Karvonsaroy
Iqtisodiyot

“С5+1” ishtirokchi davlatlarga iqtisodiy inqirozdan chiqishga koʻmaklashadi

Aydar Ashimov

Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin (oʻngda) va AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining bosh direktori Adam Boler 7-yanvar kuni Nur-Sultonda Markaziy Osiyoda investitsiyaviy hamkorlikka oid bitimni imzoladilar. [Qozogʻiston bosh vazirining matbuot xizmati]

Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin (oʻngda) va AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining bosh direktori Adam Boler 7-yanvar kuni Nur-Sultonda Markaziy Osiyoda investitsiyaviy hamkorlikka oid bitimni imzoladilar. [Qozogʻiston bosh vazirining matbuot xizmati]

NUR-SULTON – Tahlilchilarga koʻra, yirik hajmdagi investitsiyalar Markaziy Osiyo davlatlariga COVID-19 pandemiyasidan oʻnglanishga yordam beradi va “C5+1”ni yanada mustahkamlaydi.

“C5+1” Markaziy Osiyoning besh davlati – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston bilan birga AQSHni oʻz ichiga oladi hamda bu mamlakatlarning umumiy muammolarini hal qilishda birgalikdagi choralar va muloqot platformasi hisoblanadi.

7-yanvar kuni Qozogʻiston, Oʻzbekiston va AQSH hukumatlari Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi tashkil etilgani toʻgʻrisida qoʻshma bayonot berdilar. Bu tashabbus “C5+1” platformasi orqali amalga oshiriladi.

“Mazkur tashabbus doirasida AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC), Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Qozogʻistonning “Astana” Xalqaro moliya markazi tomonidan Markaziy Osiyo va mintaqadagi xususiy sektor oʻsishiga hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun besh yil ichida kamida 1 mlrd dollar mablagʻ jalb etilishi kutilmoqda”, deyiladi qoʻshma bayonot matnida.

Suratda: Olmaotadagi COVID-19 test markazi, oʻtgan yilning 1-iyuni. Yirik hajmdagi investitsiyalar Markaziy Osiyo davlatlariga COVID-19 pandemiyasidan oʻnglanishga yordam beradi va “C5+1”ni mustahkamlaydi, deydi tahlilchilar. [Kanat Altinbayev / Karvonsaroy]

Suratda: Olmaotadagi COVID-19 test markazi, oʻtgan yilning 1-iyuni. Yirik hajmdagi investitsiyalar Markaziy Osiyo davlatlariga COVID-19 pandemiyasidan oʻnglanishga yordam beradi va “C5+1”ni mustahkamlaydi, deydi tahlilchilar. [Kanat Altinbayev / Karvonsaroy]

Bu sheriklik mintaqaga investitsiyalar jalb qilish va Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatlari yoʻlida savdo-sotiq, taraqqiyot va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Mintaqa COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashayotgan bir paytda bunday missiyaning ahamiyati beqiyos. U AQSHning Markaziy Osiyoda iqtisodiy oʻsish va farovonlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlarini hayotga tatbiq etishdagi muhim qadamdir, deyiladi bayonotda.

Ishtirokchilar ushbu tashabbusga boshqa mamlakatlarning qoʻshilishini olqishlaydilar.

Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin DFC bosh direktori Adam Boler bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda bosh vazirning matbuot xizmati 8-yanvar kuni xabar berdi.

“Tomonlar qishloq xoʻjaligi, turizm, logistika, infratuzilmalar, shuningdek moliya va texnologiyalar sohalarida investitsiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar”, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda Qozogʻiston xususiy sektorini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tashabbuslarni ustuvorlik bilan amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha Ostona xalqaro moliya markazi va DFC rasmiylari qiymati 1 milliard dollargacha boʻlgan qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni koʻzda tutuvchi bitimni imzoladilar.

“S5+1” afzalliklari

“C5+1” platformasi 2015-yildagi ilk uchrashuvidan beri barcha ishtirokchilarga chinakam foyda keltiradigan samarali mexanizm ekanligini isbotladi.

Oʻtgan yilning 3-fevral kuni Toshkentda Markaziy Osiyo va AQSH tashqi ishlar vazirlari yigʻilishida soʻzlagan AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo Markaziy Osiyo bilan yaqin aloqalar muhimligini taʼkidlar ekan, mintaqada Rossiya va Xitoyning iqtisodiy va harbiy ustunligining tahdidi xususida fikr bildirdi .

