Karvonsaroy
Terrorizm

Oʻzbeklarni jangarilikka yollash tarmoqlarining umri tugab borayotgan boʻlishi mumkin

Maksim Yeniseyev

Abu Saloh va uning tarafdorlari, Suriyaning Idlib shahri. Videolavha 7-iyul kuni Abu Salohning Telegram kanaliga joylangan. Iyun oyi oʻrtalarida Abu Saloh raqib jangari guruh tarafidan qoʻlga olingan. [Fayl]

Abu Saloh va uning tarafdorlari, Suriyaning Idlib shahri. Videolavha 7-iyul kuni Abu Salohning Telegram kanaliga joylangan. Iyun oyi oʻrtalarida Abu Saloh raqib jangari guruh tarafidan qoʻlga olingan. [Fayl]

TOSHKENT – Mahalliy OAV va xavfsizlik boʻyicha tahlilchilarga koʻra, soʻnggi oylarda Suriyadagi ekstremistik guruhlarga aloqadorlikda gumon qilingan oʻnlab shaxslarning hibsga olinishi Oʻzbekistonda jangarilikka yollash harakatlariga jiddiy zarba bergan.

“Oʻzbekzabon yoshlarni Suriyadagi xalqaro terrorchi tashkilotlarga yollovchilar uchun qora kunlar keldi”, deb xabar beradi “Oʻzbekiston yangiliklari” 2-iyul kuni.

“Tavhid va jihod katibasi” (TJK) – Oʻzbekistonda taʼqib qilinadigan asosiy terrorchilik guruhlaridan biri. U asosan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston fuqarolarini oʻz safiga yollash orqali faoliyat olib boradi.

U “Katibat al-Tavhid val-Jihad” nomi bilan ham mashhur.

Toshkentda “Tavhid va jihod katibasi”ga aʼzolikda gumon qilingan shaxslarga tegishli kompyuterni tekshirayotgan operativ xodimlar, 6-iyul kuni Oʻzbekiston televideniyesida namoyish etilgan videolavha kadri.

Toshkentda “Tavhid va jihod katibasi”ga aʼzolikda gumon qilingan shaxslarga tegishli kompyuterni tekshirayotgan operativ xodimlar, 6-iyul kuni Oʻzbekiston televideniyesida namoyish etilgan videolavha kadri.

Toshkentda “Tavhid va jihod katibasi”ga aʼzolikda gumonlanib qoʻlga olingan shaxs 6-iyul kuni Oʻzbekiston televideniyesi efirida oʻz aybiga iqror boʻlib, koʻrsatma bermoqda.

Toshkentda “Tavhid va jihod katibasi”ga aʼzolikda gumonlanib qoʻlga olingan shaxs 6-iyul kuni Oʻzbekiston televideniyesi efirida oʻz aybiga iqror boʻlib, koʻrsatma bermoqda.

Iyun oyida Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida Oʻzbekistonlik 15 nafar fuqaroni ekstremistik guruhga aloqadorlikda ayblab hibsga oldi, deb xabar beradi Uzbekistan News.

Qoʻlga olinganlar guruh safiga yangi aʼzolar yollash va ularni Suriyaning Idlib viloyatiga yuborish bilan shugʻullangani iddao qilinmoqda. Ularning barchasi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Guruh rahbari Bekzod Karimov Rossiyada mehnat muhojiri boʻlib ishlab yurgan vaqtida ekstremistik guruhlar bilan tanishib qolgan.

Yangiliklar kanalining xabar berishicha, u Suriyaga pul yuborgan va hamyurtlarni yollash uchun TJK sobiq rahbari Abu Salohning videolaridan foydalanib, oʻz izdoshlari bilan internet orqali muloqot qilgan.

Iyul oyi boshida Sankt-Peterburg sudi Karimovni olti yillik qamoq jazosiga hukm qilgan, deb xabar beradi Rossiya OAV.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Jizzax viloyatida virtual ekstremistik guruhga mansublikda ayblangan 23 nafar yigit hibsga olingan, deb xabar beradi AKIpress.

Xabarlarga koʻra, guruh rahbari Turkiyadagi terrorchilar taʼsiriga tushib, Odnoklassniki va Telegram ijtimoiy tarmoqlari orqali oʻz tarafdorlarini topgan.

23-iyun kuni DXX va Ichki ishlar vazirligi (IIV) xodimlari Toshkent shahri va viloyatida TJKga aʼzolikda gumon qilingan 25 kishini hibsga oldilar, deb xabar beradi mahalliy OAV.

Ular Suriyadagi TJK safida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi A. Abduqahhorovning taʼsiriga tushganlar va guruhga qoʻshilishni rejalashtirganlar.

Qoʻlga olinganlarning uch nafari avvalroq terrorizm va ekstremizmda ayblanib sudlangan. Abduqahhorov hali ham qochuvda.

30-iyun kuni IIV va DXX Toshkentda TJKga aʼzolikda gumon qilingan yana 11 kishini hibsga oldi.

Hibsga olinganlarning barchasi TJK jangarilari taʼsiriga tushib, isyonchilar safiga qoʻshilish uchun Suriyaga borishni rejalagan.

