Karvonsaroy
Ayollar huquqlari

50 nafar afgʻon ayoli Qozogʻiston va Oʻzbekiston universitetlarida tahsil oladi

Karvonsaroy

Afgʻonistonlik talabalardan biri, sanasiz surat. Evropa Ittifoqi 50 nafar afgʻonistonlik talaba va aspirantning Oʻzbekiston va Qozogʻistonda tahsil olishi uchun mablagʻ ajratadi. [YI]

Afgʻonistonlik talabalardan biri, sanasiz surat. Evropa Ittifoqi 50 nafar afgʻonistonlik talaba va aspirantning Oʻzbekiston va Qozogʻistonda tahsil olishi uchun mablagʻ ajratadi. [YI]

BRYUSSEL, Belgiya – Seshanba (12-noyabr) kuni Bryusselda Qozogʻiston va Oʻzbekiston universitetlarida afgʻon ayollari uchun moʻljallangan oʻquv dasturining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beradi Kazinform.

Iyul oyida Yevropa Ittifoqi (YI) Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bilan qoʻshma loyihani amalga oshirish uchun 2 million yevro ajratgan edi. Bu 50 nafar afgʻon ayolining Qozogʻiston va Oʻzbekiston universitetlarida tahsil olishiga imkon beradi.

Tadbirda Qozogʻiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Roman Vasilenko, Afgʻoniston va Oʻzbekiston diplomatlari, YI va BMT rasmiylari, jurnalistlar va mintaqaviy mutaxassislar ishtirok etdi.

Marosimda soʻzlagan Vasilenkoning aytishicha, 2010-yilda Qozogʻistonning oʻsha vaqtdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan “umumiy qiymati 50 million dollarlik 1000 nafar afgʻon fuqarosini oʻqitish dasturi ishga tushirilgan edi.”

U ilk saʼy-harakatlar muvaffaqiyatli boʻlganini taʼkidlar ekan, jumladan shunday dedi: “Afgʻon talabalarining hammasi taʼlimni yakunlab, oʻz mamlakatiga qaytdi. Ularning 75 foizi vataniga qaytishi bilan ish topdi. Yevropa tomoni (YI) bu tajribaga qiziqish bildirib, gʻoyani qoʻllab-quvvatladi.”

Saxovatli koʻmak

Kazinformning xabar berishicha, Qozogʻiston shu kungacha Afgʻonistonga yordam tariqasida 80 million, jumladan, tibbiy markazlar va maktablar qurish, yoʻllar va koʻpriklar barpo etish uchun 3,5 million AQSH dollari ajratgan.

Mamlakatga kelayotgan afgʻon ayollari Satbayev universiteti, Qozogʻiston-Britaniya texnika universiteti, Saken Seyfullin nomidagi Qozoq agrotexnika universiteti va Olmaota menejment universitetlari kabi oliy taʼlim muassasalarida tahsil oladi. Taʼlim ingliz tilida olib boriladi.

Kazinform dasturda ishtirok etadigan Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlariga aniqlik kiritmagan. 2018-yil yanvar oyidan beri Afgʻoniston bilan chegaradosh Termiz shahrida afgʻonistonlik talabalariga taʼlim berish markazi faoliyat koʻrsatmoqda va ularga 17 yoʻnalish, jumladan, oʻzbek va ingliz tillari, fizika va kimyo boʻyicha oliy va oʻrta maxsus taʼlimni taklif qilmoqda.

Gender tengsizligi afgʻon ayollari uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturiga koʻra, afgʻon ayollarining atigi 11 foizi oʻrta maktabni bitirgan va 19,5 foizigina uydan tashqarida ishlaydi. Erkaklar statistikasi esa mos ravishda 37% va 87% ni tashkil qiladi. 2016-2017-yillarda Afgʻoniston aholisining yarmidan koʻpi qashshoqlik chegarasi ortida kun koʻrgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Chunki Qozogʻiston va Oʻzbekiston Afgʻonistonda barqarorlik boʻlishini istaydi. Ammo Rossiyaga esa urush boʻlgani yaxshi.

Javob berish