Karvonsaroy
Xavfsizlik

Repatriatsiya choralari ortidan qozogʻistonlik ekstremistlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish davom etmoqda

Anna Karr

Qoʻlga olingan qozoq fuqarosini vataniga qaytarish uchun koʻz-quloqlari berkitilgan holda samolyotga chiqarishmoqda, KNB videolavhasidan olingan kadr.

Qoʻlga olingan qozoq fuqarosini vataniga qaytarish uchun koʻz-quloqlari berkitilgan holda samolyotga chiqarishmoqda, KNB videolavhasidan olingan kadr.

OLMAOTA – Qozogʻiston hukumati Suriyadan qariyb 600 fuqaroni vataniga qaytarish operatsiyasini yakunlagan bir paytda, urush hududlaridan radikallashib qaytgan jangarilarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish harakatlari boshlanmoqda, deydi xavfsizlik mutasaddilari va tahlilchilar.

“Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi oʻz nihoyasiga yetdi, deb maʼlum qilgan Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) raisining oʻrinbosari Nurgali Bilisbekov 6-fevral kuni parlamentdagi chiqishida.

“Jusan” – “Islom davlati” tor-mor etilganidan keyin Iroq va Suriyada qolib ketgan radikal qozoq fuqarolarini vataniga qaytarish boʻyicha hukumat tomonidan 2019-yil davomida oʻtkazilgan operatsiyadir. Qozogʻiston ularning ayrimlarini terrorchi sifatida javobgarlikka tortib, qolganlarini reabilitatsiya qilishga urinmoqda.

2019-yilgi insonparvarlik operatsiyasi Suriya va Qozogʻiston oʻrtasida bir nechta aviareyslar yordamida amalga oshirilgan. ID parchalanganidan keyin Suriya va Iroqdan 277 nafar fuqaro – 57 erkak va 220 nafar ayol, shuningdek 547 nafar yosh bola uyiga qaytgan.

Oʻtgan yilning 7 va 9-may kunlari “Jusan-2” (“Achchiq shuvoq-2”) operatsiyasi davomida Suriyadan Qozogʻistonga qaytarilgan ayollar va bolalar, KNB videolavhasidan olingan kadr.

Oʻtgan yilning 7 va 9-may kunlari “Jusan-2” (“Achchiq shuvoq-2”) operatsiyasi davomida Suriyadan Qozogʻistonga qaytarilgan ayollar va bolalar, KNB videolavhasidan olingan kadr.

Suriyadan Qozogʻistonga qaytarilgan bolalar, Qozogʻistonning Mangʻistov viloyatidagi reabilitatsiya markazi, KNB videolavhasidan olingan kadr.

Suriyadan Qozogʻistonga qaytarilgan bolalar, Qozogʻistonning Mangʻistov viloyatidagi reabilitatsiya markazi, KNB videolavhasidan olingan kadr.

“Biz qaytishni istaganlarning deyarli barchasini, jumladan jangarilarni ham olib keldik”, dedi Bilisbekov. “Albatta, tegishli choralar davom etmoqda. Biz imkon qadar barchani, ayniqsa bolalar va ayollarni qurolli mojarolar hududidan olib chiqishga harakat qilamiz.”

Bilisbekovning aytishicha, urush hududlarida hozirda 114 nafar qozoq fuqarosi bor, u yerda qolayotgan yosh bolalar soni esa nomaʼlum.

Bilisbekovga koʻra, qozogʻistonliklarni urush hududlaridan evakuatsiya qilish ancha xarajatli operatsiyadir.

“Ularni olib kelish, radikallashuvdan xalos qilish, jamiyatga moslash – ancha xarajattalab ish”, deydi u. “Ammo biz bularning bari oʻzini oqlaydi deb hisoblaymiz, chunki olib kelinganlarning aksari yosh bolalar ekanligini unutmasligimiz kerak. Bu bizning fuqarolik burchimizdir. Davlat bunga eʼtibor berishi kerak. Mojarolar hududidan olib chiqilgan birorta bola eʼtiborsiz qoldirilgani yoʻq.”

Deradikalizatsiya rejalari

“Jusan” operatsiyasiga ketgan mablagʻ haqida gapirar ekanmiz, urushlarda jang qilganlarning reabilitatsiyasi uzoqqa choʻzilishini ham inobatga olish kerak, deydi Nur-Sultondagi Geosiyosiy tadqiqotlar instituti direktori Asilbek Izbairov.

“Bu ishga bitta mutaxassis emas, balki psixologlar, diniy ekspertlar va imomlarni ham jalb qilish talab etiladi”, dedi u.

“Jusan” davomida qaytarilganlardan 41 nafari javobgarlikka tortildi, dedi Bilisbekov.

