Karvonsaroy
Iqtisodiyot

AQSH bozorlariga koʻz tikayotgan Qirgʻiziston eksportchilar uchun savdo imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlamoqda

Kanat Altinbayev

Qirgʻizistonlik meva-sabzavot sotuvchilar, 24-iyul, Issiqkoʻl viloyatidagi Issiqkoʻl-Bishkek avtomobil yoʻli. [Maqsat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

Qirgʻizistonlik meva-sabzavot sotuvchilar, 24-iyul, Issiqkoʻl viloyatidagi Issiqkoʻl-Bishkek avtomobil yoʻli. [Maqsat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

BISHKEK – Qirgʻiziston hukumati mahalliy tadbirkorlarga oʻz mahsulotlarini Qoʻshma Shtatlarga eksport qilish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan AQSH hukumat dasturidan foydalanish uchun yoʻl ochmoqda.

1974-yilda ishga tushirilgan umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi (GSP) AQSH hukumatining eng qadimgi va eng yirik savdo imtiyozlari dasturi hisoblanadi.

Minglab mahsulotlar uchun bojlarni bekor qiluvchi bu dastur manfaatdor mamlakatlarning barqaror iqtisodiy taraqqiyoti uchun xizmat qiladi va bu davlatlarga AQSH bilan savdo-sotiq hajmini oshirish va diversifikatsiya qilishga yordam beradi.

Oʻtgan hafta prezident Sadir Japarov bosh vazir Ulugʻbek Maripovga Qirgʻiziston va AQSH oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va davlat tadbirkorlarini hukumat darajasida qoʻllab-quvvatlash uchun GSP dasturidan foydalanish buyrugʻini bergan.

Bishkek bozoridagi mahalliy meva-sabzavotlar sotuvchisi, 16-aprel. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

Bishkek bozoridagi mahalliy meva-sabzavotlar sotuvchisi, 16-aprel. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

GSP rivojlanayotgan mamlakatlar uchun AQSHga 5000 tagacha mahsulot turi, jumladan, noyob va yuqori sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini bojsiz eksport qilish imkonini beradi, deyiladi prezident matbuot xizmatining 27-iyun kungi bayonotida.

Xususan, Qirgʻiziston togʻ asali, chakanda (oblepixa), olxoʻri, araxis, forel baligʻi, xonaki qoʻtos va boshqa turdagi goʻsht singari mahalliy mahsulotlarni eksport qila oladi, deyiladi bayonotda.

“Hozirda tegishli davlat idoralari bilan qirgʻiz tadbirkorlari Amerikaning bu dasturidan toʻliq foydalana olishi uchun hukumat darajasidagi barcha zaruriy sharoitlarni yaratish ustida ish olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Taraqqiyot uchun turtki

Soʻnggi yillarda Qirgʻiziston va Qoʻshma Shtatlar oʻzaro savdoni jadallashtirdilar, ammo raqamlarga koʻra, oʻsish uchun potensial mavjud.

AQSH Savdo vakolatxonasi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yilda Qirgʻiziston va AQSH oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 26 million dollarni tashkil etgan.

Qirgʻizistonning AQSHga eksporti 5 mln dollarga yetdi, bu 2018-yilga nisbatan 29% (2 million dollar), 2009-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 12% kam. Ayni vaqtda Qirgʻizistonning Qoʻshma Shtatlardan importi 21 million dollarni tashkil etgan – bu 2018-yildagiga nisbatan 22,1% (4 mln dollar) koʻp, 2009-yildagiga nisbatan esa 63%ga kam.

Savdo balansi doirasida Qirgʻizistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti 2017-yildan beri barqaror oʻsib bormoqda, mahalliy ishbilarmonlar bu tendensiyaning GSP dasturi bilan davom etishidan umidvor.

Bishkekdagi OIMO Foods ekologik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bosh direktori Asil Kumenovning ishonishicha, Amerikaning GSP dasturi Qirgʻiziston ishbilarmonlari uchun yangi eksport istiqbollarini ochib beradi.

“Qoʻshma Shtatlar Qirgʻiziston kabi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun juda jozibali va istiqbolli bozor hisoblanadi”, dedi u. “U yerga kirish va mustahkam oʻringa ega boʻlish katta muvaffaqiyatdir.”

Ayrim ishlab chiqaruvchilar AQSHga Qirgʻiziston asali va quritilgan meva eksport qilish tajribasiga ega, dedi u.

Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasiga qadar Qirgʻiziston hukumati oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun asosiy isteʼmol mahsulotlari eksportini cheklashidan avval, qirgʻiz guruchi Nyu-Yorkdagi maxsus doʻkonlarga juda talabgir edi, dedi u.

“GSP – juda yaxshi imkoniyat”, dedi Kumenov. “Umid qilamanki, hukumatimiz yangi yetkazib berish zanjirlarini yaratishga koʻmaklashib, qirgʻizistonlik tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlaydi.”

OIMO Foods AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) benefitsiari hisoblanadi.

2017-yilda kompaniya USAIDning moliyaviy koʻmagida Oʻsh viloyatida tayyor qadoqda yongʻoq va quritilgan mevalarni qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani ishga tushirgan.

Savdo va safar cheklovlarining olib tashlanishi

GSP afzalliklaridan toʻliq foydalanish yangi bozorlar uchun yoʻl ochadi va Qirgʻizistonning tabiiy, ekologik toza, yuqori sifatli mahsulotlar eksportchisiga aylanishini taʼminlaydi.

Agar Qirgʻiziston oʻzining logistika muammolarini hal qila olsa, eksportchilarda Amerika bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlish imkoniyati yuzaga keladi, dedi u.

Amerikaning elektron savdo giganti Amazon ham yaqinda Markaziy Osiyolik ishlab chiqaruvchilarning bu bozorga kirishini yanada osonlashtirdi.

24-maydan Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlarini bevosita Amazon orqali sotish uchun roʻyxatdan oʻtish imkoniga ega boʻldilar.

Bu yil Amerika Qoʻshma Shtatlari Qirgʻizistonga oʻz bozorini ochish bilangina cheklanmadi.

Yanvar oyida AQSH prezidenti Jo Bayden “qirgʻizistonlik migrantlarning kirib kelishini toʻxtatgan” cheklovlarni bekor qiluvchi qarorga imzo chekdi.

Cheklovlar olib tashlanganini eʼlon qilar ekan, AQSHning Bishkekdagi elchixonasi soʻnggi 12 oy ichida “Qirgʻiziston hukumati tomonidan amalga oshirilgan xavfsizlik bilan bogʻliq muhim oʻzgarishlarni olqishlagan”.

“Qirgʻizistonning yangi elektron pasportlari va huquq-tartibot idoralarining yaqin hamkorligi Qirgʻiziston respublikasi va butun dunyoda barchamizning xavfsizligimizni yanada yaxshilaydi”, deb bayonot bergan elchixona.

May oyidan Qirgʻiziston fuqarolariga biometrik identifikatsiya chiplarini oʻz ichiga olgan yangi pasportlar berila boshlangan.

Bishkek, oʻz navbatida, Qirgʻiziston-AQSH munosabatlari rivojiga nisbatan nekbinlik izhor qilgan.

“Qirgʻiziston tomoni iqtisodiyot, sarmoyalar, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, hayotning barcha jabhalariga eng yangi texnologiyalarni joriy etishdan manfaatdor”, deyiladi Qirgʻiziston TIVning yanvar oyida eʼlon qilingan bayonotda.

C5+1 guruhi mamlakatlari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va AQSh delegatsiyalarining iyul oyi oʻrtalarida bir qator rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun Toshkentdagi xalqaro anjuman doirasida uchrashgani – oʻzaro munosabatlar yaxshilanganining yana bir belgisi boʻldi.

“Bizning goʻzal tabiatimiz, ximikatga toʻla Xitoy mahsulotlaridan farq qiluvchi sof va foydali oziq-ovqat mahsulotlarimiz, tabiiy sabzavot va mevalarimiz bor, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500