Karvonsaroy
Xavfsizlik

AQSH va Markaziy Osiyo mintaqaviy taraqqiyot va Afgʻonistonda tinchlikka erishish masalasida hamkorlik qiladi

Kanat Altinbayev

“C5+1” guruhi davlatlari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va AQSH xalqaro anjuman davomida turli sohalarda hamkorlikni kuchaytirish hamda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadiga sodiq ekanliklarini bildirdilar. 15-16-iyul kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi. [Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi]

“C5+1” guruhi davlatlari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va AQSH xalqaro anjuman davomida turli sohalarda hamkorlikni kuchaytirish hamda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadiga sodiq ekanliklarini bildirdilar. 15-16-iyul kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi. [Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi]

OLMAOTA – Qoʻshma Shtatlar Markaziy Osiyoda taraqqiyot va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator investitsiya loyihalarida ishtirok etmoqda.

“C5+1” guruhi davlatlari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va AQSH delegatsiyalari 15-16-iyul kunlari Toshkentda oʻtgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdid va imkoniyatlar” xalqaro anjumani doirasida uchrashdilar.

“C5+1” mamlakatlari rasmiylari mintaqaning tranzit, savdo va energetika markazi sifatidagi salohiyatidan maksimal darajada foydalanish rejalarini muhokama qilib, mintaqaviy hamkorlik va taraqqiyotning yangi istiqbollarini belgilab oldilar.

AQSHning Markaziy Osiyo va Afgʻoniston oldidagi majburiyatlari

31-avgustga qadar Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini olib chiqishni rejalagan AQSH uchrashuv yakunidagi qoʻshma bayonot orqali Markaziy Osiyo va Afgʻoniston oldidagi majburiyatlarini aniq bayon qildi.

Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani 16-iyul kuni Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdid va imkoniyatlar” xalqaro anjumanida nutq soʻzlamoqda. [President.uz]

Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani 16-iyul kuni Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdid va imkoniyatlar” xalqaro anjumanida nutq soʻzlamoqda. [President.uz]

“C5+1 mamlakatlari savdo, transport va energetika aloqalari orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash uchun mintaqaviy diplomatik platformamiz orqali hamjihatlikni kuchaytirish va yangi imkoniyatlar izlash tarafdori ekanliklarini tasdiqlaydilar”, deyiladi bayonotda.

“C5+1 oʻzaro bogʻliqlikning kuchayishi Markaziy Osiyoda farovonlik va xavfsizlikni taʼminlashdek umumiy maqsadga erishishga koʻmaklashishini tan oladi.”

“C5+1” mamlakatlari infratuzilmani modernizatsiya qilish va Markaziy Osiyo orqali yuk tashish salohiyatini oshirish, shuningdek kompaniyalar oʻrtasidagi transchegaraviy aloqalarni kuchaytirishga yordam beradigan bir qator investitsiya loyihalarini ishga tushirishga kelishib oldilar.

Ular, shuningdek, energetika va atrof-muhit muammolarini hal qilishga, jumladan energetika sohasi samaradorligini oshirishga, qayta tiklanadigan energiya manbalarini kengaytirish va samarali joriy qilishga vaʼda berdilar.

Shuningdek, iqlim oʻzgarishi, havoning ifloslanishi va suv resurslari tanqisligiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik, shuningdek inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish va qonun ustuvorligini mustahkamlash boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirish – boshqa maqsadlar qatorida tilga olindi.

Eng uzun band “C5+1”ning Afgʻonistonda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash majburiyatiga taalluqlidir.

“C5+1 Afgʻonistondagi tinchlik jarayoni uchun qulay boʻlgan barqaror va farovon sharoitlar yaratishga intiladi.”

Unda bir nechta muhim jihatlar oʻz tasdigʻini topdi, jumladan: “siyosiy tartibga solishga oid mustaqil muzokaralarni tezlatish, adolatli va mustahkam tinchlikka erishishning yagona yoʻli sifatida muzokaralar vositasida siyosiy tartibga solish orqali barcha afgʻonistonliklarning asosiy huquqlarini hurmat qiluvchi inklyuziv siyosiy tizimga erishish, Afgʻonistonda zoʻrlik bilan yangi hokimiyat oʻrnatilishini qoʻllab-quvvatlamaslik, S5+1 aʼzolari yoki boshqa mamlakatlarga tahdid yoki hujum qilish uchun terrorchi va uchinchi taraf kuchlarining Afgʻoniston hududidan foydalanishiga hech qachon yoʻl qoʻyilmasligi.”

