Karvonsaroy
Diplomatiya

Turkmaniston va Afgʻoniston energetik loyihalar boʻyicha muzokaralarni jadallashtirmoqda

Jumagul Annayev

2016-yil 28-noyabr kuni Afgʻonistonning Oqina shahriga yoʻl olgan yuk poyezdini kuzatish uchun Turkmanistonning Imomnazar bojxona punktiga toʻplangan rasmiylar va milliy raqqoslar. Shu kuni ikki mamlakatni bogʻlaydigan 2 milliard dollarlik temir yoʻl liniyasining birinchi uchastkasi tantanali ravishda ochildi. [Igor Sasin/AFP]

2016-yil 28-noyabr kuni Afgʻonistonning Oqina shahriga yoʻl olgan yuk poyezdini kuzatish uchun Turkmanistonning Imomnazar bojxona punktiga toʻplangan rasmiylar va milliy raqqoslar. Shu kuni ikki mamlakatni bogʻlaydigan 2 milliard dollarlik temir yoʻl liniyasining birinchi uchastkasi tantanali ravishda ochildi. [Igor Sasin/AFP]

ASHXOBOD – Turkmaniston Afgʻonistondagi infratuzilmaviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va ularning xavfsizligini kafolatlash choralarini davom ettirmoqda.

Kuzatuvchilarga koʻra, fevral oyida Ashxobodda Turkmaniston rasmiylari hamda turli afgʻon siyosatchilari va guruhlarining yetakchilari oʻrtasida oʻtgan uchrashuv va muzokaralar Turkmaniston-Afgʻoniston munosabatlarining chuqurlashuvida Ashxobodning roli tobora oʻsib borayotganidan dalolat bermoqda.

22-fevral kuni Turkmaniston rasmiylari Afgʻoniston milliy islom harakati yetakchisi va sobiq vitse-prezident Abdulrashid Doʻstum bilan uchrashdilar. 6-fevralda Turkmaniston rasmiylari va Afgʻoniston tolibonlari delegatsiyasi oʻrtasida anjuman boʻlib oʻtdi.

Fevral oyidagi muzokaralarda Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) tabiiy gaz quvuri , Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston (TAP) elektr uzatish va optik tolali aloqa liniyalari, Turkmaniston va Afgʻoniston oʻrtasida barpo etilajak yangi temiryoʻl kabi qoʻshma loyihalari xususida soʻz bordi.

Uzunligi 1840 kilometrga teng TAPH quvuri Turkmanistonning Galkinish konidan Hindistongacha boradi. Eron rejimi bu loyihaga qatʼiy qarshilik qilmoqda. [Alister Gamilьton]

Uzunligi 1840 kilometrga teng TAPH quvuri Turkmanistonning Galkinish konidan Hindistongacha boradi. Eron rejimi bu loyihaga qatʼiy qarshilik qilmoqda. [Alister Gamilьton]

Ashxoboddagi oliy darajali uchrashuvlar

Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovning oʻtgan oydagi saʼy-harakatlari Afgʻoniston ichida tinchlik muzokaralari oʻtkazish, mamlakatda osoyishtalikni qaror toptirish va Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiyotga integratsiyasi uchun xavfsiz muhit yaratish kabi muhim masalalar boʻyicha barcha afgʻonistonlik subyektlar va tomonlarning pozitsiyasini ochiqlashga yordam berdi, deydi turkmanistonlik shaxsi nomaʼlum qolishni istagan Sardor D. ismli diplomat.

“Turkmaniston ilgari surayotgan hamma loyihalarning zudlik bilan amalga oshirilishida Doʻstumning dastagi muhim edi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Bu loyihalar uchun rasmiy Kobul va 6-fevral kuni Turkmaniston yetakchilari bilan muzokara oʻtkazgan Tolibon harakati yetakchilarining dastagi va xavfsizlik kafolatlari olindi, dedi yaqinda Ashxobodda Turkmaniston va Afgʻoniston oʻrtasidagi muzokaralarning barcha bosqichlarida qatnashgan Sardor D.

Tolibonlar Turkmanistonning Afgʻonistonga koʻrsatayotgan yordamini yuqori baholaydi, deyiladi Turkmaniston tashqi ishlar vazirligining Meredov va Tolibonlar oʻrtasidagi muzokaralarga oid bayonotida.

“Yordam betaraf, musulmon va qoʻshni mamlakatdan kelmoqda”, deydi tolibonlar vakili Muhammad Shahin.

Tolibonlarga ishonib boʻlmaydi

Tolibonlarning quvvatlov soʻzlari va xavfsizlik kafolatlariga qaramay, Turkmaniston “ularga ishonchsizlik va tahlika bilan qaraydi”, deydi mahalliy kuzatuvchilar.

Sardor D. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobodda Tolibon delegatsiyasi bilan yuzma-yuz uchrashmagani va gaplashmaganini buning dalili oʻlaroq keltirdi.

