ASHXOBOD – Qoʻshma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish Afgʻonistondagi tinchlik va barqarorlikni taʼminlashning kalitidir, deydi Afgʻoniston va Turkmaniston rasmiylari.
15-17-iyun kunlari turkman rasmiylarining Afgʻonistondagi Hirot shahriga tashrifi chogʻida siyosatchilar, diplomatlar, turli iqtisodiy sektorlarni boshqaruvchi rasmiylar, biznes yetakchilardan iborat ikki davlat delegatsiyasi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildilar.
Ikkala mamlakat energiya, transport va kommunikatsiya sohasida qoʻshma infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda oʻz manfaatlariga ega boʻlsa-da, “ular juda oʻxshash”, deya taʼkidladi anonim qolishni istagan turkmanistonlik mehmonlardan biri.
Afgʻoniston bilan 744 kilometrli umumiy chegaraga ega Turkmaniston oʻz elektr energiyasi va tabiiy gazini afgʻon diyori orqali Janubiy Osiyodagi istiqbolli bozorlarga olib oʻtish va shu tariqa xorij valyutasining yangi manbalarini ochishga umid qilmoqda, deydi kuzatuvchilar.
“Ammo bu bilan hammasi tugab qolmaydi. Turkmaniston uchun qoʻshni davlatda osoyishtalikning tiklanishi, chegaraning u tarafida qon toʻkilishiga barham berilishi va afgʻonlarning tinch ishlashi muhim”, dedi ashxobodlik siyosiy tahlilchi Esenmirat Amanov.
Afgʻonistonda iqtisodiyotning tiklanishi tinchlik va osoyishtalik olib keladi, mintaqaviy jarayonlarga integratsiya uchun imkon yaratiladi, dedi Amanov. Infratuzilma loyihalarini amalga oshirish davlatga sezilarli iqtisodiy manfaat keltiradi, deb qoʻshimcha qildi u.
Ayniqsa, elektr quvvati va gazni oʻz hududi orqali oʻtkazishdan tushadigan daromad, yangi ish oʻrinlari, rivojlangan transport va kommunikatsiya infratuzilmasi bu taraqqiyotga koʻmaklashadi, deya taʼkidladi Amanov.
“Oʻz muammolarini hal qilish orqali Ashxobod afgʻonlarga tinch-totuv sharoitda turmushlarini tiklashga yordam beradi”, dedi u turkmanlarning yangi bozorlarini izlayotganini nazarda tutar ekan.
Hamkorlik samaralari
Ishtirokchilarga koʻra, iqtisodiy oʻsish imkoniyatlarini inobatga olib, Turkmanistondan katta hajmda elektr energiyasi yetkazib berish orqali Afgʻonistonning elektr infratuzilmasini rivojlantirish masalasi Hirotdagi delegatsiyalar tomonidan koʻrib chiqilgan asosiy mavzularidan biri boʻldi.
Ishtirokchilar “bizning chegaramizdan Afgʻonistonning Andxoy shaharchasiga, shuningdek, etnik turkmanlar yashaydigan Xamyop va Garkin qishloqlari oʻrtasida elektr uzatish liniyasini oʻtkazishga kelishib oldilar”, dedi Turkmanistonning “Turkmenenergo” tashkiloti vakili Akmirat (u toʻliq ismini aytishdan bosh tortgan).
Koʻp yillar davomida Turkmaniston Afgʻonistonga imtiyozli narxlarda elektr quvvati yetkazib bergan.
Ikki davlat oʻrtasida nergetika sohasidagi hamkorlik samarali boʻlsa-da, Turkmanistonning saʼy-harakatlariga qaramay oʻtkazish quvvati yiliga 33 milliard kub metrga teng boʻlgan rejadagi Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) gaz quvurida hamon qurilish ishlari olib borilmoqda, dedi Akmirat.
“Ammo boshqa tomondan, elektr quvvati yetkazib berish hajmi ortib boryapti”, deb qoʻshimcha qildi u.
Hozirgi paytda Turkmanistondan elektr quvvati Afgʻonistonga uchta: Kerki-Imomnazar-Andxoy, Serketabot-Xirot va Rabatqoshan-Qalai-Nav yoʻnalishlari boʻyicha yetkazib beriladi.
