Karvonsaroy
Biznes

USAID tojikistonlik agro ishlab chiqaruvchilarga yangi bozorlarga chiqish va hamkorlar topishga koʻmaklashmoqda

Neʼmatullo Mirsaidov

Tojikiston bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Davlatali Said va Xatlon viloyati hokimi Qurbon Hakimzoda 25-may kuni Boxtar shahrida oʻtgan “Baqtriya Fud-2021” savdo forumida murabbo, qiyom, asal va mevali pyurelar koʻrgazmasini koʻzdan kechirmoqdalar. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Tojikiston bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Davlatali Said va Xatlon viloyati hokimi Qurbon Hakimzoda 25-may kuni Boxtar shahrida oʻtgan “Baqtriya Fud-2021” savdo forumida murabbo, qiyom, asal va mevali pyurelar koʻrgazmasini koʻzdan kechirmoqdalar. [Neʼmatullo Mirsaidov]

BOXTAR – Qozogʻiston, Gruziya, Litva, Serbiya, Pokiston va afgʻonistonlik xaridorlar Tojikistonning Xatlon viloyati fermerlari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olishga qiziqish bildirmoqdalar.

Savdo va eksportni kengaytirish maqsadida 25-may kuni USAID agentligi Eksportni rivojlantirish agentligi va Xatlon viloyat hokimiyati bilan hamkorlikda Xatlon viloyatining maʼmuriy markazi Boxtar shahrida “Baqtriya Fud-2021” savdo forumini oʻtkazdi.

Forumda taʼkidlanishicha, Tojikistonning turli mintaqalaridan 200 ga yaqin ishlab chiqaruvchi, qoʻshni davlatlardan va bir qator Yevropa mamlakatlaridan kelgan 15 nafar tadbirkor oʻzaro hamkorlik aloqalari oʻrnatish imkoniga ega boʻldilar.

Qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari hamda oziq-ovqat sanoatiga doir koʻrgazma-yarmarkalar ishtirokchilarga Xatlon viloyatining agro ishlab chiqarish va mahsulot eksporti salohiyati toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

“Baqtriya Fud-2021” savdo forumi ishtirokchilari, 25-may. Forumda qatnashish uchun Boxtarga 200 dan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va xaridorlar tashrif buyurgan. [Neʼmatullo Mirsaidov]

“Baqtriya Fud-2021” savdo forumi ishtirokchilari, 25-may. Forumda qatnashish uchun Boxtarga 200 dan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va xaridorlar tashrif buyurgan. [Neʼmatullo Mirsaidov]

25-may kuni Boxtar shahrida oʻtgan “Baqtria Fud-2021” savdo forumida “Avvalin” (Tojikiston) va “Jota Griz” (Litva) kompaniyalari Tojikiston tarvuzlarini eksport qilish toʻgʻrisida kelishuv imzoladilar. [Neʼmatullo Mirsaidov]

25-may kuni Boxtar shahrida oʻtgan “Baqtria Fud-2021” savdo forumida “Avvalin” (Tojikiston) va “Jota Griz” (Litva) kompaniyalari Tojikiston tarvuzlarini eksport qilish toʻgʻrisida kelishuv imzoladilar. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Forum davomida bir qator eksport shartnomalari imzolanib, xalqaro hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Davlatali Said va Xatlon viloyati hokimi Qurbon Hakimzoda forum ishtirokchilarini qutlar ekan, viloyatning agrosanoat sektori salohiyati va ishlab chiqarish hajmini kengaytirish istiqbollari haqida soʻzladilar.

Hukumat “meva-sabzavot, goʻsht va sutni qayta ishlash boʻyicha kichik, ammo koʻp qirrali ishlab chiqarish korxonalarining keng tarmogʻini yaratishga” intilmoqda, dedi u.

Bu choralar mamlakatning importga qaramligini kamaytirish va eksport salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan, deb qoʻshimcha qildi u.

