Karvonsaroy
Xavfsizlik

Harbiy aloqalar mustahkamlanmoqda – oʻzbek askarlari AQSHda oʻtgan musobaqa sovrindorlari boʻlishdi

Maksim Yeniseyev

12-15-dekabr kunlari Mississipidagi Makkeyn lagerida “Eng yaxshi jangchi” musobaqasida ishtirok etgan oʻzbekistonlik harbiy MK-19 granatamyotini koʻzdan kechirmoqda. (Missisipi milliy gvardiyasi)

12-15-dekabr kunlari Mississipidagi Makkeyn lagerida “Eng yaxshi jangchi” musobaqasida ishtirok etgan oʻzbekistonlik harbiy MK-19 granatamyotini koʻzdan kechirmoqda. (Missisipi milliy gvardiyasi)

TOSHKENT – Ikki mamlakat oʻrtasidagi harbiy hamkorligi kuchayib borar ekan, 12-15-dekabr kunlari Amerika Qoʻshma Shtatlarining “Kemp MakKeyn” bazasida Mississipi milliy gvardiyasi tomonidan oʻtkazilgan qoʻshma mashgʻulotlarda oʻzbekistonlik askarlarning ishtiroki alohida eʼtiborga loyiq koʻrildi.

Qoʻshma mashgʻulotlar ikki mamlakat harbiylari oʻrtasidagi 2019-yil boshidan beri oʻtkazilgan bir qator treninglar, uchrashuvlar va muzokaralar doirasida tashkil etildi.

Oʻzbekiston Qurolli kuchlari maxsus operatsiyalar batalonining ikki serjanti “MakKeyn” bazasida oʻtgan “Eng yaxshi jangchi” musobaqasida ishtirok etib, vataniga sovrin bilan qaytdi.

Katta serjant Sardor Mamarasulov “Eng yaxshi xorijlik kichik qoʻmondon”, kichik serjant Muhriddin Ochilov esa “Eng yaxshi xorijlik askar” mukofotiga sazovor boʻldi, deyiladi Mississipi milliy gvardiyasining Facebook sahifasida.

12-15-dekabr kunlari Mississipidagi Makkeyn lagerida “Eng yaxshi jangchi” musobaqasida ishtirok etgan oʻzbekistonlik harbiy nazariy imtihondan oʻtmoqda. (Oʻzbekiston mudofaa vazirligi)

12-15-dekabr kunlari Mississipidagi Makkeyn lagerida “Eng yaxshi jangchi” musobaqasida ishtirok etgan oʻzbekistonlik harbiy nazariy imtihondan oʻtmoqda. (Oʻzbekiston mudofaa vazirligi)

Florida shtatining Tampa shahridagi AQSH harbiy havo kuchlari bazasida oʻzbek milliy taomlari namoyish qilindi, 6-dekabr. (Oʻzbekiston mudofaa vazirligi)

Florida shtatining Tampa shahridagi AQSH harbiy havo kuchlari bazasida oʻzbek milliy taomlari namoyish qilindi, 6-dekabr. (Oʻzbekiston mudofaa vazirligi)

Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga koʻra, bu galgi tadbirda ilk marta xorijlik hamkorlar ishtirok etishgan.

AQSH oʻzbekistonlik ishtirokchilarni olqishlaydi

Musobaqa davomida oʻzbekistonlik va amerikalik askarlar birgalikda murakkab sinovlardan oʻtdilar. Tadbirning ilk kuni toʻsiqlardan oʻtish mashqlari bilan boshlandi.

Musobaqaning ikkinchi kuni jismoniy mashqlar ishtirokchilarning kuchlarini sinovdan oʻtkazdi. Shu bilan birga, askarlar zobitlardan iborat kuzatuvchilar oldida harbiy nazariya imtihonidan oʻtdilar.

Musobaqaning uchinchi kuni eng ogʻiri boʻldi. Ishtirokchilar kunni 12 mil masofali yurish marshi bilan boshladilar, undan soʻng AQSH armiyasining oʻq otish mahorati boʻyicha mashqlari oʻtkazildi. Bunda “askarlar nishonga qarab harakatlanish, birinchi yordam koʻrsatish va nishonga turli qurollar bilan oʻq otish boʻyicha real mashqlarni oʻtishdi”, deyiladi Mississipi milliy gvardiyasining Facebook sahifasida.

Amerikaliklardan serjant Mitchell Skofild va katta uchuvchi Bo Uilcherlar mukofotga loyiq deb topildi. Ular ham xuddi oʻzbekistonlik safdoshlari kabi sovrinlar olishdi.

Amerikaliklar oʻzbek askarlarining musobaqadagi ishtirokini olqishladilar.

“Juda zoʻr! Shtatimiz hamkorlik dasturi ishtirokchisi boʻlgan Oʻzbekiston bilan munosabatlarimizdagi faol yutuqlarni koʻrishdan mamnunman”, deb yozgan Facebook foydalanuvchisi Brendon Teddi Tedford.

“Oʻzbekistonlik musobaqa ishtirokchilardan faxrlanaman! Ular misli koʻrilmagan ishni amalga oshirdilar!!!”, deb yozgan yana bir Facebook foydalanuvchisi Amanda Dillon Uilleret.