Turkmanistonlik manbaning xabariga koʻra, energetika kompaniyalari rasmiylari Hirotda elektr quvvati eksportini 2020-yil dekabr oyigacha uzaytirish boʻyicha shartnoma imzolaganlar.
TAPHga bildirilgan ishonch
Ishtirokchilarning soʻzlariga koʻra, muzokaralar davomida TAPH muhim mavzu boʻlgan.
Uzunligi 1840 kilometrni tashkil qiluvchi TAPH gaz quvuri 2020-yildan boshlab Turkmanistondagi Galkinish gaz konidan gaz yetkazib berishni boshlaydi. Bu liniya Janubiy Osiyodagi gaz tanqisligini kamaytirishga yordam berishi va u oʻtadigan toʻrt mamlakatga daromad olib kelishi kutilyapti.
Eron hududidan oʻtuvchi gaz quvuri loyihalariga jiddiy raqobatni yuzaga keltiruvchi TAPH loyihasiga qatʼiyan qarshi boʻlgan Eron rejimi, jumladan, gaz quvuriga hujum uyushtirish maqsadida Tolibon aʼzolariga qurol-yarogʻ yetkazib berish orqali bir necha bor loyihaga putur yetkazishga uringan.
Turmanistonlik mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, gaz quvurining qurib bitkazilishi ortidan Turmaniston gaz eksport qilish uchun qoʻshimcha kanalga ega boʻladi, Afgʻoniston esa oʻziga tegishli gaz hajmini olishdan tashqari, uning tranzitidan 1 mlrd. dollar daromad koʻradi va 12 mingta ish oʻrni yaratadi.
TAPHning Turmanistonga tegishli uchastkasida ishlar nihoyasiga yetkazilgan. 2018-yilning fevral oyida tomonlar Afgʻoniston hududida qurilish ishlarini boshlaganlar.
Uchrashuvning afgʻonistonlik ishtirokchilari elektr energiyasi va siqilgan gaz yetib borgan tumanlarda “turmush sharoitlari sezilarli yaxshilanganini” aytganlar.
“TAPHning ishga tushirilishi Afgʻonistonni tiklash jarayonini yanada tezlashtiradi”, dedi Amanov.
Xususiy tadbirkorlik hissasi
Afgʻonistondagi barqarorlikni tiklash jarayoniga turkmanistonlik tadbirkorlar ham jalb etilmoqda.
Ismi oshkor etilmasligini istagan uchrashuv qatnashchilarining aytishicha, delegatlar Hirotda turkman toʻqimachilik mahsulotlarining eksporti, shuningdek, Akina-Andxoʻy va Turgʻundiy-Hiroy temiryoʻl uchastkasini yotqizish masalalarini muhokama qilganlar.
Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi (TSTU) aʼzolari hamda Hirot viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbarlari oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida yana ikkita qoʻshma korxona tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Ulardan biri Hirat viloyatida barpo etiladigan parrandachilik fermasidir, deydi yigʻilish qatnashchisi va TSTU aʼzosi Karvonsaroy bilan suhbatda.
Turli manbalarga koʻra, Afgʻonistonda 3,5 milliondan 4 milliongacha etnik turkmanlar yashaydi. Diaspora asosan Qunduz, Faryob, Juzjon va Balx viloyatlarining 34 tumanida jamlangan. Bu tumanlarning 13 tasi Turkmaniston bilan chegaradosh.
“Biz OAV orqali tarixiy vatanimizdan navbatdagi moddiy yoki insonparvarlik yordami kelgani haqida xabar eshitganimizda juda mamnun boʻlamiz, chunki har qanday yordam yaxshiroq hayot sari qoʻyilgan qadamdir”, - deydi Hirotda yashovchi etnik turkmanlardan biri Vohid.
Vohidning aytishicha, Turkmaniston mablagʻi hisobidan Turgʻundiyda tugʻruqhona, Andxoʻyda esa masjid, maktab va savdo markazi barpo etilgan.
“Bulardan tashqari biz, oʻnlab tonna un, benzin va boshqa yuklarni hadya sifatida qabul qilamiz. Turkmanistonda oʻnlab afgʻonistonlik turkmanlar tahsil oladi. Bularni anglagan vaqtda kishi quvonch va faxr hissini tuyadi”, deb eʼtirof etadi Vohid.