TOSHKENT – Oʻzbekistonda shu oy oʻtkazilgan harbiy oʻquv mashqlari mamlakat kurolli kuchlarining zamonaviy xavf-xatarlar, jumladan terrorchilar va noqonuniy qurolli tuzilmalarga qarshi tayyorgarligini oshirishga qaratildi.
9-13-aprel kunlari Fargʻona vodiysining Sharqiy harbiy okrugida Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi (IIV), Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya, Bojxona qoʻmitasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
“Harbiylar mintaqada vaziyatning beqarorlashuviga yoʻl qoʻymaslik va chegara tumanlarida jamoat xavfsizligini saqlash choralarini mashq qildilar”, deyiladi Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Harbiy-oʻquv mashgʻulotlari chogʻida ishtirokchi kuchlar yuqori darajadagi jangovar shay holatga keltirilgan.
“Oʻylaymanki, Fargʻona vodiysiga eʼtibor qaratilgani tasodif emas”, deydi oʻzbekistonlik siyosiy tahlilchi Umid Asatullayev Karvonsaroy bilan suhbatda. “Bu aholi eng zich joylashgan hudud, bu yerda koʻproq konservativ va dindor qatlam istiqomat qiladi”.
“Bundan ancha oldin yoʻq qilingan Oʻzbekiston Islom harakati (OʻIH) ham aynan shu hududdan chiqqan”, dedi Asatullayev bir vaqtlar mintaqada faoliyat olib borgan terrorchilik guruhini nazarda tutib. “Baʼzida nizo hududiga aylanishi mumkin boʻlgan anklav va eksklavlar mavjud.”
Tayyorgarlik sinovi
Oʻtgan yilning noyabr oyida Oʻzbekiston oʻz tarixidagi eng yirik harbiy mashqlarni oʻtkazgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Oʻzbekiston xavfsizlik kengashi yigʻilishida harbiy mashqlarni sarhisob qilar ekan, “qisqa fursatlarda harbiy qismlar tuzilmasining yangilangani, samarasiz ishlayotgan va bir-birini takrorlovchi qismlar tugatilganini” qayd etgan.
“Natijada harbiylarni qoʻllab-quvvatlash sarf-xarajatlari qisqardi”, deb qoʻshimcha qilgan u.
Bu orada Oʻzbekiston Qurolli kuchlari qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlashni davom ettirib, xalqaro tajribaga ega boʻlmoqda.
Oʻtgan yilning iyun oyida Oʻzbekiston va Qozogʻiston “Dasht erkinligi” deb nomlangan hamkorlikdagi harbiy oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazdi, unda ishtirok etgan ikki mamlakatning maxsus kuchlar boʻlinmalari shartli jangarilar guruhiga qarshi harakat qilgan.
“Hamkorlikdagi mashgʻulotlar maxsus kuchlarimiz oʻrtasida uygʻunlik va oʻzaro tushunish mavjudligini koʻrsatdi”, degan edi Oʻzbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov.
Oʻtgan yilning sentyabrida Oʻzbekiston Tojikiston bilan hamkorlikda “Choruxdayron” harbiy poligonida oʻquv mashqlarini oʻtkazgan.
Uch kunlik harbiy mashgʻulotlar chogʻida ikki mamlakatning terrorizmga qarshi kurash boʻlinmalari hududlardan biriga bostirib kirgan shartli terrorchilik guruhini bartaraf etishni mashq qildilar.
“Bu mintaqaviy hamkorlikning ramziga aylangan chinakam tarixiy mashqlar boʻldi”, deydi tahlilchi Asatullayev.
“Besh yil avval Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov davrida ikki mamlakat oʻrtasidagi sovuqchilik sabab, oʻzbek askarlarining Tojikistonga borishini tasavvur ham qilib boʻlmasdi”, dedi u. “Hozir bularning bari oʻtmishda qoldi va yangi davr boshlandi.”
Oʻzbekiston qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlash bilan birga, xalqaro hamkorlar bilan ham mashgʻulotlar oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi xabariga koʻra, 22-27-aprel kunlari Jizzax viloyatida Oʻzbekiston, Turkiya va Pokiston ishtirokida qoʻshma harbiy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda. Maqsad – amaliy koʻnikmalarni oshirish va tajriba almashishdir.
AQSH bilan hamkorlik
Shu bilan birga, Oʻzbekiston mamlakat qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishga koʻmaklashayotgan Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlikni jadallashtirmoqda.
Oʻtgan yilning noyabrida Azizov AQSHni “ishonchli va vaqt bilan sinalgan” hamkor, deb atagan edi.
Yanvar oyida oʻzbekistonlik harbiylar “maxsus kuchlar” tarixida ilk marotaba AQSHdagi harbiy mashqlarda ishtirok etishdi. Mashgʻulotlar AQSH Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda “Kemp-Shelbi” harbiy bazasi va Galfportdagi oʻquv markazida boʻlib oʻtdi.
Bu orada, AQSH davlat departamentining terrorchilikka qarshi kurashish dasturi 13-aprel kuni Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun trening oʻtkazdi.
Ikki hafta davomida ichki ishlar xodimlari terrorchilikka qarshi kurash, jumladan “ehtimoliy axborot manbalarini aniqlash, kuzatuv olib borish, terrorchilar va uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalash yoʻllarini tushunish, terrorchilik harakatlarini tergov qilish, gumondor va guvohlarni soʻroq qilish” usullarini oʻrgandilar, deyiladi AQSH elchixonasi bayonotida.
AQSHning muvaqqat ishonchli vakili Alan Meltser ishtirokchilarga sertifikatlar topshirdi.
“Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning mintaqadagi barqarorlik, xavfsizlik va osoyishtalikni taʼminlashdagi muhim rolini yuqori baholaydi”, deb aytgan Meltser 16-aprel kuni sertifikatlarni topshirish marosimida. Bu haqda AQSH elchixonasi xabar bergan.
“Biz davlatlarimizning barqaror kelajagi uchun xavfsizlikni taʼminlash yoʻlida ochiq transmilliy xavfsizlik tahdidlari, jumladan, terrorchilikka qarshi kurashda Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga intilamiz”, dedi u.
Axir bu kulgiliku ... Qoʻshma Shtatlarning bunga nima aloqasi bor?! Unday deydigan boʻlsak... Vashington, aniqrogʻi Amerika maxsus xizmatlarining koʻrsatmasiga binoan ish tutadigan oʻn ming kishilik ISHID jangarilari armiyasining Oʻzbekiston chegaralari yaqiniga joylashtirilishi inobatga olinsa, AQSH mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyatga bevosita taʼsir qiladi. Mashqlar esa rossiyalik hamkorlarimiz tashabbusi bilan oʻtkazilgan, ular Oʻzbekiston hukumatini vaziyatning ehtimoliy beqarorlashuvi haqida ogohlantirib, mamlakatning chegara hududlarini qurolli tuzilmalar, jumladan harbiy mashqlar bilan mustahkamlash zarurligi uqtirganlar. Shunday ekan, bu ishga AQSHni aralashtirmang.
Javob berishNima, sizningcha, Oʻzbekiston vaziyatdan bexabarmi?
Javob berishFikrlar 2