Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻistonlik tahlilchilarga koʻra, ekstremistlar yoshlarning eʼtiborini jalb qilish uchun yangi strategiyani qoʻllamoqda

Kseniya Bondal

Nur-Sultondagi masjidda juma xutbasini tinglayotgan musulmonlar, noyabr. Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, ekstremistlar diniy bilimi past boʻlgan odamlarni qidiradilar, sababi ularning ongini zaharlash osonroq. (Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi)

Nur-Sultondagi masjidda juma xutbasini tinglayotgan musulmonlar, noyabr. Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, ekstremistlar diniy bilimi past boʻlgan odamlarni qidiradilar, sababi ularning ongini zaharlash osonroq. (Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi)

OLMAOTA – Ekstremizmga yollovchilar oʻz saflarini kengaytirish uchun yangi usullarni qoʻllayotgan bir vaqtda, qozogʻistonlik tahlilchilar zaif yoshlarni terrorchilar taʼsiridan himoyalash uchun rasmiylarni chora koʻrishga chaqirmoqdalar.

Olmaota shahar diniy ishlar boshqarmasi ekstremistik tashviqot bilan shugʻullanuvchi saytlarni nazorat qilib keladi. U qozogʻistonliklarni yangi yollash usullariga aldanib qolishdan himoyalovchi tashkilotlardan biridir.

Yil boshidan beri boshqarma tomonidan jangarilar tashviqotining xavfiga bagʻishlangan maʼruzalar tashkil qilindi.

Agentlikka koʻra, maʼruzalarda 5 mingdan ortiq odam qatnashgan, ularning aksariyati ekstremistik guruhlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga obuna boʻlganini bilmagan. Bu haqda Zakon.kz sayti 25-noyabr kuni xabar bergan.

Tashviqot – yangi aʼzolarni jalb qilishda samarali vosita boʻlib qolmoqda.

Masalan, “Islom davlati”ga (ID) aloqadorlikda gumon qilingan Turkiston viloyatida yashovchi erkak uyini sotib, ayoli va toʻrt farzandi bilan Suriyaga ketishga uringan, deb xabar bergan Astana TV 21-noyabr kuni.

Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) xodimlariga koʻra, mazkur shaxs jangarilarni olqishlagan, oʻz yaqinlari orasida terrorchilikni targʻib qilgan va ularni Suriyaga ketishga chaqirgan.

Huquq tartibot organlari xodimlari tomonidan uning uyini tintuv qilish vaqtida fosh etuvchi materiallar aniqlangan. Gumondor qoʻlga olingan, qisman oʻz aybiga iqror boʻlgan va 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Yangi strategiya

Jangarilikka yollovchilar oʻz taktikalarini oʻzgartirib, yangi aʼzolarni jalb qilishda “yumshoq usuldan” foydalanmoqda, dedi Aqtoʻbedagi “Ansor” tahliliy markazi direktori oʻrinbosari Tulegen Taldibayev.

“Ular avvallari oʻz qarashlarini ochiqchasiga eʼlon qilishar va oʻzlariga qarshi boʻlgan barchani kofirga chiqarib, ommaviy bahsga kirishar edilar. Endi ularning strategiyasi oʻzgardi, ular “ha, biz hanafiy mazhabidamiz” deydilar, lekin tashviqot maydonini oʻzgartiradilar” dedi u.

Yaqin-yaqingacha bu yollovchilar ehtimoliy qurbonlarini masjidlar yaqinida kutar edi. Endi ular biznes bilan shugʻullanmoqdalar, dedi Taldibayev.

Ular uyali telefon sotadigan doʻkonchalar ochib, ishchilarni yollamoqda va ularga oʻz gʻoyalarini targʻib qilmoqda, dedi u.

Bunday yollovchilar dindan uzoqroq odamlar bilan ishlashni afzal koʻrishadi, chunki ularni ogʻdirish oson, dedi Taldibayev.