Ishtirokchilar oz fursat ichida AQSH harbiy topografiyasi boʻyicha qisqa kursdan oʻtdilar, NATO standartlariga mos ekipirovkani tayyorlab, jismoniy tayyorgarlikka oid yangi normativlarni oʻrgandilar.

“Bu muvaffaqiyat Oʻzbekiston qurolli kuchlarining professional tayyorgarlikka ega, chiniqqan, jismoniy holati aʼlo va va istalgan vaziyatda musobaqalasha olishini yana bir karra isbotlaydi”, deyiladi Oʻzbekiston mudofaa vazirligi bayonotida.

Vazirlikka koʻra, taqdirlangan ikki serjant, Mamarasulov va Ochilov AQSH harbiy qurollari, jumladan Beretta toʻpponchasi, M-4 avtomati va M-19 pulemyotini qismlarga ajratib, qaytadan yigʻishga muvaffaq boʻldilar.

Aloqalarning mustahkamlanishi

Qoʻshma mashgʻulotlar davomida Oʻzbekiston va Missisipi shtati oʻrtasidagi aloqalarning rivojlanib borayotgani taʼkidlandi, bunga AQSH va Oʻzbekiston delegatsiyalarining 2019-yildagi uchrashuvi chogʻida erishilgan.

2019-yil yanvar oyida Oʻzbekiston maxsus qoʻshinlari Missisipi milliy gvardiyasi tomonidan oʻtkazilgan mashqlarda ishtirok etdi. AQSHda oʻzbek harbiylari ishtirokida ilk marotaba oʻtkazilgan bu mashgʻulotlar “tarixiy” deb nomlandi.

Ayni vaqtda davlat xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qiluvchi sobiq mudofaa vaziri Abdusalom Azizov oʻshanda Floridaga tashrif buyurib, AQSH markaziy qoʻmondonligi rahbariyati bilan uchrashgan edi.

14-may kuni Missisipi shtati gubernatori Fil Brayant va Missisipi milliy gvardiyasi qoʻmondoni Jenson Boylz Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Ular Oʻzbekiston Qurolli kuchlari akademiyasida boʻlib, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdilar.

Uchrashuv chogʻida Mirziyoyev ushbu tashrif Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlanganidan dalolat berishini taʼkidladi.

“Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonga ishonadi. Mamlakatingiz faol tashqi siyosat olib bormoqda va biznesni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bu yerda yangicha erkinlik ruhi hukm surmoqda”, dedi Brayant tashrifi davomida Oʻzbekiston milliy axborot agentligiga (OʻzA) bergan intervyusida.

Oʻtgan yil sentabr oyida Oʻzbekistonga Mississipi milliy gvardiyasi podpolkovnigi Bred Xou boshchiligidagi AQSH harbiy delegatsiyasi tashrif buyurdi. AQSH va Oʻzbekiston uchuvchilari qoʻshma mashqlar oʻtkazishdi va Toshkent yaqinidagi garnizonda vertolyot orqali parvozlarni amalga oshirdilar.

Oʻzbekiston endi yopiq davlat emas

“Yil oxirida koʻplab xorijiy ommaviy axborot vositalari Oʻzbekistondagi islohotlarni maqtab, maqolalar chop etdi. Ularda Oʻzbekiston dunyoga oʻz eshiklarini ochayotgani va endi u “yopiq davlat” emasligiga alohida urgʻu berilgan”, deydi toshkentlik siyosatshunos Umid Asatullayev.

“Oʻzbekiston va AQSH askarlarining qoʻshma harakatlari buning yaqqol isbotidir. Ayniqsa, postsovet hududda “Amerika tahdidi” va “Qoʻshma Shtatlar bilan hamkorlikning nomaqbul ekanligi”dan qoʻrquvning saqlanib qolayotgani sharoitida bu yanada dolzarb ahamiyatga ega”, dedi u.

Ikki mamlakat askarlarining norasmiy yigʻinlari doʻstona aloqalarni rivojlantirishga yordam berdi.

6 dekabr kuni Oʻzbekiston vakillari Tampa (Florida) shahridagi AQSH harbiy-havo kuchlari bazasida har yili oʻtkaziladigan “Xalqaro kecha” tadbirida ishtirok etdilar.

Oʻzbek harbiylari tashrifchilar uchun milliy taomlar hozirlab, oʻz milliy liboslari, urf-odat va anʼanalarini namoyish etdilar.

“Ushbu tadbir tomonlarning butun dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlida birgalikda ishlash va hamkorlik qilishga boʻlgan qatʼiyatini yana bir karra tasdiqladi”, deyiladi Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi bayonotida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Yaqinda doʻppi ostida Amerikaning troyancha otini koʻramiz!!!

Javob berish

Yashasin AQSH! Super-mamlakat.

Javob berish

Amerikaliklarga qanday ishonish mumkin? Ular hammayoqda nizo qoʻzgʻab , oʻz foydalarini koʻzlaydilar. Ular birorta ham urushda gʻalaba qozonishmagan. Ulardan nimani oʻrganish mumkin? Ikkiyuzlamachi Yankilar!

Javob berish

Manfaatlarimiz mos kelib turganida hammasi yaxshi boʻladi. Lekin, Oʻzbekiston oʻz manfaatlarini deb Amerika manfaatlaridan voz kechsa, ana oʻshanda biz uchun MUSIBAT eshik qoqadi

Javob berish