Said Oʻzbekiston va Afgʻoniston bilan chegarada Xatlonning eksport salohiyatini sezilarli darajada yaxshilashi kutilayotgan toʻrtta logistika markazini yaratish loyihasi amalga oshirilayotganini aytdi.

Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish

Tojikistonning eng yirik viloyati – Xatlonning katta qismi qishloq xoʻjaligi uchun qulay tekisliklardan iborat boʻlib, hududdan sersuv Vaxsh daryosi oqib oʻtadi.

Sovet davrida Xatlondagi sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlarining 80 foizdan ortigʻi paxta uchun ajratilgan edi. Soʻnggi yigirma yil ichida xatlonlik dehqonlar meva-sabzavot yetishtira boshlaganlar.

Xatlon hokimligi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda viloyatda 277 ming tonna paxta, 986 ming tonna sabzavot, 520 ming tonna poliz ekinlari, 220 ming tonna meva, 19 ming tonna uzum va 6 ming tonna limon ishlab chiqarildi.

2020-yilda Xatlon viloyatining Tojikiston agrar sektoridagi ulushi 51 foizini tashkil etgan.

Xatlonning qishloq xoʻjaligi salohiyati yuqori boʻlgani bilan, viloyat oʻz mahsulotini eksport qilishga jiddiy harakat qilmagani uchun mahalliy xoʻjaliklar mahsulotining sezilarli qismi nest-nobud boʻlar edi.

“Xususiy sektor va biznesning yetarli darajada rivojlanmagani sabab, avvallari viloyatda ishlab chiqarilgan meva-sabzavotlarning uchdan biri chiqitga aylanar edi”, deydi USAIDning Tojikistonda agrobiznes raqobatbardoshligi masalalari boʻyicha Xatlondagi idorasi rahbari Sabohatullo Muzaffarov.

Eksport maʼlumotlari va xorijdagi ishbilarmon doiralar vakillari bilan aloqalarning cheklangani, shuningdek, logistika sohasidagi muammolar sabab “bozor ortiqcha mahsulotni oʻzlashtira olmas edi”, dedi Muzaffarov.

“Maqsadimiz – jamiyatni harakatga undash, agrar sohada ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga koʻmaklashish va dehqonlarni raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishga oʻrgatish”, dedi u.

Saidning aytishicha, Xatlondan eksport qilinadigan qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarining atigi 17 foizi viloyatdagi bojxona nazorat punktlari orqali xorijga chiqariladi.

Xatlonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan Sugʻd viloyati orqali xorijga chiqariladi, Xatlon temir yoʻllarida amal qiladigan sezilarli chegirmalar eksportchilar eʼtiboridan chetda qoladi.

Saidning soʻzlariga koʻra, yuzaga kelgan vaziyat qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va xorijdagi isteʼmolchilar oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalari zaif ekanligidan dalolat beradi.

“Umid qilamizki, ushbu forum mintaqaning eksport imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish uchun agro ishlab chiqaruvchilarga xaridorlar bilan yaxshi aloqalar oʻrnatishda yordam beradi”, dedi Said.

Hakimzoda Xatlonning agrar va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini rivojlantirish uchun sarmoyalar jalb qilish, mamlakatni yil davomida yangi mahsulotlar bilan taʼminlash uchun omborlar va issiqxonalar qurish zarurligini taʼkidladi.

“Mintaqaning noyob iqlimi oʻziga xos taʼmga ega mevalar, sabzavotlar, qovun-tarvuz, limon va uzumlar yetishtirishimizga imkon beradi”, deydi u.

“Bugungi kunda xaridorlarning asosiy talabi boʻlgan organik oʻgʻitlardan foydalanamiz va ekologik toza mahsulotlar yetishtiramiz.”

