgarish oʻz samarasini berishi mumkin”, dedi Beysaliyev.