Karvonsaroy
Biznes

Markaziy Osiyo kompaniyalari Amazon xalqaro elektron savdo platformasi bilan ishlash imkoniga ega boʻldi

Kanat Altinbayev

Kuzatuvchilarga koʻra, Amazon kompaniyasining Markaziy Osiyoga kirib kelishi mintaqadagi global savdoni kuchaytiradi. Bu boshqa mamlakatlar bilan yanada faolroq savdo-sotiq imkoniyatlarini izlayotgan tadbirkorlar uchun ajoyib yangilikdir. [Emmanuel Dunand/AFP]

Kuzatuvchilarga koʻra, Amazon kompaniyasining Markaziy Osiyoga kirib kelishi mintaqadagi global savdoni kuchaytiradi. Bu boshqa mamlakatlar bilan yanada faolroq savdo-sotiq imkoniyatlarini izlayotgan tadbirkorlar uchun ajoyib yangilikdir. [Emmanuel Dunand/AFP]

Dunyodagi eng yirik elektron tijorat maydoni – Amazon ilk bor Markaziy Osiyolik tadbirkorlarga oʻz platformasidan foydalanishni taklif qilmoqda.

24-maydan boshlab Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmanistonlik ishlab chiqaruvchilar Amazon platformasida bevosita roʻyxatdan oʻtishi va oʻz mahsulotini sotishi mumkin. Ilgari bu platforma ular uchun yopiq edi.

Bu mamlakatlarda yashovchi mijozlar ilgari “Amazon”da roʻyxatdan oʻtishi va buyurtma berishi mumkin boʻlsa-da, Markaziy Osiyoga hamma sotuvchilar ham yetkazib bera olmas edi.

Qozogʻiston rasmiylari noyabr oyidan beri “Amazon”ni Markaziy Osiyo bozoriga olib kirishga harakat qilayotgan edilar. 24-may kuni kuni Qozogʻiston savdo va integratsiya vaziri Baxit Sultonov oʻzining Facebook sahifasida muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani haqida xabar bergan.

31-may kuni Olmaotada namoyish etilgan “Qozogʻiston” shokoladi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Amazon.com saytida ham xaridorgir. [Kanat Altinbayev]

31-may kuni Olmaotada namoyish etilgan “Qozogʻiston” shokoladi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Amazon.com saytida ham xaridorgir. [Kanat Altinbayev]

“Nihoyat, 20-may holatiga koʻra, mamlakatimiz dunyodagi eng yirik elektron tijorat platformalaridan biriga rasman qoʻshildi”, dedi Sultonov. “Oʻzimiz bilan birga Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarimizni ham torta olganimiz nur ustiga aʼlo nur boʻldi.”

“Bu biz uchun juda muhim”, deydi u AQSH kompaniyasining eng ommabop platformalardan biri ekanligi hamda kelajakda “elektron tijorat rivoji va Qozogʻiston mahsulotlari eksporti istiqbollari” haqida soʻz yuritar ekan.

“Ulkan biznes salohiyati”

Kuzatuvchilarga koʻra, “Amazon”ning Markaziy Osiyoga kirib kelishi mintaqadagi global savdoni kuchaytiradi. Bu boshqa mamlakatlar bilan yanada faolroq savdo-sotiq imkoniyatlarini izlayotgan tadbirkorlar uchun ajoyib yangilikdir.

U mintaqadagi tadbirkorlarga global savdo sohasida oʻz salohiyatlarini roʻyobga chiqarish imkonini beradi, deydi “Smartgov Consulting” kompaniyasining bosh direktori, toshkentlik Aziza Umarova.

“Bu halol, ochiq bozor, bu yerda ishbilarmonlarimizdan faqat ingliz tilida gapira olish va biznesga ijodiy yondashish talab etiladi”, deydi Umarova.

“Mintaqamiz katta biznes salohiyatiga ega”, deb qoʻshimcha qildi u.

Markaziy Osiyo jahon bozoriga koʻp narsalar taklif qila oladi, jumladan mintaqa uchun xos boʻlgan noyob mahsulotlarni.

Oʻzbekiston qoʻlda toʻqilgan gilamlar, badiiy kashtachilik va kulolchilik buyumlari bilan mashhur.

Kolleksionerlar Qozogʻiston milliy valyutasi kupyuralari yoki esdalik va yubiley tangalariga buyurtma berishadi. Shuningdek, shirinliklar, masalan, “Qozogʻiston” deb nomlangan mahalliy shokolad, “Qoraqum” konfetlari, suvenirlar va boshqa esdalik sovgʻalari ham talabgir.

Jahon bozorida chimkentlik hunarmandlar tarafidan “qozoq milliy anʼanalariga xos kumushdan ishlangan zargarlik buyumlariga” talab bor, degan edi “Kazpochta” milliy pochta xizmati rahbari Saken Sarsenov 2018-yil noyabr oyida Forbes.kz onlayn nashriga intervyusida.

