Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻistonda ekstremizmning oldini olish boʻyicha onlayn strategiya joriy etilmoqda

Kseniya Bondal

Internet orqali maʼlumot qidirayotgan qozogʻistonlik erkak. [Aydar Ashimov]

Internet orqali maʼlumot qidirayotgan qozogʻistonlik erkak. [Aydar Ashimov]

OLMAOTA – Qozogʻistonlik imomlar, dinshunos olimlar va psixologlar ekstremizm tarqalishining oldini olish maqsadida onlayn tarzda faoliyat olib borishga oʻtmoqdalar.

Joriy yilning oxiriga kelib, Nur-Sulton shahrining din va psixologiya boʻyicha mutaxassislari ikki formatda – ham onlayn, ham oflayn tartibda ishlashni boshlaydi. Nur-Sultonning din ishlari boʻyicha shahar boshqarmasi va diniy muammolarni oʻrganish markazi tomonidan shunday qaror qabul qilindi.

Nur-Sulton shahar hokimligi matbuot xizmatining 19-avgust kungi bayonotiga koʻra, 17-avgustdan boshlab aholi orasidagi axborot-tushuntirish ishlari yangi formatda olib boriladi.

“Bular “Elorda_cipr” Instagram sahifasidagi har kuni jonli efir orqali oʻqiladigan onlayn maʼruzalar, shuningdek poytaxtdagi tashkilot va korxonalarda bevosita mutaxassislar ishtirokida oʻtkaziladigan yuzma-yuz suhbatlardir”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

“Barcha formatlarda [maʼruzachilar tomonidan] tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javoban toʻliq maʼlumot beriladi”, deyiladi xabarda.

Mutaxassislar 17-avgustdan beri Nur-Sultondagi bir qator bozorlar va savdo markazlarining sotuvchilari va xodimlari bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

Ular dinga oid qonunlar, buzgʻunchi oqimlarning xavfi va jangarilikka yollovchilardan himoyalanish yoʻllari toʻgʻrisida maʼlumot berishgan.

Bu kabi uchrashuvlarni oʻtkazish sanitar-epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda yil oxirigacha davom etishi koʻzda tutilgan.

Onlayn manbalar bilan ekstremizmga qarshi kurash

“Hozirda, karantin sababli, koʻpchilik boʻlib yigʻilish mumkin emas”, deydi ekstremizmning oldini olish boʻyicha olmaotalik mutaxassis Asilbek Izbairov koronavirus pandemiyasini nazarda tutib.

Internet orqali faoliyat “boshqa shaharda auditoriya bilan ishlash uchun vaqt sarflab qayergadir borishga hojat yoʻq” degani, deydi Izbairov. “Muhokama yoki maʼruza uchun auditoriya toʻplashga ofis qidirish kerak boʻlmaydi.”

Ammo, masofadan turib ishlash – tinglovchilarni his qilib boʻlmagani sababli yuzma-yuz uchrashuvdek boʻlmaydi, dedi u.

“Tinglovchilarning maʼruzangizga qiziqishi soʻnib borayotganini koʻrsangiz, darhol chorasini koʻrib, nazoratni oʻz qoʻlingizga olishingiz mumkin”, dedi Izbairov yuzma-yuz uchrashuvlarni nazarda tutib.

“Jarroh onlayn aloqa yordamida xavfli oʻsimtani olib tashlay olmagani kabi, radikal gʻoyalar bilan ogʻir kasallangan odamga toʻliq yordam berishning imkoni yoʻq”, deb qoʻshimcha qildi u.

Masofadan turib ishlash hatto radikallashgan odamlar uchun ham foydali boʻlishi mumkin, deb hisoblaydi Olmaotadagi Al-Farobiy nomli Qozogʻiston milliy universitetining dinshunoslik kafedrasi doktoranti Yerlan Dosmagambetov.

Radikallashgan fuqarolar bilan olib boriladigan ishlar samarali boʻlishi uchun diniy mutaxassis yoki dinshunos bilan ular oʻrtasida muloqot yoʻlga qoʻyilgan boʻlishi kerak, dedi u.

“Adashganlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish nozik va mashaqqatli ishdir, shu bois reabilitatsiya qilinayotgan shaxs bilan psixologik aloqa oʻrnatilishi zarur”, - deydi u.

Dosmagambetov “reabilitatsiya qilinganlar orasida, telefon suhbati chogʻida oʻzining sobiq maslakdoshiga “bizni tinglab koʻrishni” maslahat berganlar boʻlganini aytdi.

Terrorizmga oid jinoyatlarda ayblanganlar

Yil boshidan beri Qozogʻiston sudlari 32 nafar sudlanuvchini terrorizm bilan bogʻliq jinoyatlarda aybdor deb topdi. Bu haqda 20-avgust kuni Amerika huquqshunoslar uyushmasining Qonun ustuvorligi tashabbusi (ABA ROLI) bilan hamkorlikda oʻtkazilgan onlayn anjuman chogʻida Qozogʻiston Oliy sudi sudyasi Yerden Aripov maʼlum qilgan.

“Ilgari terrorizmga qarshi kurash boʻyicha global reytingda mamlakatimiz oʻrtacha xavf koʻrsatkichiga ega edi, endilikda esa Qozogʻiston terrorizm tahdidi sezilarsiz boʻlgan mamlakatlar qatoriga kirgan”, dedi Aripov uchrashuvda.

Sudlangan 32 nafar shaxs ikki yildan 12 yilgacha boʻlgan jazo muddatlarini olgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500