https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/11/21/feature-01
| Terrorizm

Suriyada ID safiga qoʻshilib, mudhish jinoyatlar sodir etgan qozogʻistonliklarga hukm oʻqildi

Aydar Ashimov

image

Nur-Sultonda ID gumondorlarining sud jarayoni boʻlib oʻtmoqda, 29-oktyabr kuni KTK telelavhasidan olingan kadrlar. Qozogʻiston hukumati ID safiga qoʻshilgan qozogʻistonliklar tomonidan sodir etilgan mudhish jinoyatlarning videoyozuvlari va suratlarini namoyish qilgan.

NUR-SULTON – Suriyada “Islom davlati” (ID) safida jang qilishda ayblangan qozogʻistonliklar dahshatli jinoyatlarga qoʻl urishgan – prokurorlar mudhish videoyozuv va fotosuratlarni dalil oʻlaroq taqdim etganlar.

Qozogʻiston huquq-tartibot idoralari ID jangarilari boʻlgan 14 qozogʻistonlikning Suriyadagi terrorchilik faoliyatini isbotlovchi dalillarni taqdim etdi.

Hukumat ularni “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida vataniga qaytargan edi.

2019-yilgi insonparvarlik operatsiyasi davomida Suriya va Qozogʻiston orasida bir nechta aviareys amalga oshirilib, 600 ga yaqin qozogʻistonlik vataniga olib kelingan.

image

Sud jarayonida ayblanuvchilar tomonidan sodir etilgan yoki ularga aloqador jinoyatlar aks etgan video va fotosuratlar dalil oʻlaroq taqdim etilgan. Suratda: IDning oʻtgan yilgi videolavhasi kadrlari – Suriya koʻchalari boʻylab jasadni sudrab ketayotgan guruh aʼzolari. (Fayl)

Nur-Sultondagi sud jarayoni 22-oktyabrdan beri 166/10 raqamli qamoqxonada boʻlib oʻtyapti.

Bundan avvalgi sud jarayonida 15 nafar qozogʻistonlik ID jangarilari turli ayblovlar bilan qamalgan edi. Bu haqda Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) oktabr oyida xabar bergan.

100 nafar qozoq fuqarosi Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududida qolib ketgan, deb xabar berdi AKIpress seshanba (19-noyabr) kuni MXQga asoslanib.

90 dan ortiq qozogʻistonlik, jumladan 56 ta ayol hamon Suriyada. Ikki nafari qamoqxona yoki jamloqda, yana oltitasi esa Iroqda qoʻlga olingan.

ID tor-mor etilganidan keyin jami 277 ta fuqaro, jumladan 57 erkak, 220 nafar ayol va 547 nafar voyaga yetmagan bola Suriya va Iroqdan vataniga qaytib kelgan, deb xabar bergan MXQ.

Vataniga qaytarilganlar orasida 44 nafar ayblanuvchi, jumladan 10 ta ayolga 1 yildan 11 yilgacha qamoq jazosi belgilangan boʻlib, ular terrorchilik tashkilotlari faoliyatida va xalqaro qurolli mojarolarda qatnashish, terrorizm tashviqotini olib borish, yollash va boshqa turdagi terrorchilik faoliyatlarida ayblangan.

MXQ xabariga koʻra, 200 ga yaqin ayollar va 545 ta yosh bola hukumat tomonidan reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan.

Dushanba (18-noyabr) kuni Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi 10 nafar qozoq bolasini Qozogʻistonga qaytarish borasida Iroq bilan muzokara olib borayotganini maʼlum qilgandi.

“Oqlanishlariga imkon bermang”

Dalil sifatida taqdim etilgan suratlarning birida Suriyada qoʻlga olingan 33 yashar qozogʻistonlik erkak tanasidan judo qilingan boshlar bilan suratga tushgan, boshlarning biri uning oyogʻi ostida boʻlgan.

Shu bilan birga, ayblanuvchi tashviqoti videolavhalarida ham koʻrinish bergan. Sud jarayonida taqdim etilgan surat va videoyozuvlarda aks etgan ayblanuvchilarga koʻra, ular qoʻmondonlarining buyruqlari bilan bu ishlarni qilganlar, deb xabar beradi Tengri News nashri.

Sud jarayonlari ochiq boʻlib, unda ayblanuvchilarning qarindoshlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishmoqda.

“Vatandoshlari nimalarga qoʻl urganini qozogʻistonliklarga koʻrsatish maqsadida shunday qaror qabul qilingan. Bu ayrimlar uchun ogohlantirish boʻlishi va ularni DAISH terrorchilik tashkilotiga qoʻshilish fikridan qaytarishi mumkin”, deydi Nur-Sultonlik huquqshunos Alibek Basheyev.

Avval qamalgan 15 nafar ID jangarisi kabi bu 14 ayblanuvchi ham jinoyat kodeksining bir nechta moddasi boʻyicha ayblangan, dedi u. Ularga terrorchilik guruhlar faoliyati, qurollangan nizolar, yollash va terrorchilik tashviqotida ishtirok etish ayblari qoʻyilgan.

