Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Qozogʻiston politsiyasi narkojinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirmoqda

Aydar Ashimov

14-may kuni politsiya Turkiston viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro yetishtirgan koʻknorni musodara qildi. [Qozogʻiston IIV]

14-may kuni politsiya Turkiston viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro yetishtirgan koʻknorni musodara qildi. [Qozogʻiston IIV]

NUR-SULTON – Qozogʻiston huquq-tartibot idoralari mamlakatda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi va pul yuvishga qarshi kurash kampaniyasi doirasida giyohvandlik moddalarini musodara qilishda davom etmoqda.

Oxirgi besh oy ichida 1183 kg turli narkotik moddalar, jumladan geroin, sintetik giyohvand moddalar, gashish va marixuana musodara qilingan, deyiladi Qozogʻiston ichki ishlar vazirligining (IIV) 12-may kungi bayonotida.

“Narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasida ayblangan toʻrtta uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi”, deyiladi vazirlik xabarida. “Bundan tashqari, giyohvandlik moddalarini targʻib qilish yoki noqonuniy reklama qilish va pul yuvish bilan bogʻliq 20 ta holat aniqlangan.”

Giyohvand moddalar isteʼmoli jamiyat va uning zaif aʼzolariga zarar yetkazibgina qolmay, terrorchilar va ularning tarafdorlari narkotiklar savdosi va pul yuvish amaliyotlari yordamida oʻzlarining zoʻravonlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga urinadilar.

Turkiston viloyatida yashovchi fuqaroga tegishli koʻknor maydoni, 14-may. [Qozogʻiston IIV]

Turkiston viloyatida yashovchi fuqaroga tegishli koʻknor maydoni, 14-may. [Qozogʻiston IIV]

Politsiya nasha bilan toʻldirilgan shisha idishlarni musodara qilgan, 10-aprel, Jambil viloyati. [Qozogʻiston IIV]

Politsiya nasha bilan toʻldirilgan shisha idishlarni musodara qilgan, 10-aprel, Jambil viloyati. [Qozogʻiston IIV]

2019-yil oxirida Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) jinoiy guruhlar tomonidan terrorizmning moliyalashtirilishi bilan bogʻliq mavzudagi “Tinchlik bahosi” nomli hujjatli filmni namoyish etdi.

Turkum filmlarda giyohvand moddalar ishlab chiqaradigan jinoiy guruh va uning Rossiyada yashaydigan rahbari haqida hikoya qilinadi. Jinoiy xalqa Qozogʻistonda narkotik moddalar tarqatish bilan cheklanmay, ularni pochta orqali boshqa mamlakatlarga ham yuborgan.

Reydlar avjida

May oyida Qozogʻistonda narkotik moddalar bilan bogʻliq jinoyatlar soni oʻsgan, sababi bu vaqtda giyohvandlik oʻsimliklari hosil bera boshlaydi. Politsiya giyohvand moddalar tarqalishining oldini olish maqsadida reydlarni kuchaytirgan.

14-may kuni Turkiston viloyati politsiyasi 80 yashar mahalliy fuqarodan geroin va boshqa narkotiklar uchun ishlatiladigan 62 kg koʻknor giyohvandlik moddasini musodara qildi, deb xabar beradi IIV. Pensioner oʻzining xususiy hovlisida 5000 dona koʻknor oʻsimligini yetishtirgan.

Politsiya xabariga koʻra, shu kunning oʻzida Jambil viloyatida ikki fuqaro qoʻlga olindi, ulardan biri ikkinchisiga 1 kg gashish sotgani aniqlangan.

Qoʻlbola sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va sotish hajmi toʻxtovsiz oʻsib borayotgani kuzatilmoqda, deb xabar beradi MXQ.

Qozogʻiston politsiyasi 12-may kuni Pavlodar viloyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali sintetik giyohvand moddalar sotishda ayblangan narkofurushni qoʻlga oldi, deya xabar beradi IIV. U giyohvand moddalarni Aksu shahrida yashirib, soʻng mijozlarga ularning joylashuvi haqida maʼlumot bergan.

Shu kunning oʻzida Pavlodarda geroin va sintetik giyohvand moddalar sotuvchisi qoʻlga olinib, 5000 dozadan ortiq narkotik moddalar musodara qilindi, deb xabar beradi IIV.