“Ular bu odamlar ichida oʻz gʻoyalarini yoyish uchun shunday qiladilar”, dedi u.

Ekstremizmning oldini olishda “tahdid profilini bilish” juda muhim, deydi Taldibayev.

“ID Suriyada magʻlubiyatga uchrab boʻlgan bir paytda, ertaga yoki indinga Iroq va Afgʻonistonda nima boʻlishini hech kim bilmaydi”, dedi u.

Bundan tashqari, geosiyosiy voqealar qanday rivojlanishi va ekstremistlar qanday qilib ularni oʻz manfaati yoʻlida qoʻllashi mumkinligi ham nomaʼlum, deb qoʻshimcha qildi u.

“Noaniqlik sharoitida 100 foiz samarali profilaktik choralar ishlab chiqish juda mushkul”, dedi Taldibayev.

Milliy xavfsizlikka koʻmaklashish

Jangarilikka yollash harakatlariga qarshi kurashda diniy mutaxassislar va psixologlarning oʻrni katta, deydi tahlilchilar.

Shunday boʻlsa-da, diniy mutaxassis yoki psixolog ishining samaradorligi nafaqat uning maʼlumoti, balki ishontira olish qobiliyatiga ham bogʻliq, dedi Olmaotada joylashgan Qozogʻistonda ekstremizm va terrorizm muammolarini oʻrganish markazi direktori Kakimjan Bishmanov.

“Profilaktika yoki deradikalizatsiya bilan shugʻullanuvchi mutaxassis nafaqat oʻz professional burchi, balki global vazifani amalga oshirayotganini anglashi lozim: bu milliy xavfsizlikni taʼminlash, butun bir xalqning buguni va kelajagi uchun gʻamxoʻrlikdir”, dedi u.

Uning fikricha, radikallashuv qurbonlariga yordam berish yoki ekstremizm tarqalishining oldini olish bilan faqat diniy sohada faoliyat olib boruvchi psixologlar shugʻullanishi lozim. Bu ishni giyohvandlik va alkogolizmga chalingan odamlar bilan ishlaydiganlarga topshirib boʻlmaydi.

“Bundan tashqari, diniy sohada ishlaydigan bu psixologlar, haqiqatan ham, bunday odamlarni reabilitatsiya qilishda qoʻllanadigan tajriba va amaliyotlar bilan oʻrtoqlashadigan doimiy platformaga muhtoj”, dedi u.

“Deylik, aqtoʻbelik psixolog qoʻllagan usul yaxshi natija berdi, u hamkasblariga bu haqda soʻzlab bersa, ehtimol bu Oqmola viloyatida radikal mafkura bilan zaharlangan odam bilan ishlayotgan mutaxassisga asqotishi mumkin”, deydi Bishmanov.

Ekstremizmga qarshi nafrat kuchaygan

Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda terrorizm va ekstremizmga qarshi olib borilgan kurash choralari sababli oxirgi 3-4 yil ichida ekstremistlar safida jang qilish maqsadida Suriyaga ketish istagida boʻlgan qozoq fuqarolari deyarli qolmadi.

“Bir musulmon boshqa bir musulmonni oʻldirishi va bunda ularning ikkovi ham “Allohu akbar” deyishi – sharmandali holat.”

“Hamyurtlarimiz u yerga bormay qoʻyishdi, aksincha, borganlar qaytib qochib kela boshladi. Hattoki, boshqalar ularning ortidan bormasligi uchun jangarilar bu odamlarni ushlab, namoyishkorona jazolashga majbur boʻldilar”, dedi Bishmanov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Fikrimcha, ehtimoliy terrorchi guruhlar hanafiylik mazhabiga mansub boʻlganlar orasida yashiringan, yaʼni ular oʻzlarini oddiy dindorlar deb ataydilar, shu bois ularni ahli sunnadan ajratish juda mushkul. Jihodchi guruhlarga ergashuvchi odamlar hukumatning qatʼiy nazoratiga olinishi lozim !!!

Javob berish