TOSHKENT – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yaqinda Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuvi kun tartibidan mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va savdo-sotiq masalalari oʻrin oldi.
29-noyabr kuni boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov va Qozogʻistonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.
Afgʻonistonni mintaqaviy savdo bitimlariga jalb etish, tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash uchun iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalar qatoridan oʻrin olgan.
Rasmiy Toshkent, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha qoʻshma siyosatni mustahkamlashga chaqirgan.
“Shiddat bilan oʻzgaruvchan global vaziyatning hozirgi sharoitlari, xavfsizlikka tahdidlarning avj olishi va barqaror rivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarning kuchayishi oʻzaro ishonch va saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga asoslangan sheriklik aloqalarini kuchaytirishni taqozo etmoqda”, deyiladi Oʻzbekiston TIVning 29-noyabr kungi bayonotida.
“Yaratganga shukrki, biz qoʻshnilarmiz”, dedi Mirziyoyev. “Tariximiz va taqdirimiz, xalqlarimizning kelajagi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Bu butun mintaqani birlashtiruvchi buyuk kuchdir.”
Afgʻoniston bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish
Maslahatlashuv uchrashuvining formati qanday qarorlar qabul qilish yoki bitimlar tuzishni koʻzda tutmagan. Shunday boʻlsa-da, ishtirokchi davlatlarning qoʻshma bayonotidan mintaqadagi ichidagi oʻzaro hamjihatlikning ustuvorliklari va istiqbollari haqida aniq tasavvur paydo boʻlgan.
Hujjatda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari “xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, noqonuniy migratsiya, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik va kibertahdidlarga qarshi kurashga alohida ahamiyat berilishini” taʼkidlaganlar.
Markaziy Osiyo davlatlari “Afgʻonistonni tinchlik jarayonining rivojlanishiga yordam beradigan mintaqaviy savdo-iqtisodiy va infratuzilma loyihalariga jalb qilish boʻyicha koʻp tomonlama saʼy-harakatlarni davom ettirish” niyatini bildirdilar.
Xususan, Mirziyoyev mintaqada tinchlik oʻrnatilishida Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Markaziy Osiyo yetakchilari, shuningdek, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish Shartnomasi doirasidagi ishlar faollashtirilganini, mamlakatlar 2006-yildan yadroviy qurol ishlab chiqarmaslik, sotib olmaslik, sinovdan oʻtkazmaslik yoki egalik qilmaslik majburiyatini olganini taʼkidladilar.
Shu bilan birga, mamlakatlar xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan hamkorlik qilish va oʻz siyosatlarini global ustuvorliklar bilan uygʻunlashtirishni rejalashtirmoqdalar.
“Biz BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti) va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni jadallashtirish, tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbus va loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish hamda Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash niyatidamiz”, deyiladi qoʻshma bayonotda.
Tinchlik va xavfsizlik omillari
Xavfsizlik sohasida oʻzaro hamkorlik allaqachon yoʻlga qoʻyilgan.
Aprel oyida Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevning Toshkentga tashrifi chogʻida Qozogʻiston va Oʻzbekiston harbiy sohaga oid bir qator bitimlarni imzoladilar.
Tomonlar havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi, harbiy aerodromlardagi havo kemalarini qoʻriqlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirganlar. 2018-yil iyul oyida Qozogʻistonning Jambil viloyatidagi harbiy poligonda ilk marta ikki mamlakat harbiylari ishtirokida qoʻshma mashqlar oʻtkazildi.
Mashqlar davomida Qozogʻiston va Oʻzbekiston maxsus boʻlinmalari dronlar, aviatsiya va yer usti transport vositalaridan foydalangan holda tungi jangovar harakatlarga oid vazifalarni bajardi.
Mintaqada eng koʻp aholiga ega Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi, deydi Toshkentdagi “Bilimlar karvoni” tadqiqot markazi direktori Farhod Tolipov.
“Hozirda Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy birdamligini kuchaytirish, barcha sohalarda, jumladan mintaqaviy xavfsizlikka oid siyosatlarni uygʻunlashtirish maqsadida bunday mintaqaviy uchrashuvlarni yangi bosqichga olib chiqish muhim ahamiyatga ega”, dedi u.
“Besh davlatni oʻz ichiga olgan muzokaralar orqali Markaziy Osiyoda kollektiv xavfsizlikning mintaqaviy tizimini barpo etish boʻyicha tashabbuslarni ishlab chiqishda xamkorlik qilish zarur”, dedi u.
“Katta akasiz”
Mintaqa davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik 2016-yil sentabr oyida oʻtmishdoshi Islom Karimovning oʻlimidan keyin davlat boshqaruviga Mirziyoyevning kelishi bilan samarali boshlandi.
Mirziyoyev, jumladan, xavfsizlik masalasida davlat tashqi siyosati yoʻnalishini izolyatsiyadan integratsiyaga oʻzgartirgan.
2017-yilda BMT bosh assambleyasining 72 sessiyasida chiqish qilgan Mirziyoyev Oʻzbekiston “mintaqa barqarorligi, barqaror rivojlanish va yaxshi qoʻshnichilikdan” manfaatdor ekani hamda muloqotga va konstruktiv hamkorlikka tayyorligini bildirgan edi.
Bishkeklik siyosiy tahlilchi Mars Sariyev Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida qudratli davlatlarning taʼsirisiz yaqin ichki hamkorlik paydo boʻlishiga ishonadi.
Markaziy Osiyo davlatlari “oʻz mintaqaviy muammolarini juda yaxshi anglashadi va muhokama orqali ularni samarali hal qilishga qodir”, dedi u.
Koʻp yillardan beri Rossiya turli ittifoqlar, jumladan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti orqali Markaziy Osiyo davlatlari ustidan oʻz taʼsirini kuchaytirishga harakat qilib kelgan.
KXSHT doirasida Moskva ishtirokchi davlatlarda harbiy bazalar ochadi va mezbon davlatlarni himoya qilish oʻrniga ularga xavf tugʻdiradi, deydi mahalliy tahlilchilar.
Markaziy Osiyo rahbarlarining keyingi maslahat uchrashuvi 2020-yil Qirgʻizistonda boʻlib oʻtadi.
Mintaqa yetakchilarining bu kabi ilk uchrashuvi 2018-yil 15-mart kuni Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan edi.
Tomonlar mintaqa davlatlari oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish, terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar va qurol-yarogʻ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar.