Karvonsaroy
Inson huquqlari

Qozogʻistonda sovetlar davridagi terror haqida hikoya qiluvchi yangi film suratga olinmoqda

Kanat Altinbayev

16-noyabr kuni Olmaota shahrida Axmet ​​Boytursunov haqidagi “Soʻnggi hukm” filmi ekranlarga chiqadi. [Milliy kinochilikni qoʻllab-quvvatlash davlat markazi]

16-noyabr kuni Olmaota shahrida Axmet ​​Boytursunov haqidagi “Soʻnggi hukm” filmi ekranlarga chiqadi. [Milliy kinochilikni qoʻllab-quvvatlash davlat markazi]

OLMAOTA – “Soʻnggi hukm” nomli yangi filmi qozoq yoshlariga Qozogʻistondagi sovetlar davriga oid haqiqatlarni oshkor qilib, milliy qadriyatlarni himoya qilgani uchun rejim tarafidan oʻldirilgan qahramonlar bilan tanishtiradi, deydi filmni suratgan olayotgan kinoijodkorlar.

Kelasi yili qozoq yozuvchisi va jamoat arbobi Axmet ​​Boytursunov tavalludining 150 yilligiga bagʻishlangan filmni suratga olish ishlari noyabr oyida Olmaotada boshlangan.

Film 1937-yilda Iosif Stalin qatagʻonlari avj olgan mahal sovet tuzumi tomonidan “xalq dushmani” sifatida otuvga hukm qilingan Boytursunov haqida hikoya qiladi.

Sovetlarning Ichki ishlar xalq komissarligi – NKVD uni oʻsha yili qatl qilgan edi.

27-noyabr kuni Olmaotada olingan bu suratda 1930-yillarda Sovet rejimi tomonidan oʻldirilgan Axmet ​​Boytursunov va boshqa koʻplab qozoq milliy qahramonlari saqlangan sobiq NKVD qamoqxonasi aks etgan. Bu binoda NKVD xodimlari kommunistik mafkuraga qarshi kurashda gumon qilingan mahbuslarni soʻroq qilib, qiynoqqa solishgan. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

27-noyabr kuni Olmaotada olingan bu suratda 1930-yillarda Sovet rejimi tomonidan oʻldirilgan Axmet ​​Boytursunov va boshqa koʻplab qozoq milliy qahramonlari saqlangan sobiq NKVD qamoqxonasi aks etgan. Bu binoda NKVD xodimlari kommunistik mafkuraga qarshi kurashda gumon qilingan mahbuslarni soʻroq qilib, qiynoqqa solishgan. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

1937-yil dekabrda NKVD tomonidan otib oʻldirilgan Boytursunov yashagan Olmaotadagi uy-muzey, 27-noyabr kungi surat. [Qanat Altinbayev/Karvonsaroy]

1937-yil dekabrda NKVD tomonidan otib oʻldirilgan Boytursunov yashagan Olmaotadagi uy-muzey, 27-noyabr kungi surat. [Qanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Qozogʻiston Qozogʻiston Madaniyat va sport vazirligining buyurtmasi asosida Milliy kinematografiyani qoʻllab-quvvatlash davlat markazi koʻmagida yaratilayotgan filmni suratga olish ishlariga ikki tajribali rejissyor – Yerlan Nurmuhambetov va Yergen Tokmurzin boshchilik qilmoqda.

Nurmuhambetovning “Yongʻoq daraxti” filmi 2015-yilda Janubiy Koreyaning Pusan ​​xalqaro kinofestivalida “Yangi oqimlar” yoʻnalishida bosh mukofotni qoʻlga kiritgan edi.

Qozogʻistondagi qishloq hayotining mashaqqatlarini aks ettiruvchi film boshqa xorijiy kinofestivallarda ham koʻplab sovrinli oʻrinlarga sazovor boʻlgan.

Uning oxirgi filmi – “Ot oʻgʻrilari. Vaqt yoʻllari” bu yil Fransiya kinoteatrlarida namoyish etildi.

Shuningdek, Tokmurzin koʻplab hujjatli filmlarga rejissyorlik va prodyuserlik qilgan.

Boytursunov haqida

Boytursunovning butun hayotini qamrab oluvchi yangi kinofilm va asosan Olmaota va Sharqiy Qozogʻiston viloyatida suratga olinadi. Suratga olish ishlari 2022-yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Film ijodkorlari Boytursunov hibsda saqlangan NKVD qamoqxonasi gavdalantirishda Olmaotadagi sobiq qamoqxonadan foydalangan.

1872-yilda tavallud topgan Boytursunov maʼrifatparvar, islohotchi-olim, qozoq tilshunosligi va adabiyotshunosligining asoschilaridan biri edi.

U arab yozuviga tayangan holda qozoq alifbosini isloh qildi. Shu kungacha Xitoy, Afgʻoniston va Erondagi etnik qozoqlar uning alifbosidan foydalanadilar.

Shuningdek, Boytursunov siyosat bilan ham shugʻullangan: u Qozogʻiston davlatchiligi gʻoyasini ilgari surgan va Kommunizmga qarshi kurashda qozoq xalqini birlashtirishni koʻzlagan “Alash” ozodlik harakati yetakchilaridan biri boʻlgan.

Mana shu faoliyatlari uchun 1937-yilda NKVD uni “aksilinqilobiy” va “xalq dushmani” deb ayblab, otib tashlagan.

Qozogʻiston hukumati 1988-yilda Boytursunovning oʻlimidan keyin uni oqlagan, Qozogʻistondagi koʻchalar, maktablar va bir qator universitetlarga uning nomi berilgan.

1993-yil Olmaotada hayotining soʻnggi yillarini oʻtkazgan uyda Boytursunovning xotira muzeyi ochilgan boʻlib, Qozogʻiston hukumati uning xotirasiga yodgorlik barpo etgan.

Kelgusi yilda mamlakat boʻylab UNESCO shafeligida Boytursunov tavalludining 150 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, kelasi yil Boytursunovning tanlangan asarlarini rus, ingliz va turk tillariga tarjima qilish hamda 12 jildlik toʻplamini chop etish moʻljallangan.

Sovet terrori

Boytursunovning hayotini yorituvchi film 1930-yillarda diktatura siyosatiga rozi boʻlmagani yoki shunchaki gumondorga aylangani uchun Stalin rejimi tomonidan qatl etilgan koʻplab qozoqlardan birining taqdirini koʻrsatib bergan.

Qozogʻistonning Al-Farobiy milliy universitetida tarixdan dars beradigan Anuar Galiyevning Karvonsaroyga aytishicha, Buyuk terror davrida uning oilasi ham talofat koʻrgan.

Uning buvasi, Qustanay viloyati prokurori Moldagali Sagdagaliyev “Yaponiya josusi” ayblovi bilan 1938-yili Olmaotaning Janaliq viloyatida otib oʻldirilgan .

Galiyevning buvisi oʻlim jazosidan qutulib qolgan boʻlsa-da, “vatan xoinining” qarindoshi sifatida 19 yil qamoqda oʻtirgan.

“Sovet rejimi qozoq ziyolilarini yoʻq qilib yuborgan, chunki ularning aksari tanqidiy qarashga ega va Stalinning sotsializm modeliga toʻsqinlik qilishi mumkin edi”, deydi Galiyev.

Stalin qatagʻonlari nafaqat ziyolilar, balki dehqonlarni ham chetlab oʻtmagan, deb qoʻshimcha qildi u.

“Stalin rejimi muxolifatning kuchini qirqish maqsadida “quloqlar” deb tanilgan, majburiy kollektivlashtirish siyosatiga qarshilik qilgan boy dehqonlarni jazolagan yoki badargʻa qilgan”, deydi Galiyev.

2013-yilning yoz oylarida Janaliqda quvur yotqizish ishlari chogʻida tergovchilar keyinchalik 168 nafar Stalin qurbonlari deb aniqlagan odamlarning qoldiqlari topilgan. Ular NKVD tarafidan ommaviy qatl qilinib, bir joyga koʻmilganlar.

U yerda hozir yodgorlik qad koʻtargan.

Stalinning minglab qurbonlari, aksariyati qozoq millatiga mansub qahramonlarning qabrlari hamon topilmagan, deydi Qozogʻistonning siyosiy repressiya qurbonlari uyushmasi raisi olmaotalik Jumabek Ashuuli.

“Bunday topilmalarga koʻproq eʼtibor qaratishimiz va boshqa qoldiqlarni ham izlashimiz kerak”, deydi Ashuuli.

1937–1938-yillarning oʻzida Sovet hukumati Qozogʻistonda 100 mingdan ortiq odamni nohaq ayblab, ulardan 25 mingni otib tashlagan, deb xabar beradi Qozogʻiston hukumati.