Qozogʻiston jahon bozoriga yuzlanib, rivojlangan mamlakatlar bilan aloqalarini mustahkamlagan holda savdo-sotiqni kengaytirishi lozim, deydi Nur-Sultonda qurilish materiallari bilan savdo qiluvchi Daulet Axmetov.

Axmetovning soʻzlariga koʻra, Rossiya boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi “cheklovlar va sunʼiy toʻsiqlar bilan mamlakat iqtisodini ogʻirlashtirmoqda”.

“Bizga kuchli va zaif tomonlarimizni tushunib, xatolar ortidan gʻalabalarga erishib, takomillashuvimizga yordam beradigan real bozor kerak”, dedi u.

Qirgʻizistonda umid katta

Qirgʻizistonlik iqtisodchilar va tadbirkorlarning ishonishicha, “Amazon” mahalliy biznesga taraqqiyotning yangi darajasiga koʻtarilish imkonini berishi mumkin.

Bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyevaga koʻra, Qirgʻiziston shak-shubhasiz, oʻz madaniyati va xalq amaliy ijodini aks ettiruvchi mahsulotlar, masalan, kigiz buyumlar, bezaklar va qomuz kabi yogʻochdan yasalgan musiqa asboblari bilan xaridorlarda qiziqish uygʻotadi.

“Bundan tashqari, biz yengil sanoat kabi iqtisodiyotning real sohalarida raqobatlasha olamiz”, dedi Suranchiyeva. “Bizning korxonalarimiz juda sifatli, raqobatbardosh kiyim-kechak ishlab chiqaradi, ularga xorijda talab yuqori”.

Qirgʻizistonning ayrim zamonaviy kiyim-kechak brendlari Moskvada oʻz savdo shoxobchalariga ega va rossiyalik ishlab chiqaruvchilar bilan muvaffaqiyatli raqobatlashmoqda, dedi u “qirgʻiz mahsulotlari koʻplab taniqli brendlardan qolishmasligini” taʼkidlab.

Ayrim kuzatuvchilar “Amazon”ning Markaziy Osiyodagi turmush darajasiga taʼsir qilishi bilan bogʻliq ijtimoiy omilni qayd etmoqdalar.

“Amazon”ning kirib kelishi Qirgʻizistonda elektron tijoratni rivojlantirishga yordam berishidan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni ham yaxshilaydi, degan edi qirgʻizistonlik tadbirkor Tilek Toktonaliyev 2020-yil fevral oyida Migranty.org saytiga bergan intervyusida.

“Yoshlar mehnat migratsiyasi oʻrniga internet-tijoratga oʻtishlari mumkin”, dedi u.

“Dasturchi boʻlish shart emas, veb-ilovalar yoki dasturlar ishlab chiqishga hojat yoʻq. Shunchaki mexanizmlarni tushunib, dunyo bozorida savdo qilish va uyda oʻtirib pul ishlash kerak.”

Rossiyaning Wildberries maydonchasi

Rossiyalik oʻyinchilar ham Markaziy Osiyoga kirishga harakat qilib keladi, ammo bu urinishlar u qadar muvaffaqiyatli emas.

Masalan, fevral oyida Qozogʻiston savdo vaziri Sultonov Facebook sahifasida Rossiyaning Wildberry savdo maydonchasi bilan ishlashdagi qiyinchiliklar haqida soʻzlagan.

Rossiya hukumati dastlab qozogʻistonlik tadbirkorlardan Rossiyada kompaniya ochishni va oʻsha yerda soliq toʻlashni talab qilgan, deb tushuntirdi u.

Natijada qozogʻistonliklar Qozogʻistonda ham, Rossiyada ham soliq toʻlashga majbur edilar, dedi u.

Wildberries platformasidan qozogʻistonlik mijozlar ham shikoyat qilgan edilar.

Oʻtgan yili Wildberries xizmatlaridan foydalangan 190 nafar mijoz Qozogʻiston savdo va integratsiya vazirligining Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga shikoyat qilgan.

Ularning soʻzlariga koʻra, sayt qaytarib berilgan buyumlarning pulini qaytarmagan – jami 7 million tenge (16375 AQSH dollari) – bu haqda Savdo va integratsiya vazirining oʻrinbosari Asel Janasova dekabr oyida “Interfaks” bilan suhbatida aytib oʻtgan.

Keyinroq, Qozogʻiston idorasining aralashuvidan soʻng, Wildberries bu pullarning katta qismini egalariga qaytargan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu Bojxona ittifoqining bosimini kamaytiradi.

Javob berish

Biz eng yirik savdo platformasidan foydalanish huquqiga ega bo‘ldik; bu iqtisodiyot uchun katta plus.

Javob berish