Qaytib kelganidan keyin qamoqqa olinganlarning aksariga deradikalizatsiya choralari yordam beradi, ayrimlar esa “radikal qarashlardan voz kechmaydi”, dedi u.

Suriyada ID safida jang qilish ayblovlari bilan sudlangan qozoq fuqarolari mudhish jinoyatlar sodir etishgan, deydi prokurorlar dahshatli fotosuratlar va videomateriallarga ishora qilib.

“Xalifa”ga bayʼat bergan odamni radikallashuvdan xalos qilish juda mushkul. Mahkumning ekstremistik qarashlardan voz kechgani mutaxassislar tomonidan qanday baholanishi ham muhim, dedi Izbairov.

KNB sudlangan terrorchilar bilan ular qamoqdan chiqqanlaridan keyin ham ishlashda davom etadi, dedi Bilisbekov sobiq mahkumlar sinov muddatida boʻlishini taʼkidlab.

“Biz ular bilan ishlashni davom ettiramiz. Bu bizning burchimiz”, deya qoʻshimcha qildi u.

Jazo muddatini oʻtab boʻlgan ekstremistlarni qamoqdan chiqarish alohida va murakkab masala, dedi Izbairov.

Uning aytishicha, yaqinda KNB Taraz va Qaragʻanda shaharlarida terakt uyushtirishni rejalagan besh kishini qoʻlga olgan. Ularning bari ozodlikka chiqqanidan soʻng, qoʻporuvchilik sodir etishga uringan sobiq mahkumlardir.

“Nega? Chunki ular jazoni oʻtash muassasalarida “radikallar” bilan aloqada boʻlgan, dedi u. “Bugungi davr deradikalizatsiya usullarini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Chunki, radikalizm mafkurachilari ham oʻz taktikalarini oʻzgartirmoqdalar.”

Radikallashuvdan xalos qilish juda mushkul masala, ammo toʻgʻri metodlar yordamida bu ishni amalga oshirsa boʻladi, dedi Izbairov.

Taxminan uch-toʻrt yil oldin Nur-Sultondagi “Akniyet” reabilitatsiya markazining bir guruh mutaxassislari “olti tishli gʻildirak” (shesterenka) texnikasidan foydalangan edilar, dedi u ekstremistik qarashlardan qaytarish boʻyicha olti usulni nazarda tutib.

“Biz ular bilan birgalikda deradikalizatsiya boʻyicha “Egrilikni toʻgʻrilash” qoʻllanmasini tayyorladik. Bu usul samarali deb topildi”, deydi Izbairov.

Uzoq muddatli kurash

Ushbu qoʻllanma Ichki ishlar vazirligi (IIV), Bosh prokuratura va KNB tomonidan maʼqullandi. Izbairovning taʼkidlashicha, guruh aʼzolari Aksilterror markazning maxsus mukofotlariga sazovor boʻlishgan.

“Bir vaqtlar men bu guruh rahbarlaridan biri bilan uchrashgan edim, u “shesterenka” usuli Qozogʻiston ichkarisida boʻlgan radikal qarashdagilar uchungina samarali ekanini aytdi” deb oʻz soʻzida davom etdi u. “Ammo u Suriyadan qaytganlar bilan uncha ish bermaydi, chunki ular terrorchi rahnamolariga bayʼat berishgan, urush va qon koʻrgan va oʻzlari ham odam oʻldirgan.”

Suriyadan qaytib kelganlarni deradikalizatsiya qilish qiyinroq, chunki bu maishiy yoki bolalikdagi ruhiy jarohatlar emas, balki eʼtiqod va mafkura masalasidir, dedi Izbairov.

Natijada, odatdagi ish usullari ularga mos kelmaydi, deydi Izbairov.

Sobiq radikallarda ortodoksal qarashlar uzoq muddat davomida shakllanib boradi, shu bois ham ular bu qarashlardan tezda voz kechishlarini kutish notoʻgʻri, deydi isteʼfodagi polkovnik, olma-otalik Arat Narmanbetov.

“Bordi-yu, odam oʻzgardi ham deylik... lekin, bunga amin boʻlish uchun uning boshida nima borligini koʻra olmaymiz-ku”, dedi u. “Ular oʻzlarini buqalamun kabi tutayotgan boʻlishlari, oʻz xatti-harakatlari va gap-soʻzlarini vaziyatga qarab oʻzgartirishlari mumkin”, dedi Narmanbetov.

“Baʼzida odam hatto siyosiy qarashlaridan voz kecha olmaydi, bu yerda esa yanada maxfiyroq narsa – eʼtiqod haqida gap ketmoqda. Shunday ekan, bu qalblar uchun kurash juda ogʻir va uzoq kechadi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500