Yosh avlodni tarbiyalash

Boʻlajak film oʻsib kelayotgan yosh avlodga tarixdan saboq beradi, deydi bosh rolni ijro etuvchi Azamat Sotioldi.

“Axmet ​​Boytursunov qozoq xalqining ozodligi uchun kurashgan milliy qahramon edi”, dedi Sotiboldi Karvonsaroyga. – Oʻz oʻtmishimiz, oʻsha davrning buyuk shaxslari, muhim voqealari haqida tez-tez soʻzlab turishimiz kerak.

Kelajak avlod oʻtmishdagi buyuk shaxslarni bilishi va xotirlashi uchun Qozogʻistonda Baytursinovga oʻxshagan shaxslar haqida koʻproq filmlar suratga olinishi kerak, dedi Sotiboldi.

“Soʻnggi hukm” – Qozogʻistonning Sovet tuzumi yashirgan fojiali tarixni qayta tiklash va yoritishga qaratilgan saʼy-harakatlarining bir qismidir.

1997-yildan beri har yili 31-may kuni mamlakatda Stalin qatagʻoni qurbonlarining xotirasi yodga olinadi.

2020-yil noyabrda Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev “Sovet davridagi siyosiy qatagʻon qurbonlarining barcha toifalariga nisbatan tarixiy adolatni tiklash” uchun masʼul boʻlgan Siyosiy qatagʻon qurbonlarini oqlash boʻyicha Davlat komissiyasini tuzishga buyruq bergan edi.

Yanvar oyida mahalliy striming xizmatlarida Olmaotadagi “MG Productions” kompaniyasi suratga olgan “Dasht yigʻisi” filmi taqdim etildi. Unda 1930-yillarda Stalinning majburiy kollektivlashtirish siyosati natijasida yuzaga kelgan Qozogʻistondagi ocharchilik dahshatlari yoritiladi.

Film Qozogʻistonda 1930-yillarda yuz bergan fojia haqida hikoya qiladi – oʻsha paytda sovet hukumati badavlat qozoqlarning mol-mulkini, asosan chorva mollarini musodara qilgani va kollektivlashtirgani oqibatida ommaviy ocharchilik yuzaga kelgan va aholining katta qismi nobud boʻlgan edi.

Qozogʻiston hukumatiga koʻra, oʻsha yillarda 1,5 million nafar qozoq fuqarosi ochlikdan nobud boʻlgan.

Biroq, 1937-yili Moskvada qatl etilgan qozoqlarning milliy yetakchisi Alixon Bukeyxon maʼlumotlarida qurbonlar soni 4 milliondan oshgani aytiladi.

“Sovet davrida Qozogʻistonda ocharchilik haqida gapirish taqiqlangan boʻlsa, bugungi kunda Nur-Sulton hukumati tarixdagi ogʻriqli hodisalarga munosabatini oʻzgartirib, maʼrifiy filmlar yaratish va targʻib qilishga moliyaviy koʻmak bermoqda”, deydi “Dasht yigʻisi” filmining prodyuseri Yernar Malikovning Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Qozogʻistonlik yoshlar ajdodlari boshdan kechirgan voqealardan bexabar, milliy qahramonlarimizni bilmaydi, lekin biz oʻtmish saboqlarini unutmasligimiz kerak”, dedi Malikov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 6

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ha, qizilqorinlar Gitlerdan ham koʻproq jinoyatlar sodir etishgan

Javob berish

Boylar va xoʻjayinlarning hozirgi jinoyatlari haqidagi haqiqatni ham ochiqlash kerak

Javob berish

Golodomor vaqtida Ukrainada chegara yaqinida yashovchilar oziq-ovqat uchun Rossiyaga borishgan. Bu ruslarning och yashamaganini isbotlaydi.

Javob berish

Volgaboʻyida onalar bolalarini yegan. Butun dasht jasadlarga toʻlib ketgan edi. Nima deyapsiz, millatchilar? Golodomor hamma joyda boʻlgan

Javob berish

Sovet tuzumi tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqidagi bor haqiqatni oshkor qilish kerak. Chunki soʻnggi vaqtlarda Rossiya propagandasi uning ideal mamlakat boʻlganini isbotlashga urinmoqda.

Javob berish

Tashviqot emas, biz, oddiy odamlar jazavaga tushmoqda. Ha, mukammal mamlakat: doʻstona odamlar, bepul taʼlim, tibbiyot, kvartiralar. Hech kimga bolasining operatsiyasi uchun xayriya puli yigʻish shart emas.

Javob berish