Karvonsaroy
Salomatlik

Qozoq harbiylari COVID-19 pandemiyasi sharoitiga moslashmoqda

Aydar Ashimov

Qozogʻistonda koronavirusdan vafot etganlarni xotirlash uchun eʼlon qilingan umummilliy motam kuni sukut saqlayotgan harbiylar. 13-iyul, Nur-Sulton. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

Qozogʻistonda koronavirusdan vafot etganlarni xotirlash uchun eʼlon qilingan umummilliy motam kuni sukut saqlayotgan harbiylar. 13-iyul, Nur-Sulton. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

NUR-SULTON - Qozogʻiston armiyasi COVID-19 pandemiyasi sharoitida askarlar va harbiy xizmatchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻz ish uslubini oʻzgartirmoqda, shuningdek, halokatli virusga qarshi kurashga hissa qoʻshmoqda.

Hukumat mart oyida karantin eʼlon qilganidan beri Qozogʻistonda yirik harbiy oʻquv mashqlari oʻtkazilgani yoʻq.

Mudofaa vazirligining maʼlum qilishicha, qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatga moslab qayta koʻrib chiqiladi.

14-iyul kuni vazirlik rahbariyati yigʻilish oʻtkazib, askarlarning jangovar tayyorgarligi, ularning koronavirusga qarshi kurashdagi ishtiroki va muddatli harbiy xizmatga chaqiruv jarayonini muhokama qildi.

Oʻquv mashgʻulotlarida qatnashayotgan desantchilar, sanasiz surat. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

Oʻquv mashgʻulotlarida qatnashayotgan desantchilar, sanasiz surat. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

Qoʻmondonlar oʻtkazilayotgan oʻquv mashgʻulotlari yuzasidan mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayevga hisobot berdilar.

Iyul oyida havo desantchi qoʻshinlari maxsus taktik oʻquv mashqlarini oʻtkazdilar, ular davomida harbiy xizmatchilar 800 dan koʻproq marta parashyutdan sakradilar.

Havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari safidagi uchuvchilar muntazam ravishda oʻquv-mashq parvozlarini amalga oshirib kelmoqda.

Uchrashuv davomida harbiy mashqlarni tasdiqlangan rejaga koʻra toʻliq hajmda davom ettirishga, ammo karantin choralarini oʻz kuchida qoldirishga qaror qilindi.

Yermekbayev mashqlarni oʻtkazish tartibini oʻzgartirish, yigʻinlarni poligonlarga chiqmasdan, harbiy qismlar yaqinida tashkil etish haqida qoʻmondonlarga koʻrsatma berdi.

Qozogʻistonda yigitlarni muddatli harbiy xizmatga chaqiruv jarayoni olib borilmoqda. Chaqiriluvchilarni xizmat joyiga yuborishda virusga chalinish xavfini kamaytirish uchun maxsus ajratilgan temiryoʻl vagonlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Mudofaa vazirligi xabariga koʻra, boʻlinmalarning jangovar tayyorgarligini taʼminlagan holda, harbiy xizmatchilarning salmoqli qismi masofaviy ishlash tartibiga oʻtkazildi.

Iyun oyida Qozogʻiston oʻz qurolli kuchlarini modernizatsiya qilib, avtomatlashtirilgan qoʻmondonlik va boshqaruv tizimini joriy qilgani haqida xabar bergan edi.

Koronavirusga qarshi kurashga koʻmaklashish

Ayni paytda harbiylar oʻz vatandoshlariga pandemiyani yengishda yordam bermoqda.

“Qozogʻiston respublikasi qurolli kuchlari pandemiyaning ilk kunlaridanoq ushbu kasallik va uning oqibatlariga qarshi kurashga jalb qilingan boʻlib, ular oʻz vatandoshlariga yordam berish va ularni qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanmoqdalar” deyiladi Mudofaa vazirligi saytida.

Aprel oyida Qozogʻistonda harbiy xizmatga chaqiruv boshlangan boʻlib, chaqiriluvchilar COVID-19ga qarshi kurash ishlarga jalb qilingan.

Qurolli kuchlar dezinfektsiyalash ishlariga koʻmaklashmoqda. Ular Atirau, Jambil, Oqmola, Turkiston va Qiziloʻrda viloyatlaridagi sanitariya-dezinfektsiya ishlarida qatnashadi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi.

Bundan tashqari, harbiy tibbiy xodimlar fuqarolar saftidagi mutaxassislar bilan birgalikda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shugʻullanmoqda.

“Har bir qozogʻistonlik bu makkor virusga chalinish xavfi ostida turgan paytda, armiya bir chekkada qarab tura olmaydi. Biz xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda xizmat qilib, qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlariga koʻmaklashishga urinyapmiz”, deydi shartnoma boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan chimkentlik Dosbol Aytbayev.

“Koronavirus pandemiyasiga qarshi butun jamiyat – tibbiyot xodimlari, harbiylar va oddiy fuqarolar kurashmoqda. Eng muhimi, vahimaga berilmaslik va taslim boʻlmaslik. Biz buni birgalikda yengishimiz kerak”, deydi turkistonlik shifokor Mira Axmetova.

Jons Xopkins univesitetining maʼlumotlariga koʻra, chorshanba, 22-iyul holatiga koʻra Qozogʻistonda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 75153 taga yetgan, 585 kishi hayotdan koʻz yumgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500