Markaziy Osiyo salohiyati

AQSH hukumatining mintaqani rivojlantirishga oid tashabbusidan birlamchi va asosiy manfaatdorlar orasida Qozogʻiston ham bor.

Yanvar oyida Qozogʻiston va Qoʻshma Shtatlar qiymati 1 milliard dollargacha boʻlgan qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzoladilar.

Amerika Qoʻshma Shtatlari butun Markaziy Osiyo mintaqasi oʻz suvereniteti va kuchli geosiyosiy pozitsiyasiga ega boʻlishini istaydi, degan edi AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining oʻsha paytdagi bosh direktori Adam Boler yanvar oyida Qozogʻistonning Vlast.kz nashriga.

Ayni paytda Qoʻshma Shtatlar Qozogʻiston energetikasining yetakchi investori boʻlib, yangi investitsiyalar qayta tiklanadigan energiya, qishloq xoʻjaligi va turizmga yoʻnaltiriladi, dedi u.

Bular Qozogʻiston hukumati rivojlanishiga ustuvor ahamiyat qaratadigan strategik sohalardir.

Masalan, 26-may kuni energetika sohasiga bagʻishlangan hukumat majlisida prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev 2030-yil uchun umumiy energiya ishlab chiqarishdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining maqsadli ulushini avvalgi 10% lik koʻrsatkichdan 15% ga koʻtargan.

Qoʻshma Shtatlar, shuningdek, kichik biznes egalariga, xususan ayollarga moliyaviy koʻmak beradi, dedi Boler.

“Vazifamiz – Markaziy Osiyoda investitsiya faoliyatini jadallashtirish”, dedi u. “Oʻylaymanki, biz mintaqaga qiziqish kuchayayotganini koʻramiz.”

Xitoyning qarz sirtmogʻi

AQSH hukumatining Markaziy Osiyodagi harakatlari Xitoyning “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi loyihalaridan keskin farq qiladi.

Tajriba shuni koʻrsatadiki, Xitoyning katta yoʻllarni qurish kabi infratuzilma loyihalari Markaziy Osiyo iqtisodiyotlariga xizmat qilishdan koʻra, koʻproq Pekin manfaatlarini koʻzlaydi.

Xitoy, ayniqsa oʻzining energetika ehtiyojlarini qondirish, xalqaro bozorlarni zabt etish va oʻz mahsulotlarini uzoq masofadagi davlatlarga yetkazish boʻyicha quruqlik boʻylab qulay eksport yoʻllari tizimini yaratishga intilmoqda, deydi tahlilchilar.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun juda qimmat bu loyihalar qarz qopqoniga aylanib, strategik konlarning qoʻldan chiqarilishiga sabab boʻlmoqda.

Misol uchun, 2018-yil bahor oylarida, “Dushanbe-2” elektrostansiyasining modernizatsiyasi boʻyicha 330 million dollarlik qarzni toʻlash uchun Tojikiston Soʻgʻd viloyatidagi Yuqori Qumarg oltin konini 50 tonna oltin zaxirasi bilan Xitoyga topshirgan edi.

Endi Qirgʻiziston davlat aktivlarini topshirish xavfi oldida turibdi.

Pekin COVID-19 pandemiyasining falokatli iqtisodiy taʼsirini inobatga olmay, Bishkekning Xitoy oldidagi qarzlari shartlarini yengillashtirish, eng kamida muddatni uzaytirish talablarini rad etgan.

Qariyb bir yil davomida bu iltimoslarni eʼtiborsiz qoldirib kelgan Pekin nihoyat noyabr oyida 2020-yil uchun toʻlovni kelasi toʻrt yilga boʻlib berishga rozi boʻldi, ammo bu “imtiyoz” evaziga qarzga yana 2 foizlik ustama qoʻshdi.

Qirgʻizistonning 5 milliard AQSH dollariga teng tashqi qarzining 40 foizidan ortigʻi Xitoyga tegishli.

Xitoy odatda “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi loyihalarini moliyalashtirish shartlari va oluvchi tarafga nisbatan talablarni yashiradi, deydi Sharq-Gʻarb xalqaro geosiyosiy prognozlar markazi vakili va mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha Nur-sultonlik mutaxassis Arman Temirjan.

“Qarzni toʻlash vaqti kelganida bu kelishuvlarning jiddiy xavfi oydinlashadi”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500