“Bu juda muhim fakt va koʻp narsaga oydinlik kiritadi”, dedi u.

Tolibonning kafolati nima anglatishi tajribadan ham maʼlum: ular oʻtgan yili AQSH bilan sulh bitimi imzolagan va muayyan majburiyatlarini oʻz zimmasiga olgan edi, shunga qaramay, hanuzgacha zoʻravonlikdan voz kechmadi va “Al-Qoida” bilan aloqalarni uzgani yoʻq, dedi Sardor D.

“Toliblarning AQSH oldidagi majburiyatlarini bajarmayotgani Turkmaniston rahbariyatini ehtiyotkorroq boʻlishga undamoqda”, deydi u.

Boshqa kuzatuvchilar ham Tolibon jangarilarining beqarorligiga ishora qilganlar.

Turkmaniston energetika vazirligining Mari viloyatidagi vakili Aydogʻdi Bayramovning aytishicha, tolibonlar Afgʻonistonning shimoliy viloyatlarida oʻz nazorati ostidagi tumanlarda Turkmanistondan import qilingan elektr energiyasidan foydalanadi va buning uchun mahalliy aholidan pul oladi, ammo Turkmanistonga pul toʻlashni xayoliga ham keltirmaydi va bu masalani Afgʻoniston hukumatiga havola qiladi.

“Tolibon [jangarilari] bilan toʻlov masalasida kelishish imkonsiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Afgʻonistonlik jurnalist Ahmad Duraniyning aytishicha, ayrimlar tolibonlar kimlargadir boʻysunadi, deb hisoblaydi. Ular TAPH gaz quvuri boʻyicha muhokamalarda Pokiston razvedkasining bosimi ostida ishtirok etmoqda, degan edi u fevral oyida Deutsche Welle bilan suhbatda.

“Tolibon mustaqil emas”, dedi Duraniy.

Xavfsizlik – investitsiyalar kaliti

Yiliga 33 milliard kub metr gaz oʻtkazish quvvatiga ega TAPH quvurini barpo etish gʻoyasi ilk marta 90-yillarning oxirida Turkmaniston, Afgʻoniston, Hindiston va Pokiston tarafidan ilgari surilgan.

Quvurning Turkmaniston qismidagi (244 km) qurilishiga 2015-yil dekabrda start berilgan, 2018-yilning fevralida esa Afgʻoniston uchastkasida (774 km) quvur uchun ajratilgan yerlarni minalardan tozalash ishlari boshlangan.

Pokiston TAPH orqali oʻtadigan gaz narxi borasida Turkmaniston bilan kelisholmagani va loyihaning xavfsizligini kafolatlay olmagani uchun quvurning oʻz hududidan oʻtgan qismida (826 km) hanuzgacha hech qanday ish boshlamagan.

Turkmanistonlik kuzatuvchilarning aytishicha, aynan xavfsizlik va investitsiyalarning yetishmayotgani rejalashtirilgan loyihalar yoʻliga toʻgʻanoq boʻlib turgan edi.

Ularga koʻra, endilikda barcha tomonlar qoʻllab-quvvatlov va xavfsizlik kafolatini berishga tayyor ekanligini aytar ekan, potentsial investorlarning imkoniyatlari sezilarli darajada kengayishi mumkin.

“TAPH yoki TAPga sarmoya kiritishni, ushbu istiqbolli va shubhasiz manfaatli boʻlgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishni istaganlar ancha koʻp boʻladi”, dedi “Turkmangaz” davlat konserni vakili Ravshan Xalliyev.

Noyob imkoniyat

Ashxobodning ishonishicha, eʼlon qilingan barcha energetik, transport va kommunikatsiyaviy loyihalarni amalga oshirish minglab afgʻonistonliklarga daromad manbaini oʻzgartirish va yangi hayot boshlash imkoniyatini beradi.

Hozirda koʻplab oddiy afgʻonistonliklar qurolli ekstremistik yoki jinoiy guruhlarga qoʻshilishga, yoxud giyohvand moddalar ishlab chiqarish va tarqatishga majbur boʻlmoqda, chunki ularda tinch, bunyodkorlik ruhidagi muqobil mehnat turi yoʻq, dedi diplomat Sardor D.

“Uchrashuvlar va muzokaralarda muhokama qilinayotgan narsalar barpo etiladigan boʻlsa, tez orada Afgʻonistonda urush va beqarorlikdan charchagan afgʻonlar uchun minglab yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi”, dedi Bayramov.

Agar rejalar muvaffaqiyatli amalga oshsa, yangi ish oʻrinlari, tabiiy gaz, elektr energiyasi va yoʻlovchi va yuk tranzitidan tashqari Afgʻoniston tinchlikka va iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun noyob imkoniyatga ega boʻladi, deydi tahlilchilar.

“Afgʻoniston tinch va barqaror boʻlsa, butun mintaqa xuddi shunday tinch va barqaror boʻladi”, dedi Sardor D.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500