NUR-SULTON – Qozogʻistondagi turli davlat idoralarining terrorga qarshi kurashga oid saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (MXQ) Aksilterror markazi bu yilgi yutuqlarni sarhisob qildi.
12-dekabr kuni Nur-Sultonda boʻlib oʻtgan brifingda maʼlum qilinishicha, joriy yil boshidan beri Qozogʻiston MXQ erta bosqichda uchta ehtimoliy terrorchilik hujumining oldini olishga muvaffaq boʻlgan.
Tashkilotchilar 6 yildan 18 yilgacha boʻlgan turli muddatlarga hukm qilingan.
Uch holatning birida “Islom davlati” (ID) tarafdorlaridan biri Olmaotadagi savdo markazlarida portlovchi moddalar va oʻqotar qurollar yordamida terrorchilik hujumlarini amalga oshirishni rejalagan.
Boshqa bir holatda “ID”ning uch izdoshi Qaragʻanda viloyatida teraktlar sodir etishni koʻzlagan edi.
Shuningdek, yil boshidan beri Qozogʻiston kuch tuzilmalari terrorizmga aloqadorlikda gumon qilingan va xalqaro qidiruvda boʻlgan 31 nafar xorij fuqarosini hibsga olib, vataniga topshirgan.
Qirqqa yaqin qozoq jangarisi va ularning oila aʼzolaridan 65 nafari hanuzgacha chet eldagi terrorchilik tashkilotlari safida qolmoqda, deb qoʻshimcha qiladi MXQ.
Bu yil Qozogʻiston xavfsizlik idoralari mamlakatning turli mintaqalarida yettita ekstremistik guruh faoliyatiga chek qoʻydi.
Yil boshidan beri shu kungacha jami 140 nafar ekstremist va terrorchi javobgarlik tortilgan.
Ular orasida “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi davomida vataniga qaytarilgan 14 nafar qozogʻistonlik ham bor. 2019-yilda Suriya va Qozogʻiston oʻrtasida amalga oshirilgan bir nechta aviareyslarni oʻz ichiga olgan insonparvarlik operatsiyasi davomida Suriyadan qariyb 600 fuqaro Qozogʻistonga qaytgan edi.
11-dekabr kuni Qozogʻiston sudi qaytganlardan 14 nafarini Suriyadagi terrorchilik harakatlarida ishtirok etishda aybdor deb topib, sakkiz yildan 14 yilgacha qamoq jazosiga hukm qildi.
Suriyadagi qozoq kontingenti ayollari amiri (qoʻmondoni) boʻlgan 41 yashar Nurlan Kamolov eng uzoq muddatga – 14 yilga kesilgan.
Prokurorlarga koʻra, mahkama ayblanuvchilari mudhish jinoyatlar sodir etishgan, dahshatli fotosuratlar va videolavhalar buni tasdiqlaydi.
Dalil sifatida taqdim etilgan fotosuratda sudlanuvchilardan biri – 33 yashar qozogʻistonlik erkak tanasiz boshlardan birini oyogʻi ostiga olib, ularning fonida suratga tushgan.
Sudlanuvchi terrorizm targʻibotiga oid videolavhalarda ham koʻrinish bergan boʻlib, oʻz qoʻmondonlarining buyrugʻiga binoan harakat qilganini aytgan, deb xabar beradi Tengri News.
Profilaktika choralari va oʻquv mashgʻulotlari
Qozogʻistonda olib borilayotgan reabilitatsiya choralariga kelsak, joriy yilda 162 ta mahbus deradikalizatsiya qilindi, deb xabar bergan MXQ. U Qozogʻistonda radikallashuvdan voz kechmaganlargina jazoga tortilishini qoʻshimcha qilgan.
2019-yilda Qozogʻistonda terrorchilikni targʻib etuvchi materiallarni oʻz ichiga olgan 14500 ga yaqin havolalar aniqlandi. Hozirda ularni bloklash choralari koʻrilmoqda.
Shu bilan birga, MXQ, jumladan uning Aksilterror markazi tomonidan muntazam ravishda aksilterror mashqlari oʻtkazib kelinmoqda. Xavfsizlik idoralari xodimlari joriy yilda 400 dan ortiq terrorchilikka qarshi treninglarda, jumladan keng koʻlamli mashgʻulotlarda qatnashdilar.
Oktyabr oyida Tarazda “Temiryoʻl - aksilterror 2019” xavfsizlik mashqlari oʻtkazildi, unda temiryoʻl obʼektlarining terrorizmga qarshi himoyasi va mamlakat maʼlumotlar tizimining kiberxavfsizlik darajasi tekshiruvdan oʻtkazildi.
Iyun oyida Qaragʻanda viloyatida “Sariarka - aksilterror 2019” mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.
Har ikkala mashgʻulot davomida Qozogʻiston maxsus kuchlari shartli terrorchilar va garovga olinganlar ishtirokidagi simulyatsiyada ishtirok etdilar.