“Biz Abu Saloh, Abdulloh Zufar va Sodiq Samarqandiylarning maʼruzalarini tinglar va ularni Telegram orqali bir-birimizga ulashar edik. Natijada bizda jihodga borish istagi paydo boʻldi”, deydi hibsga olinganlardan biri “Oʻzbekiston 24” telekanali efirida.

“Men Zufar va Samarqandiyning maʼruzalarini tinglay boshladim”, deydi hibsga olinganlardan yana biri. “Oramizda hamfikr odamlar toʻplandi. Koronavirus karantini vaqtida juma namozini oʻqish uchun turli joylarda yigʻilib, bir-birimizni jihodga daʼvat qildik”.

Suriyada TJK sobiq rahbari “hibs qilingan”

TJK – marhum iordaniyalik terrorchi Abu Musʼab az-Zarqaviy asos solgan, taniqli “Jamoat al-Tavhid val-Jihod” guruhidan ajralib chiqqan guruh deb gumon qilinadi va dunyo boʻylab sodir etilgan koʻplab teraktlar uchun masʼuldir.

Guruh 2016-yildan Oʻzbekiston oliy sudi tomonidan taqiqlangan boʻlib, oʻtgan yil dekabrda Oʻzbekiston din ishlari qoʻmitasi guruhning tashviqot materiallarini mamlakatda taqiqlangan materiallar roʻyxatiga kiritgan.

Oʻtgan yil dekabrda Rossiya sudi Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistonlik 11 migrantni 15 kishining hayotiga zomin boʻlgan portlashni tashkillashtirishga yordam berganlikda ayblagan.

Rossiya huquq-tartibot organlariga koʻra, ayblanuvchilarning bari oʻsha vaqtda Suriyada jang qilayotgan qirgʻizistonlik etnik oʻzbek Abu Saloh boshqaruvidagi guruh aʼzolari boʻlishgan.

Asl ismi Sirojiddin Muxtorov boʻlgan Abu Saloh 2019-yil aprel oyida tashkilot uchun moliyalashtirishni kuchaytirish va yollash amaliyoti bilan shugʻullanish maqsadida guruh yetakchiligidan ketgan, deb xabar bergan TJK oʻz Telegram kanalida.

Ammo, oʻtgan oyda Suriyaning Idlib viloyatida kuchli taʼsirga ega jangari guruh – “Hayʼat Tahrir ash-Shom” raqobatchi guruhlarga qarshi harbiy reyd boshlagan edi, deb xabar bergan mahalliy OAV va huquqbon guruhlar.

Reyd chogʻida Abu Saloh boshqa jangarilar qatori hibsga olinib, “Hayʼat Tahrir ash-Shom” qoʻliga tushgan. Bu haqda Suriyadagi oʻzbek jangarilarining Telegram kanalida xabar berilgan.

Oʻzbekistonlik jurnalist Viktor Mixaylovning aytishicha, TJK asoschisi Abu Saloh va uni qoʻllab-quvvatlagan ikki kishining qoʻlga olinishiga guruh amirining baytulmoldan katta miqdorda pul oʻgʻirlagani sabab boʻlgan.

Fevral oyida Oʻzbekistonda Abu Salohning TJK guruhi tarafdorlari deb gumon qilingan 21 nafar kishi qoʻlga olindi. Guruh Suriyaga ketish va terrorchilik faoliyatini olib borish uchun oʻz safiga yoshlarni yollagan.

Yollash tarmoqlari chok-chokidan yorilmoqda

Iyun oyidagi hibslar bilan TJKning Oʻzbekistondagi faoliyatiga chek qoʻyilgan boʻlishi mumkin, deydi tahlilchilar.

“Fikrimcha, biz TJKga mansub yollash tarmoqlarining soʻnggi kunlariga guvoh boʻlib turibmiz”, deydi oʻzbekistonlik siyosatshunos Umid Asatullayev.

“Huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan amalga oshirilgan choralar Abu Saloh va uning guruhini qoʻllab-quvvatlayotganlarni toʻxtatgan boʻlishi mumkin”, dedi u. “Oʻzbekistonda odam toʻplash uchun barqaror zamin yoʻqligi aniq. Yangi guruhlarni ham xuddi shunday taqdir kutmoqda.”

“Aniqki, bu mojarolarning bari suriyalik ekstremistlar, jumladan Markaziy Osiyoga diqqat qaratgan guruhlarning oʻlim oldi talvasasiga bir misol, xolos”, dedi u.

“Ular endi oʻz mafkurasi uchun emas, balki qolgan soʻnggi resurslar uchun bir-birlariga qarshi kurashmoqdalar”, dedi u. “Ularni hech kim kutayotgani yoʻq. Xalifalikni Afgʻonistonga koʻchirishga oid xayoliy gʻoyalar ham puchga chiqqan.”

TJK 2017-yil aprel oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi metroda sodir etilgan xudkushlik portlashidan soʻng mashhurlikka erishgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Oʻsha san yozgan hayoliy gʻoyani biz moʻmin-musulmonlar san najaslarni qonini toʻkib boʻlsa ham quramiz inshaalloh! Kufr demokratik hukumati oʻrniga iymoniy xalifalik hukumati paydo boʻladi!!!

Javob berish