Shuningdek, har yili iyundan oktyabrga qadar Chuy vodiysida giyohvand moddalar tashiladigan kanallarni aniqlash, koʻknor moddasini terish, qayta ishlash va tarqatilishining oldini olish maqsadida “Koʻknori” operatsiyasi oʻtkazib kelinmoqda. Ushbu operatsiya bu yil ham, koronavirus va karantin choralariga qaramay, odatdagi tartibda oʻtkaziladi.

“Huquq-tartibot idoralari tomonidan har yili oʻtkaziladigan “Koʻknori” operatsiyasi giyohvandlik savdosiga qarshi kurashda ishonchli tayanchdir”, deydi “Beybit Aspan” (Tinch osmon) nodavlat tashkiloti rahbari, tarazlik Ruslan Seksenbayev.

“Ushbu saʼy-harakatlar tufayli har yili (politsiyachilar) qora bozorga yetib borib, odamlarni oʻldirishi mumkin boʻlgan tonnalab giyohvandlik moddalarini musodara qiladilar” dedi u.

Mustaqillik yillarida Qozogʻiston giyohvandlik moddalari va narkofurushlarga qarshi kurash boʻyicha katta tajriba toʻpladi, deb qayd etdi Seksenbayev.

Politsiya “maxsus uskunalar va xizmat itlaridan foydalanmoqda”, dedi u. “Ular Chuy vodiysini vertolyotlar va dronlar yordamida kuzatmoqdalar.”

Bundan tashqari, “ular sobiq Sovet Ittifoqi va boshqa mamlakatlardagi hamkasblari tajribasini oʻrganmoqda. Bu allaqachon yoʻlga qoʻyilgan mexanizmlardir”, dedi Seksenbayev.

Vayronkor taʼsir

Jambil viloyati hokimligining xabar berishicha, 7-may kuni Tarazda oʻtgan xavfsizlik idoralari yigʻilishida bu yilgi “Koʻknori” operatsiyasining giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashdagi ahamiyati muhokama qilindi.

“Narkotik moddalar aylanmasining jamiyat taraqqiyotiga vayronkor taʼsiri kuchayib, jinoyatchilik va zoʻravonlikning oʻsishiga sabab boʻlmoqda”, dedi Jambil viloyati prokurori Nurgalim Abdirov.

“Katta maydonlarda yovvoyi koʻknor yetishtirish, shuningdek, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi tobora dolzarb muammoga aylanib bormoqda va ularga qarshi kurashni kuchaytirishni taqozo etmoqda”, deyiladi hokimlik bayonotida.

Hozirgi vaqtda ikki gektar maydondagi yovvoyi koʻknorni zamonaviy pestitsidlardan foydalangan holda yoʻq qilish sinovdan oʻtkazilmoqda, ammo Chuy vodiysida bu usulni keng miqyosda qoʻllash xavfsiz ekani haqida ekologlarning xulosasi zarur, deyiladi xabarda.

Maʼlumotlarga koʻra, “Koʻknori” operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash va biriktirilgan politsiya patrullari sonini oshirish boʻyicha mintaqaviy dasturni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Haqiqiy manzarani koʻrish uchun istalgan shaharning xira tumanlarini birrov kezib chiqish kifoya - podyezdlardagi shpritslar; devorlarni boʻyab yozilgan eʼlonlar - bu “isteʼmolchi” tarafidagi manzara. Hamma narsa shahar ichidagi “tomorqalar” bilan birga, xorijdan ham kirib keladi. Butun zanjir bundan foyda koʻradi; narkotiklarning juda kichik qismi musodara qilinadi, juda koʻpi aylanmaga chiqib ketadi. Balki, biz ham Filippinga oʻxshab kurasharmiz: shafqatsiz, lekin samarali, narkofurushlikka aloqadorlar - otuvga, qarindoshlari esa dafn marosimlari, tobut yasash va boshqa ishlarga hukm qilinishi kerakdir. Balki bizda ham oʻzgarish boʻlar? Sotuv hajmining oʻsishi bilan bogʻliq faktning oʻzi tepada narkotiklar savdosining “himoyachilari” borligiga dalolat qiladi. Keyin biz terrorchilarning oborotida buncha pul qayerdan, deb hayron boʻlib yuramiz...

Javob berish

Giyohvand moddalarni allaqachon yoʻq qilish kerak edi, arab davlatlari va Xitoy singari giyohvandlik uchun umrbod qamoq jazosi berish kerak.

Javob berish