Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Pokiston-Oʻzbekiston kelishuvlari yangi hamkorlik davrini boshlab bermoqda

Ziyo Ur-Rahmon

12-iyul kuni Pokiston-Afgʻoniston chegarasidagi Torham chegara punktiga yaqinlashayotgan yuk mashinasi. [Ziyo Ur-Rahmon]

12-iyul kuni Pokiston-Afgʻoniston chegarasidagi Torham chegara punktiga yaqinlashayotgan yuk mashinasi. [Ziyo Ur-Rahmon]

ISLOMOBOD – Pokiston va Oʻzbekiston oʻrtasida imzolangan soʻnggi bitimlar, shu jumladan Afgʻoniston orqali tovar ayirboshlashni oʻz ichiga oluvchi shartnomalar mintaqaviy integratsiya va barqarorlik yoʻlidagi muhim voqea boʻldi, deydi rasmiylar.

15-iyul kuni Toshkentga oliy darajadagi delegatsiya boshchiligida tashrif buyurgan Pokiston bosh vaziri Imron Xon turli sohalarda, jumladan savdo va sarmoyaviy sohada Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirishga oid bir qator shartnomalarni imzoladi.

“Pokiston Markaziy Osiyo, ayniqsa mintaqadagi eng yirik iqtisodiyotlardan biri boʻlgan Oʻzbekiston bilan yaqin aloqalar va chuqur hamjihatlikka katta ahamiyat qaratadi”, dedi Xon yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston-Pokiston biznes forumining ochilish marosimida.

Pokistonning Oʻzbekiston bilan aloqasi muhim ahamiyatga ega, zero savdoning yaxshilanishi mintaqadagi farovonlik va taraqqiyot uchun yoʻl ochadi, dedi u.

Eronning Bandar-Abbos port shahri yaqinidagi kemalar, 2019-yilning 30-aprel kuni olingan surat. [Atta Kenare/AFP]

Eronning Bandar-Abbos port shahri yaqinidagi kemalar, 2019-yilning 30-aprel kuni olingan surat. [Atta Kenare/AFP]

Xonning tashrifi oʻzaro hamkorlik va qoʻshma korxonalarning yangi davrini boshlab beradi, dedi Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ikki mamlakat oʻrtasidagi mustahkam aloqalarni taʼkidlar ekan.

Xonning tashrifidan bir kun avval tomonlar hamkorlikni jadallashtirish maqsadida hukumatlararo komissiya majlisi oldidan qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari, taʼlim va qazilma boyliklar sohalarda qoʻshma ishchi guruhlar tuzishga kelishib oldilar, deyiladi Pokiston hukumati 14-iyul kungi bayonotida.

Uchrashuvga Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov va Xonning savdo va investitsiyalar boʻyicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud hamraislik qildilar.

Ular Oʻzbekiston va Pokistonni bir-biri bilan bogʻlaydigan transafgʻon yoʻlagi ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-sotiqni rivojlantirishda muhim rol oʻynashini eʼtirof etdilar.

Ikkala mamlakat sanoat sohasidagi hamkorlik, jumladan toʻqimachilik sanoatida qoʻshma korxonalar tashkil etish, qishloq xoʻjaligi texnikasini yigʻish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash orqali sheriklik aloqalarini chuqurlashtirishga kelishib oldilar.

Tomonlar umumiy qiymati 500 million dollarlik bitimlarni imzoladilar, deb yozadi Tashkent Times nashri.

Hamkorlik yoʻnalishlari

Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari koʻpincha xalqaro savdo-sotiqni amalga oshirishda Eron portlariga tayanishga majbur. Pokiston ularni oʻzining dengiz portlaridan foydalanishga undamoqda.

Oʻzbekiston oʻz mahsulotlarini Eronning Bandar-Abbos porti orqali eksport qiladi, buning uchun quruqlik orqali uzoq yoʻl bosib oʻtiladi, deydi tashqi savdo bilan shugʻullanuvchi karachilik tadbirkor Mujtaba Husayn.

“Afgʻoniston orqali Pokistonning Karachi shahriga boradigan yoʻl Eronning Bandar-Abbosigacha boʻlgan yoʻldan taxminan 2800 km qisqaroq”, dedi u.

Ayni paytda Oʻzbekiston bilan Pokiston oʻrtasida quruqlik marshrutlari ishlab chiqilmoqda.

Xalqaro yuk tashish marshrutlari (TIR) konvensiyasiga binoan, yil boshida bu ikki mamlakat Afgʻonistondagi turli yoʻnalishlarni baholash uchun tajriba tarzida yuk mashinalari almashdilar.

“TIR protsedurasi tovarlarni xalqaro chegaralar orqali bojxona nazorati ostida, odatda import (yoki eksport qilish) vaqtida olinadigan bojlar va soliqlarni toʻlamasdan olib oʻtishga imkon beradi”, deyiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida.

Dori-darmon ortilgan yuk mashinasi 9-aprel kuni Karachidan chiqib, Afgʻoniston va Oʻzbekiston orqali 4-may kuni Toshkentga yetib kelgan.

Xuddi shu tarzda, charm buyumlar yuklangan Oʻzbekiston mashinasi 9-may kuni Toshkentdan joʻnab ketdi va 11-may kuni Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi Torxam chegara punktiga yetib keldi. Yuk mashinasi 13-may kuni Faysalobodga yetib borgan.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) loyihani texnik va moliyaviy qoʻllab-quvvatladi. Ushbu tashabbus “mintaqaviy savdo integratsiyasi va aloqalarini rivojlantirishga” qaratilgan, deydi USAID.

“Biz yuklarni TIR konvensiyasi asosida tashishni rejalashtirdik, chunki tarixda ilk bor Oʻzbekistondan chiqqan yuk mashinasi Pokistonga... 48 soat ichida yetib keldi”, dedi Xonning savdo va investitsiyalar boʻyicha maslahatchisi Dovud 4-iyul kuni Pokiston ommaviy axborot vositalariga, deb xabar beradi Express Tribune.

“Pokiston hukumati tashuvchilarga mamlakatning eskirgan logistika tarmogʻini yangilash uchun kredit berish masalasini koʻrib chiqmoqda”, dedi u.

Afgʻonistondagi tinchlik saʼy-harakatlari

Xonning tashrifi AQSH va NATO kuchlarining olib chiqilishi fonida Afgʻonistonda tinchlikni oʻrnatishga oid mintaqaviy saʼy-harakatlar ortidan amalga oshmoqda.

Pokiston, Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Qoʻshma Shtatlar iyul oyi oʻrtalarida Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda mintaqaviy savdo va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan yangi toʻrt tomonlama diplomatik platformani shakllantirdilar.

“Gullab-yashnayotgan mintaqalararo savdo yoʻllarini ochish yoʻlidagi tarixiy imkoniyatni anglagan holda, tomonlar savdo-sotiqni kengaytirish, tranzit aloqalari oʻrnatish va biznes munosabatlarini mustahkamlash uchun hamkorlik qilish niyatida”, deyiladi xabarda.

Anjuman doirasida Xon va Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani Toshkentda uchrashuv oʻtkazdilar. Ikki davlat rahbarlari “Pokiston-Afgʻoniston oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida kelishib oldilar”, deb bayonot berdi Pokiston tashqi ishlar vazirligi 16-iyul kuni.

Tomonlar “xavfsizlik sohasidagi xavotirli muammolar yuzasidan ikki tomonlama mexanizmni rivojlantirishga oid oʻzaro maslahatlashuvlar orqali zarur choralar koʻrishga” kelishib oldilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500