“Biz bu ustunlikdan foydalanishimiz kerak. “Baqtriya Fud-2021” forumi har yilgi tadbirga aylanishiga umid qilamiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Korxonalarning mintaqaviy raqobatbardoshligini oshirishga hissa qoʻshar ekan, USAID xususiy sektorning xilma-xil va raqobatga chidamli boʻlishiga hamda eksport hajmini oshirishga koʻmaklashmoqda”, dedi Tojikistondagi USAID missiyasi direktor vazifasini bajaruvchi Kit Simmons forum ishtirokchilariga.

“Mintaqaviy savdoni yaxshilash iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiradi, transchegaraviy aloqalarni mustahkamlaydi va pirovardida mintaqada barqarorlikni taʼminlaydi”, deb aytgan Simmons USAID bayonotiga koʻra.

“Muhim” savdo kelishuvlari

Forum ishtirokchilari umumiy qiymati 3,9 million AQSH dollariga teng beshta savdo kelishuvi, jumladan quritilgan mevalar, piyoz, uzum, tarvuz, limon va boshqa bogʻdorchilik mahsulotlarini Litva, Gruziya, Rossiya, Turkiya va Pokistonga yetkazib berishga oid bitimlar imzoladi.

“Mintaqaviy standartlar boʻyicha bu summa uncha katta emas, ammo yangi aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun muhim ahamiyatga ega”, deydi mahalliy tahlilchi Rajabiy Mirzo.

Xatlon viloyati va Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyati rasmiylari hamkorlik boʻyicha memorandum imzoladilar.

Koronavirus pandemiyasi sabab savdoning toʻxtab qolganiga qaramay, oʻtgan yili USAID koʻmagida tojikistonlik eksportchilar 40 foizlik oʻsishga erishdilar, deb xabar beradi USAID.

USAID agetligidan koʻmak olganlardan biri Tojikistonning “Avvalin” kompaniyasidir.

Oʻtgan yili kompaniya Asht tumanidagi “Abrikos K” kompaniyasi va bir nechta mahalliy fermerlar bilan hamkorlikda Qubodiyon tumanidan Litva va Rossiyaga 80 tonna tarvuz eksport qilgan.

USAID Yevropa Ittifoqi standartlariga koʻra tarvuz yetishtirish boʻyicha mutaxassislar chaqirish sarf-xarajatlarini toʻlab, tashishga oid ehtimoliy xavflarning yarmini oʻz zimmasiga oldi.

Bu yil “Avvalin” kompaniyasi mahsulotni nafaqat mustaqil tarzda yetishtirish, balki oʻz kuchi bilan eksportga chiqarishga qaror qildi.

“Xatlon viloyatiga taklif qilingan oʻzbekistonlik mutaxassislar yordamida sugʻorilmaydigan yerlarda tarvuz yetishtirishga qaror qildik”, deydi “Avvalin” kompaniyasi rahbari oʻrinbosari Najib Hamroyev tajriba natijalari bilan oʻrtoqlashib.

“Mahalliy hokimiyat bunday yerlardan bir necha gektar ajratgan. Ekishga moʻljallanmagan togʻ yonbagʻirlariga tarvuz ekdik, tomchilatib sugʻorish texnologiyasidan foydalandik va yaxshi hosil oldik”, deydi u.

Boxtardagi forumda Litvaga tarvuz yetkazib berish boʻyicha Litvaning “Jota Gris” firmasi bilan 600 ming yevroga teng kelishuv tuzdik, deydi u.

“Biz tarvuzlarni Boltiqboʻyi davlatlariga eksport qilishni oshirish niyatidamiz”, dedi u. “Chunki hamkorimiz katta hajmdagi mahsulotlar yetkazib berilishini xohlayapti... USAID yordamida biz nafaqat yaxshi hamkor, balki katta istiqbolli bozor ham topdik.”

USAID Tojikistonda 1994-yildan beri faoliyat yuritib keladi. Agentlik qishloq xoʻjaligi va sanoatni rivojlantirish, ijtimoiy muammolarni hal qilish, jumladan ish oʻrinlari yaratish, dori-darmon va taʼlim sohalarni rivojlantirishga koʻmaklashadi.

Xatlon eksportini oshirish

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500