AR-RIYOD – 8-mart kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Fors koʻrfaziga 4 kunlik safarini boshladi. Bu tashrif manfaatlar ziddiyati, iqtisodiy opportunizm va yuzaki siyosiy dabdaba bilan toʻla, deydi mahalliy kuzatuvchilar.
U BAA, Saudiya Arabistoni va Qatarga tashrif buyurishni rejalashtirgan.
Lavrov seshanba kuni “ikki tomonlama siyosiy muzokaralar” olib borish uchun ilk manzil – BAAga yetib keldi, deb xabar beradi Rossiyaning “TASS” axborot agentligi.
Shuningdek, u Moskva va koʻrfazning uch davlati oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qiladi, deb xabar berdi Rossiya TIV.
Rossiya opportunizmi namoyishi
Tahlilchilarga koʻra, bu tashrif Moskvaning strategik jihatdan muhim mintaqaga kirish hamda iqtisodiy va siyosiy manfaatlarni qoʻlga kiritishga qaratilgan yashirin urinishidir.
Rossiya AQSH va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi ehtimoliy ziddiyatlardan foydalanib qolishga urinmoqda, deydi qirol Saud universitetining siyosiy fanlar fakulteti oʻqituvchisi Abdulla ad-Doxil.
Aslini olganda, Saudiya-AQSH munosabatlari har tomonlama iqtisodiy, xavfsizlik va harbiy sheriklikka asoslangan strategik munosabatlar boʻlib, tomonlarning oʻzaro ishonchi bilan mustahkamlanadi, dedi u.
“Rossiya yoki boshqa mamlakat tomonidan bu munosabatlarga putur yetkazish yoʻlidagi har qanday urinish – hech qanday natija bermaydigan koʻzboʻyamachilikdir”, dedi u.
Moskva Saudiya Arabistoni va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasidagi ehtimoliy kelishmovchilikka eʼtiborini qaratib, xato qilayotgan koʻrinadi.
Saudiya Arabistoni AQSH bilan sheriklik aloqalarining “mustahkam va barqaror sheriklik” ekanligini taʼkidlamoqda – bu haqda 26-fevral kuni mamlakat tashqi ishlar vazirligi bayonot bergan.
Shuningdek, taxminlarga koʻra, Fors koʻrfaziga safari chogʻida Lavrov Rossiya harbiy texnikasini sotishga urinib koʻradi, deb yozadi 9-mart kuni Modern Diplomacy nashri.
Ammo Saudiya Arabistoni hozircha bunga qiziqish bildirayotgani yoʻq.
Rossiya vaziyatdan foydalanib qolmoqchi
Daxilning soʻzlariga koʻra, Qoʻshma Shtatlar Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) va ularning vositachilari yoki “Islom davlati” (ID) va “Al-Qoida” kabi ekstremistik kuchlar tarafidan Fors koʻrfazi davlatlariga qarshi qaratilgan tahdidlarda ular tarafida qatʼiy turibdi.
Uning soʻzlariga koʻra, yoʻq joydan sahnada paydo boʻlgan Rossiya endilikda mavjud vaziyatdan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishni koʻzlayotganga oʻxshaydi.
Lavrovning 2019-yil mart oyida Fors koʻrfaziga uyushtirgan safari yakunlari boʻyicha Yaqin Sharq institutining hisobotida aytilishicha, Rossiyaning Fors koʻrfazi mintaqasidagi manfaatlari energetika, harbiy masalalar, xususan qurol-yarogʻ savdosi va investitsiyalarni oʻz ichiga oladi.
Shunga qaramay, bu mintaqada Rossiya u qadar sezilarli taʼsirga ega emas.
“Moskva Fors koʻrfazi mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlikka urgʻu berish muhimligini yaxshi biladi, chunki uning mintaqadagi siyosiy taʼsiri qudratli Gʻarb davlatlarinikiga nisbatan zaiflashib borayotganini tushunadi”, deyiladi YaShI hisobotida.
“Moskvaning Fors koʻrfazidagi taʼsiri nafaqat AQSHning mintaqadagi siyosiy va harbiy ustunligi, balki ishonchsizlik tufayli ham cheklanib qolmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.
Ishonchning bu qadar kamligi, eng avvalo, Rossiya-Eron aloqalarining yaqinligi bilan bogʻliq.
Manfaatlar toʻqnashuvi
Tarixan Fors koʻrfazi va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar tijoriy almashinuv va iqtisodiy bitimlarga asoslangan diplomatik aloqalar boʻlib kelgan, deydi xalqaro munosabatlar boʻyicha qatarlik mutaxassis Mahmud Abdul Munaym.
“Rossiyaning Fors koʻrfazi davlatlari bilan aloqalarini bu mamlakatlarning AQSH bilan munosabatlariga taqqoslab boʻlmaydi”, dedi u.
Fors koʻrfazi davlatlari AQSH bilan oʻzaro munosabatlarni xavf ostiga qoʻyib, Rossiya bilan aloqalarni chuqurlashtirishga bormaydi, zero ular Rossiyaning Eron va boshqa davlatlar bilan yoʻlga qoʻygan oʻzaniga u qadar ishonmaydilar, dedi u.
Rossiyaning mintaqadagi rejalari va manfaatlari Fors koʻrfazi davlatlarining manfaatlariga zid keladi, dedi Abdul Munaym, bu esa Fors koʻrfazi davlatlari xavfsizligiga nisbatan “taqiq chizigʻi” bilan teng.
Uning soʻzlariga koʻra, AQSHning Fors koʻrfazidagi hozirligi mintaqa uchun xavfsizlik klapani hisoblanadi, buni soʻnggi voqealar ham tasdiqlaydi.
Uning soʻzlariga koʻra, aynan shu sababli Rossiyaning AQSH-Fors koʻrfazi munosabatlari hisobiga diplomatik va siyosiy yutuqlarni qoʻlga kiritish yoʻlidagi urinishlari “behuda harakatdir”.
Va yana Rossiyaning tugʻma tentakligi ham xalaqit beradi.
Javob berishFikrlar 1