Karvonsaroy
Terrorizm

Oʻzbekiston hukumati xorijdagi diniy taʼlim ustidan nazoratni kuchaytirmoqda

Karvonsaroy

Oʻtgan yilning 28-avgust kuni juma namozini oʻqish uchun Qohiradagi Al-Azhar masjidi hovlisiga kelayotgan musulmonlar. [Muhammad ash-Shahed/AFP]

Oʻtgan yilning 28-avgust kuni juma namozini oʻqish uchun Qohiradagi Al-Azhar masjidi hovlisiga kelayotgan musulmonlar. [Muhammad ash-Shahed/AFP]

TOSHKENT – Oʻzbekiston “ekstremizmga qarshi kurash” choralari doirasida diniy taʼlim olish uchun xorijga chiqqan fuqarolarni vataniga qaytarib, chet el muassasalarida oʻqishga ruxsat berilgan shaxslar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda.

Hukumat xorijiy davlatlarda diniy taʼlim olayotgan talabalarini chaqirib olib, ilm oʻrganish maqsadida xorijga yoʻl olganlarni chegarada toʻxtatib qolgan.

Xabarlarga koʻra, ularning ayrimlari shubhali yoki ruxsati boʻlmagan muassasalarga yoʻl olgan, baʼzilar esa oʻqishga qabul qilingan muassasalarga darsga kelmagan.

Soʻnggi oylarda xorijiy mamlakatlardan qaytarilgan 1500 ga yaqin oʻzbekistonlik talabalarning aksariyati Fargʻonasi vodiysidan – Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlaridan boʻlishgan.

Ramazon hayiti vaqtida Misrdagi Al-Azhar masjidida namoz oʻqiyotgan oʻzbekistonlik musulmonlardan biri, 13-may. [Xolid Desuki/AFP]

Ramazon hayiti vaqtida Misrdagi Al-Azhar masjidida namoz oʻqiyotgan oʻzbekistonlik musulmonlardan biri, 13-may. [Xolid Desuki/AFP]

Ushbu viloyat Markaziy Osiyodagi eng konservativ joylardan biri hisoblanadi, deb aytgan yakshanba (20-iyun kuni) Ozod Yevropa/ Ozodlik radiosi bilan suhbatda Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmatiga aloqador manbalardan biri.

Manbaning aytishiga qaraganda, joriy yilning dastlabki besh oyida Oʻzbekiston hukumati xorijiy mamlakatlar diniy taʼlim muassasalarida oʻqish istagidagi 1800 ga yaqin voyaga yetmagan shaxslarni chegarada ushlab qolgan.

Bir nechta universitetlar rahbariyatlari oʻzbekistonlik yuzlab talabalarning darsda qatnashmagani va imtihon topshirmaganini aytgan, deb xabar berdi Ozodlikka Oʻzbekiston elchixonasi vakili.

Talabalarni himoyalash

Ekstremistik qarashlarning kuchayishi sharoitida hukumatlar “oʻz yoshlari va umuman aholini radikal gʻoyalar taʼsiridan himoya qilishi tabiiy”, deydi Toshkentdagi Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti oʻqituvchisi Ravshan Nazarov.

“Hukumatning bu choralari mutlaqo tabiiy va dunyodagi mavjud vaziyatga javob beradi”, dedi u Karvonsaroyga. “Bu harakatlar oʻzbekistonlik talabalarning radikal va ekstremistlar bilan istalmagan aloqalarining oldini olishga qaratilgan.”

Hukumat oʻzbeklarning “Al-Qoida”, Tolibon yoki Oʻzbekiston islom harakati (OʻIH) kabi ekstremistik tashkilotlar bilan bevosita aloqada boʻlishini istamasligi tabiiy, deb qoʻshimcha qildi u.

“Agar oʻzbekistonlik talabalar allaqachon qandaydir radikal va ekstremistik harakat yoki tashkilot bilan aloqada boʻlgan boʻlsa, huquq-tartibot idoralari bu talabalarning amaliy harakatlarini diqqat bilan kuzatib borishi kerak”, dedi u.

Chunki, bu holatda “talabalarning mafkuraviy yollanishi bilan bogʻliq holat yuz bergan boʻlishi mumkin.”

“Keyinchalik faol yashirin ekstremistlar bilan kurashgandan koʻra, istalmagan aloqalar paydo boʻlishining oldini olgan yaxshiroq”, deb qoʻshimcha qildi Nazarov.

Mahalliy taʼlim

Fransiyada yashovchi oʻzbekistonlik siyosiy tahlilchisi Kamoliddin Rabbimovning soʻzlariga koʻra, bu muammoga, jumladan Oʻzbekistondagi diniy taʼlimning qoniqarli emasligi ham sabab boʻlmoqda.

“Oʻzbekistonda diniy muassasalar qattiq nazorat ostida va juda kam”, dedi u Karvonsaroyga. “Shuning uchun oʻzbeklar diniy taʼlimni mamlakat tashqarisidan izlamoqda”.

Oʻzbek talabalarini mamlakat ichkarisida oʻqishga undash uchun “hukumat avvalo mamlakat ichida tegishli sharoitlar yaratib, islom dinini oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirishi kerak” dedi Rabbimov.

Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, ishsizlik va diniy bilimlarning yetishmasligi radikallashuvga zamin yaratadi, dedi u.

“Bunday sharoitda, muxolif kayfiyatdagi yoshlar (yollovchilar tomonidan) oson boshqariladigan massaga aylanadi”, deb ogohlantirdi u 35 mln fuqaroga faqat ikki yoki uchta diniy muassasa xizmat qilayotganini taʼkidlab.

Sifatli diniy taʼlim olishning cheklangani oʻzbekistonlik yoshlarni “hatto noqonuniy boʻlsa ham xorijda taʼlim olishga” undamoqda, deydi toshkentlik mustaqil tahlilchi Fozil Mashrab.

“Ular baʼzan ekstremistik kuchlar taʼsiriga tushib qolishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi u.

Oʻzbekiston rasmiylari “yana kasallikning kelib chiqish sabablari bilan emas, alomatlari bilan kurashmoqda”, dedi Mashrab.

[Maqolani tayyorlashga Toshkentdan Rustam Temirov koʻmaklashgan]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500