Karvonsaroy
Xavfsizlik

Oʻz betarafligining 25 yilligini nishonlayotgan Turkmaniston xavfsizlikka oid islohotlarni boshladi

Jumaguli Annayev

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxoboddagi harbiy parad chogʻida harbiylarni qarshi olmoqda, sanasiz surat. [Turkmaniston davlat migratsiya xizmati]

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxoboddagi harbiy parad chogʻida harbiylarni qarshi olmoqda, sanasiz surat. [Turkmaniston davlat migratsiya xizmati]

ASHXOBOD – Oʻz neytralitetining 25 yilligini nishonlayotgan Turkmaniston xavfsizlik sohasidagi islohotlarni kuchaytirmoqda.

1995-yil 12-dekabrda 185 mamlakat tomonidan qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi rezolutsiyasida Turkmanistonning doimiy neytral maqomi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yordam berishi taʼkidlangan boʻlib, u barcha davlatlarni Turkmanistonning betarafligini hurmat qilishga chaqiradi.

Ammo, Afgʻoniston bilan 744 km uzunlikdagi umumiy chegaraga ega mamlakat tor-mor etilgan “Islom davlati”ga (ID) mansub turkmanistonlik jangarilarning Suriya va Iroqdan uyiga qaytishi tufayli xavfsizlik muammolariga toʻqnash kelmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, bu yili Turkmaniston oʻz betaraflik maqomining 25 yilligini keng miqyosda nishonlashga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash Turkmaniston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishiga aylangan. [Turkmaniston mudofaa vazirligi]

Terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash Turkmaniston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishiga aylangan. [Turkmaniston mudofaa vazirligi]

3-mart kuni “Oltin asr” davlat telekanali yubiley tantanalari doirasida xalqaro anjumanlar, davra suhbatlari, kontsertlar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berdi.

Tantanalarga qaramay, Turkmaniston xavfsizlik masalalarida tobora faollashib bormoqda, deydi kuzatuvchilar.

Mintaqaviy muammolarni oʻrganuvchi ashxobodlik Davlet Murodovga koʻra, bunday faollik bugungi kunning yangi tahdid va chaqiriqlari, Afgʻoniston shimolidagi vaziyatning keskinlashuvi va Eron tomonidan kutilayotgan “noxushlik” bilan bogʻliq.

Eron va Turkmaniston 1148 km uzunlikdagi umumiy chegaraga ega.

Murodovning aytishicha, oddiy turkmanistonliklar mamlakatning betaraflik maqomini xalqaro hamjamiyat tomonidan Turkmanistonga berilgan “daxlsizlik yorligʻi” sifatida koʻradi va “u xavfsizlikda boʻlishimizni va hech kim bizga tahdid solmasligini kafolatlaydi”, deb oʻylaydi.

Biroq, mintaqada radikalizm va ekstremizm gʻoyalarini yoyish, “xalifalik” barpo etish va giyohvand moddalar sotish orqali boyishni koʻzlaydigan radikal guruhlar va jinoiy toʻdalar bor.

“Bu kabi buzgʻunchi kuchlarning yetakchilari va gʻoyaviy rahnamolari, davlatlar oʻrtasida hech qanday chegaralarni tan olmasliklari haqida ochiqdan-ochiq gapiradilar, shu bois Turkmaniston xavfsizlik masalalari bilan jiddiy shugʻullanishi kerak”, dedi Murodov.

“Ular chegaralarni tan olmas ekan, davlatimizning betaraf maqomini ham tan olmasligi mumkin”, deya qoʻshimcha qildi u.

Chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish

Soʻnggi oylarda Turkmaniston davlat xavfsizlik kengashining faoliyati va tarkibi oʻzgardi.

Bosh prokuraturadagi manbaga koʻra, “uning tarkibida yangi yuqori lavozimli rasmiylar paydo boʻlgan”.

“Milliy xavfsizlik vaziri Yaylim Berdiyev kabi ayrim sobiq aʼzolar boshqa lavozimga oʻtkazilgan, ichki ishlar vaziri Iskender Mulikov va prezident xavfsizlik xizmati rahbari Melis Nobatovlar esa lavozimidan ozod qilinib, javobgarlikka tortilgan”, deb xabar berdi manba.

Ular korrupsiya va xizmat vazifasini suiisteʼmol qilishda ayblanmoqda.

Ayni vaqtda, Turkmanistonning harbiy va huquq-tartibot idoralari oʻzaro hamkorlikni kuchaytirganlar.

Oʻzgarishlar ikki voqeadan soʻng sodir boʻldi: parlament Turkmaniston davlat xavfsizlik kengashi toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildi, 30 yanvar kuni esa yangi lavozim – xavfsizlik masalalari boʻyicha bosh vazir oʻrinbosari lavozimi joriy etildi.

Ilgari Davlat xavfsizlik kengashi kotibi vazifasi “kuch tuzilmalari vazirlaridan” (ichki ishlar, milliy xavfsizlik yoki mudofaa) biriga yuklatilar edi, prezident esa umumiy boshqaruv va nazorat bilan shugʻullangan.

Yangi qonunga koʻra, xavfsizlik masalalari boʻyicha bosh vazir oʻrinbosari harbiy va huquq-tartibot idoralarining faoliyatini ham muvofiqlashtiradi.

Politsiya general-leytenanti va Ichki ishlar vazirligi instituti rektori Chorimurod Amanov bosh vazirning xavfsizlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari va Davlat xavfsizlik kengashining kotibi vazifasini oʻtaydi, deb xabar bergan 30-yanvar kuni Turkmaniston televideniyesi.

Unga “mamlakat harbiy va huquq-tartibot idoralari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilotga” rahbarlik qilish vazifasi yuklatildi, deyiladi xabarda.

Xalqaro maydondagi ishtirok

Mamlakat ichida xavfsizlikni taʼminlash choralarini koʻrayotgan rasmiylar bu borada mintaqaviy sheriklar bilan tez-tez maslahatlashishni boshlaganlar.

Fevral oyi boshlarida turkmanistonlik diplomatlar Ashxobod, Kobul va Nyu-Dehlida uchrashuvlar oʻtkazib, xavfsizlik masalalarini muhokama qildilar.

Tomonlar terrorizm tahdidlariga qarshi kurash boʻyicha profilaktika choralarini amalga oshirish, mintaqaviy darajada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Bu orada, Turkmaniston va Qoʻshma Shtatlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlari ustida ishlamoqda– bular terrorizmga qarshi kurash, chegaralar xavfsizligi va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik kabi sohalardir, deb xabar bergan rasmiylar.

Devid Maunt rahbarligidagi AQSH Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) delegatsiyasi yanvar oyi oxirida Ashxobodda Turkmaniston davlat bojxona xizmati rasmiylari bilan uchrashdi.

Ashxobod rasmiylari bugungi kunning xalqaro global muammolari, tahdid va chaqiriqlarini hal qilmay, yakka holatda mamlakat ichida xavfsizlikni taʼminlab boʻlmasligini tushunib yetmoqdalar, dedi Muradov.

“Yolgʻiz otning changi chiqmas, degan maqol bu vaziyatni yaxshi tasvirlaydi”, dedi Muradov.

“Bu jangda barcha vositalar foyda beradi va boshqalarning tajribasi qoʻl keladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

U mutaxassislar oʻrtasida koʻnikma va maʼlumot almashish, internetda terroristik va ekstremistik mafkuraga qarshi faol kurashish va ularning moliyaviy qoʻllab-quvvatlash manbalarini aniqlash orqali xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

Terrorchilik tahdidini baholovchi 2019-yilgi Global terrorizm indeksida (GTI) Turkmaniston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri deb topilgan.

“Albatta, biz bu reyting koʻrsatkichidan mamnunmiz, lekin bu bizni tinchlantirishi va boʻshashtirishi kerak emas”, dedi Muradov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500