Karvonsaroy
Atrof muhit

Yevropa banki Tojikiston va Qozogʻistonda uran qoldiqlarini tozalash ishlarini davom ettiradi

Karvonsaroy

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Markaziy Osiyo mamlakatlariga Sovet Ittifoqidan qolgan uran chiqindixonalarini tozalashda yordam bermoqda. [YTTB]

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Markaziy Osiyo mamlakatlariga Sovet Ittifoqidan qolgan uran chiqindixonalarini tozalashda yordam bermoqda. [YTTB]

LONDON – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Markaziy Osiyo mamlakatlariga Sovet Ittifoqidan qolgan zaharli uran chiqindixonalarini tozalash ishlariga koʻmaklashishda davom etadi.

Oxirgi oʻzgarishlar sovet davridan qolib ketgan uran konlari natijasida ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan jiddiy zarar tufayli nochor qolgan davlatlar – Tojikiston va Qirgʻiziston uchun koʻmak boʻladi.

SSSRning vorisi boʻlgan Rossiya rejimi uran qoldiqlari tufayli xavfsizlikka jiddiy tahdid soluvchi tashlandiq va zaharli konlarni zararsizlantirishda postsovet mamlakatlarga deyarli hech qanday yordam bermagan.

YIning 2017-yilgi hisob-kitoblariga koʻra, Markaziy Osiyoda 1 milliard tonnaga yaqin uran chiqindilari bor. 1995-yilda aksariyat Sovet konlari yopilganidan soʻng, Rossiya bu inshootlar va konlarni tark etgunigacha ham, undan keyin ham deyarli hech qanday tozalash ishlarini olib bormagan .

Sovet rejimi Markaziy Osiyoda 50 yildan ortiqroq vaqt davomida uran qazib chiqargan va boshqa mamlakatlardan uran rudalarini qayta ishlash uchun olib kelgan.

Tojikistonga yordam

“Tojikistonda YTTB bilan doiraviy bitim kuchga kirgan, unga koʻra tozalash ishlariga tayyorgarlik va ularni oʻtkazish hozirdanoq boshlanishi mumkin”, deyiladi YTTBning dushanba (4-may) kungi bayonotida. Unda bitim kuchga kirgan sana haqida maʼlumot berilmagan.

Hujjatlar toʻplami Tojikistonda tozalash ishlariga oid loyihalarni amalga oshirish uchun huquqiy asos vazifasini oʻtaydi.

2015-yilda YTTB Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonga sovet davridan qolgan uran obyektlaridagi zaharli chiqindilarni tozalashga koʻmaklashish maqsadida Markaziy Osiyo uchun Atrof-muhitni tiklash hisob raqamini (ERA) taʼsis etgan edi.

Bu obyektlar deyarli himoyasiz boʻlib, ularda terrorchilar tomonidan gʻarazli maqsadlarda ishlatishga kifoya qiladigan darajada past sifatli uran moddasi qoldiqlari bor.

Tojikiston uran chiqindixonalarida qoʻlbola bombalar tayyorlash uchun yetarlicha uran qoldiqlari borligi yuzasidan xavotir bildirgan.

Qirgʻiziston uchun yordam

Ushbu loyihalarni amalga oshirish yoʻlida, YTTB va qirgʻiz rasmiylari Qirgʻizistonning Shekaftar konida tozalash ishlarini olib borishga oid kelishuvni imzolaganlar, deb xabar bergan YTTB shartnoma imzolangan sanani ochiqlamay.

“Shekaftar” majmuasi “uchta yopiq kon va togʻ-kon chiqindilari koʻmilgan sakkizta hududni oʻz ichiga oladi, ularda 700 ming kub metrga yaqin chiqindi bor. Qishloq atrofida va maktab yaqinida qolib ketgan radioaktiv chiqindilar – tosh jinsi qatlamlari aholi salomatligiga xavf tugʻdiradi”, deb taʼkidlagan YTTB.

Sovet Ittifoqining parchalanishi va bir vaqtlar Shekaftarda gullab-yashnagan daromadli uran koni toʻxtaganidan soʻng bu yerda vaziyat ogʻirlashib, ishsizlik darajasi 70% ga yetgan.

Eski konlarni tozalash ishlari “oltita shaxtani yopish va beshta chiqindixona qoldiqlarini uzoqroqdagi chiqindixonaga koʻchirishdan boshlanadi”, deyiladi YTTB xabarida.

Iqtisodiy koʻmak

YTTB, shuningdek koronavirus pandemiyasidan aziyat chekayotgan mamlakatlar, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham yordam koʻrsatmoqda.

Uning yordam hajmini oshirish borasidagi saʼy-harakatlari “tezkor choralar koʻrish va tiklash dasturlari, shuningdek, Bankning yadroviy xavfsizlik va foydalanishdan chiqarish sohasidagi ishtiroki kabi hayotiy muhim faoliyatini” oʻz ichiga oladi.

1993-yildan beri ERA Ukrainaning Chernobilidan tortib, Bolgariya, Litva, Slovakiya respublikasi va Rossiyaning oʻzidagi bir nechta hududlarni SSSRdan qolgan zararli ekologik “meros”dan xalos qilishga yordam bergan. U Yevropa komissiyasi, Belgiya, Shveytsariya, AQSH, Norvegiya va Litva tomonidan moliyalashtiriladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“SSSRning merosxoʻr davlati boʻlgan Rossiya rejimi postovet mamlakatlariga zaharli tashlandiq chiqindixonalarni tozalashda deyarli hech qanday yordam bergani yoʻq, ulardagi uran qoldiqlari xavfsizlikka jiddiy tahdid hisoblanadi”. Shu bois Rosatom hozirda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikistondagi konlarni tozalash ustida ishlamoqda, loyihalarni 2023 yil oxirida yakunlash rejalashtirilgan. Bu Rossiyani qoralash va Gʻarb institutlarini ulugʻlashga urinuvchi navbatdagi tashviqot chorasi.

Javob berish

Aqlan zaif terrorchilar tarixan jamiyatga katta xavf tugʻdirgan. Hammaning hayotini qurbon qilish uchun qanday gʻoya ekanligining farqi yoʻq.

Javob berish