30-iyun kuni Pompeo va Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari “Markaziy Osiyo va mintaqada iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash hamda xavfsizlik va barqarorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha hamkorlikdagi choralarni” muhokama qildilar, deyiladi uchrashuv ishtirokchilarining qoʻshma bayonotida.

“Qozogʻiston avval boʻlgani kabi koʻp qirrali sheriklikka intilmoqda, ammo hozirda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, mintaqadagi xavfsizlikni kuchaytirish, shuningdek, AQSH investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilish kabi sohalarda “C5+1”ga katta umid bogʻlanmoqda”, deydi Nur-Sultonlik siyosiy tahlilchi Bolatbek Isayev.

“Biz hozirda “C5+1” afzalliklariga yana bir bor guvoh boʻlyapmiz”, deb taʼkidladi u.

“Iqtisodiyotga kiritilajak yirik investitsiyalar – bu yangi korxonalar, yangi ish oʻrinlari va aholi farovonligining yaxshilanishi demakdir”, dedi Isayev. “Oxir-oqibat, bundan har bir qozogʻistonlik u yoki bu darajada foyda koʻradi.”

YOII umidlarni oqlamadi

Ekspertlarning fikricha, “S5+1”ga ayniqsa Qozogʻiston koʻproq qiziqish bildirmoqda, sababi Rossiya va boshqa toʻrt postsovet davlatni oʻz ichiga olgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidan (YOII) koʻpchilik Markaziy Osiyoliklarning hafsalasi pir boʻlgan.

Qozogʻiston va Qirgʻiziston YOIIning Markaziy Osiyolik aʼzolari hisoblanadi.

Markaziy Osiyolik mansabdorlar va tadbirkorlar Kremlning YOII orqali yuritayotgan noxolis iqtisodiy siyosatidan norozi.

Oʻtgan yilning 19-may kuni Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashi (YOIK) yigʻilishida Qozogʻiston Moskvaning iqtisodiy blokdan tashqarida hamkorlikni kengaytirish taklifini rad etdi . YOIK – bu YOIIning eng yuqori darajali organidir.

Yaqinda rossiyalik siyosat arboblarining Qozogʻiston hududlariga oid bayonotlari ortidan koʻplab qozogʻistonliklar YOIIga ochiqchasiga qarshi boʻlib qolishgan .

Olmaotalik siyosiy tahlilchi Dosim Satpayev dekabr oyida Facebook ijtimoiy tarmogʻida javob choralari, jumladan Qozogʻistonning YOIIdan chiqib ketishi kerakligi haqida yozgan.

“Endi Qozogʻiston YOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) tarkibidan chiqishi, soʻngra Oʻzbekiston kabi KXSHTga (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) aʼzolikdan voz kechishi kerak”, deb yozgan Satpayev Kreml boshchiligidagi iqtisodiy va harbiy bloklarni nazarda tutib.

Oʻzbekiston 2012-yilda KXSHTni tark etgan.

Satpayevning posti ortidan bu fikrni maʼqullovchi qator izohlar qoldirilgan.

“Biz [YOIIdagi] raisligimizdan foydalanib, YOIIni tark etishimiz kerak”, deb javob yozgan Facebook foydalanuvchilaridan biri Ruslan Aytqul.

YOII aʼzolari ittifoqqa navbatma-navbat raislik qiladi.

YOIIning Moskvaga qaramligi Qozogʻiston iqtisodiyotiga xalaqit bermoqda, deb yozadi Keldibek Zaxay.

“Tayga ittifoqini (Yevroosiyo Bojxona ittifoqining haqoratomuz nomi) uzil-kesil va butunlay tark eting”, deb maslahat bergan Facebook foydalanuvchisi Ermek Dusembekov.

“Moskva YOII faoliyatini bizning manfaatlarimizga mos kelmaydigan siyosiy maqsadlariga yoʻnaltirishga qayta-qayta urinmoqda”, dedi Nur-Sultonlik siyosiy tahlilchi Yernar Beysaliyev Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Bu yil YOIIga Qozogʻiston raislik qilmoqda, ammo shubha yoʻqki, Rossiya oʻz kun tartibini ilgari surishda davom etadi”.

Kreml muntazam ravishda Qozogʻistonga foyda keltirmaydigan tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Biz esa “mudhish COVID-19 pandemiyasi vaqtida ham YOIIdan hech qanday yordam olmadik”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bizga YOII kerak emas. U faqat Rossiyaga manfaat keltiradi.

Javob berish