“Islom davlatining tashviqoti, fanatizm va bosim shu darajada kuchli boʻlganki, ular Suriyaga kelib, u yerda yuz berayotgan vaxshiyliklarni koʻrib turib ham tashviqotni davom ettirganlar va yaqinlarini Qozogʻistondan kelib qurolli jihodda ishtirok etishga undaganlar” dedi Basheyev.

ID gumondorlarida birdamlik yoʻq, ular “oʻzlarini himoya qilib aybni bir-birlariga toʻnkamoqdalar”, deb qoʻshimcha qildi u.

Mahkama jarayoniga oʻz munosabatini bildirayotgan qozogʻistonliklar gʻazabnok fikr-mulohazalar qoldirmoqdalar.

“Ularni nega olib kelishdi? Fuqarolikdan mahrum qilish kerak edi, oʻsha yerda qolib ketsin edi”, deb yozadi internet foydalanuvchilaridan biri.

“Oqlanishlariga imkon bermang, ular u yerga oʻz ixtiyori bilan ketgan, nima uchun ketayotganini bilgan”, deb yozadi boshqa bir foydalanuvchi.

Yana bir onlayn foydalanuvchining fikricha, ular “u yerga odam oʻldirishga ketishgan, ular terrorchi va qotillar”.

Barcha yosh va turga mansub

Ayblanuvchilarning hammasi mutaxassislar, jumladan ruhshunoslar tomonidan aqli raso deb tan olingan, deb xabar beradi Baige News nashri. Ular asosan qishloq hududlaridan chiqqan fuqarolardir.

Baige News xabariga koʻra, Nur-Sultondagi mahkama ayblanuvchilaridan biri, turkistonlik 41 yashar Nurlan Kamalov Suriyadagi qozoq ayollari jamoatining amiri yoki qoʻmondoni boʻlgan. Uning oʻz shaxsiy haydovchisi va ofisi bor edi.

Xabarda aytilishicha, yana bir sudlanuvchi, Oqmola viloyatilik 33 yoshli Amanjol Yansengirov mergan boʻlgan va IDning “Amiyat” xavfsizlik xizmatida ishlagan. U toʻrt mahbusning boshini tanasidan judo qilib, kallalarni ushlab suratga tushganlikda ayblanayotgan sudlanuvchidir.

Atirau viloyatidan boʻlgan 34 yoshli sudlanuvchi Ermuxan Ayipqaliyev esa Suriyada jarohatlangani va qisman falaj boʻlgani sababli sudda ishtirok etolmagan. Ayni vaqtda u kasalxonada boʻlib turibdi.

Aqtoʻbe viloyatidan boʻlgan 32 yoshli Danabek Toʻrexanov Suriyaga kelganidan ID unga 3500 AQSH dollari (1,4 mln. tenge) toʻlaganini tan olgan, deya xabar beradi Baige News.

Aqtoʻbelik 31 yashar sudlanuvchi Dauren Sabituli Amerikaga qarashli Kubadagi Guantanamo qamoqxonasida oʻtirishni orzu qilganini, u yerda “jazo yengilroq” ekanligini aytgan, deb xabar beradi KTK telekanali.

Ayblanuvchilarning eng kattasi, qustanaylik 50 yashar Gazinur Baxijanov ilgari Qozogʻiston politsiyasida xizmat qilgan, deb xabar beradi Ostona televideniyesi. U 2013-yilda akasi bilan birga ID safiga qoʻshilish uchun Suriyaga joʻnab ketgan edi.

Baxijanov bilan suhbatlashgan psixologlarning soʻzlariga koʻra, u “har kim Allohning qonunlariga muvofiq yashashi kerakligi, bunga rozi boʻlmaganlar esa oʻz hayotini qurbon qilib haq toʻlashi kerak”, deb hisoblaydi.

Yangi xavf: “Yakka boʻrilar”

14-noyabr kuni Qozogʻiston Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti tomonidan chiqarilgan hisobotda terrorizmning kuchayib borayotgani haqida soʻz yuritilgan.

Hisobotga koʻra, “ekstremistlarga nisbatan bosim ortib borayotganiga qaramay, ular yashovchanlik xislatlarini namoyon etmoqda. Ular jangovar usullarni oʻzgartirib va tezda yangi sharoitlarga koʻnikmoqdalar”.

“Ushbu xavfli evolyutsiyaning mahsuli – “yakka boʻrilar”dir. Ularni anʼanaviy usullar bilan aniqlab boʻlmaydi va shuning uchun xavfsizlik idoralari ularining hujumlarini qaytarishga tayyor emas”, deyiladi unda.

Hisobotda aytilishicha, Suriya va Iroqdagi tayanch markazlaridan boʻlgan ID oʻz faoliyatini “viloyatlar” yoki tashqi bazalarga, jumladan Afgʻonistonga koʻchirishga harakat qiladi.

“DAISH (“Islom davlati”) bunga parallel ravishda internetdagi targʻibotni ham kuchaytiradi. Ijtimoiy tarmoqlar va turli veb-saytlar guruhning ekstremistik gʻoyalarni global miqyosda yoyinlash uchun asosiy vosita sifatida ishlatiladi”, deyiladi tadqiqotda.

Sizga maqola yoqdimi?
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha