DUSHANBE – Shu haftada AQSHning yuqori lavozimli muzokarachisi Tojikistonga tashrif buyurar ekan, Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini mintaqaviy qoʻllab-quvvatlash masalasi muzokaralar kun tartibidan oʻrin olgan.
Afgʻonistondagi yarashtiruv jarayoni boʻyicha maxsus vakil Zalmay Xalilzod dushanba-chorshanba (3-5-may) kunlari turli masalalar yuzasidan muzokara oʻtkazish uchun AQSH delegatsiyasi bilan Dushanbega keldi.
Xalilzod Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (MXDQ) raisi Saymumin Yatimov va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi.
Xalilzod Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlagani uchun Tojikiston rasmiylariga minnatdorchilik bildirgan.
“Biz tinchlik jarayoni uchun diplomatik dastagimizni davom ettirib, mintaqa va xalqaro maydondagi barcha manfaatdor tomonlarni siyosiy muzokaralar hamda doimiy va keng qamrovli sulhga erishish uchun afgʻonlarga yordam berishda davom etishga chaqiramiz”, dedi Xalilzod.
Afgʻonistonda tinchlikka erishish unga qoʻshni mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtiradi, dedi Xalilzod. Uning taʼkidlashicha, “Afgʻonistonda mustahkam tinchlik oʻrnatilishi Markaziy Osiyoda iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashadi, chunki savdo va iqtisodiy integratsiya imkoniyatlari kengayadi. Qoʻshma Shtatlar Afgʻoniston va Tojikistonga bu natijaga erishish uchun xavfsizlik va taraqqiyot sohasida muhim koʻmak berib kelmoqda. Bizning maqsadimiz bir.”
Afgʻoniston uchun mintaqaviy koʻmak tasdiqlandi
Shuningdek, seshanba kuni AQSH Davlat departamenti 23-aprel kuni “C5+1” vazirlari ishtirokidagi onlayn majlis sarhisobi aks etgan bayonotni eʼlon qilgan.
“C5+1 – bu umumiy muammolarni muhokama qilish va ular ustida ishlash uchun Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSHni birlashtiruvchi platformadir”, deyiladi AQSH Davlat departamenti bayonotida.
23-aprel kungi onlayn majlisda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va Markaziy Osiyoning besh mamlakati tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi. Ular turli mintaqaviy masalalarni muhokama qildilar va Afgʻonistonga asosiy eʼtiborni qaratdilar.
Olti diplomat “Afgʻonistondagi vaziyatni hamda mintaqadagi barcha davlatlar va keng xalqaro hamjamiyatning Afgʻoniston boshchiligidagi va afgʻonistonistonliklarga oid boʻlgan, terrorizmdan xoli va oʻzi va qoʻshnilari bilan tinch-totuvlikda yashovchi Afgʻonistonni barpo qilish yoʻlidagi tinchlik muzokaralarini qoʻllab-quvvatlashi zarurligini taʼkidladilar”, deyiladi bayonotda.
Ular “toliblarni yanada koʻproq qurbonlarga yoʻl qoʻymaslik uchun bahorgi hujumlarni davom ettirmaslikka va muzokaralar yoʻli bilan siyosiy kelishuvga erishish uchun qulay muhit yaratishga” chaqirdilar, “Markaziy Osiyo davlatlarining Afgʻoniston va mintaqaviy barqarorlikka qoʻshgan muhim hissalarini olqishladilar”.
Bundan tashqari, ular “inson huquqlari, ayniqsa ayollar huquqlarini himoya qilish” hamda “Afgʻonistondan kelib chiquvchi transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurash vositasi sifatida AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni davom ettirishga” chaqirdilar.
Tomonlar, shuningdek, “Markaziy Osiyoni Afgʻoniston orqali Janubiy Osiyo bilan bogʻlaydigan transport tarmoqlarini kengaytirishni” qoʻllab-quvvatladilar.