Karvonsaroy
Terrorizm

Rossiyada taʼlim olayotgan turkmanlar orasida radikallashuv kuchaymoqda

Jumaguli Annayev

Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN) talabalari maʼruza tinglamoqdalar, Moskva, 2019 yil, 8-oktabr. Ashxobod rasmiylari Rossiya universitetlarida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar orasida radikallashuv kuchayib borayotgani haqida ogohlantirmoqda. (Dimitar Dilkoff/AFP)

Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN) talabalari maʼruza tinglamoqdalar, Moskva, 2019 yil, 8-oktabr. Ashxobod rasmiylari Rossiya universitetlarida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar orasida radikallashuv kuchayib borayotgani haqida ogohlantirmoqda. (Dimitar Dilkoff/AFP)

ASHXOBOD – Rossiya universitetlarida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar orasida ekstremistik materiallardan oson foydalana olish, Rossiya taʼlim tizimidagi korrupsiya, moliyaviy qiyinchiliklar va qoʻpol munosabat tufayli radikal oqimlarga qoʻshilib qolayotganlar soni ortmoqda.

Turkmaniston hukumati ixtiyorida sudlarda koʻrib chiqilgan ekstremizm bilan bogʻliq jinoiy ishlarning koʻpayganini qayd etuvchi maxfiy maʼlumotlar bor, deydi Oliy sud rasmiysi Muhammed S.

“Oʻn yil avval chet elda tahsil olayotgan talabalarga nisbatan bunday jinoiy ishlar ochilmagan, ammo oxirgi bir yarim yil ichida turli instansiyalarda yettita shunday ish koʻrib chiqildi”, deydi u.

Bu sudlar asosan yopiq tarzda oʻtkazilgani sababli jamoatchilik ulardan bexabar qolgan, deb qoʻshimcha qildi u.

Ayblanuvchilar – chet elda va koʻp hollarda Rossiya universitetlarida tahsil olayotgan asosan yosh yigitlar boʻlib, ular taqiqlangan adabiyotlarni oʻqiy boshlagan yoki allaqachon radikal oqimlar izdoshiga aylangan, dedi u.

Turkmanistondagi talabalarda bu kabi intilishlar yoʻq, “chunki ular taqiqlangan saytlarga kira olmaydilar”, dedi u.

Radikallashuv sabablari

Nazoratning yoʻqligi chet eldagi turkmanistonlik yoshlarning radikallashuviga sabab boʻlmoqda. Chunki ular ota-onasi va davlat nazoratidan uzoqlashgach, osongina radikal harakatlar taʼsiriga tushib qolishi mumkin, deydi mahalliy tahlilchilar.

Ayrim mutaxassislarga koʻra, Rossiyadagi talabalar internetga kirib, ekstremistik mazmundagi maʼruzalarni tinglay boshlaganlaridan soʻng radikal harakatlarga qoʻshilib qoladilar.

“Bunday maʼruzalarni yuklab olish va tinglash turkman talabalar orasida urfga aylangan”, deydi Rossiyaning Qozon shahrida taʼlim olayotgan turkmanistonlik talaba Mekan Purliyev.

Rossiyadagi talabalarning radikallashuviga boshqa sabablar ham bor, dedi u. Koʻpchilik turkman talabalari Rossiya oliy taʼlim tizimidagi korrupsiyadan, ayrim oʻqituvchilarning taʼmagirligidan hafsalasi pir boʻlgan, deb qoʻshimcha qildi u.

“Pul bersang, yaxshi baholar olasan... hatto budjetga tushib, stipendiya ham olishing mumkin”, dedi u.

Mahalliy aholining yomon muomalasi ruhan tushkunlikka tushiradi. Mahalliy ruslarning ortimdan meni haqorat qilishi oddiy holga aylanib qolgan, deydi u.

“Churka, turshak, qora, yovvoyi, osiyolik – kabi soʻzlarni eshitishga majburmiz. Urushsang, oʻzingni aybdor qilishadi. Tishni tishga qoʻyib, sabr qilishdan boshqa choramiz yoʻq”, dedi Purliyev.

Chet elda 95 ming nafar turkmanistonlik talaba tahsil oladi, ularning qariyb uchdan biri Rossiya universitetlarida oʻqiydi, degan edi oʻtgan yili Markaziy Osiyolik mutaxassis Vadim Shagiaxmedov.

“Hatto chet elga oʻqishga ketgan yigit-qizlarimizning yuzdan biri radikallashuv bakteriyasi bilan zararlansa ham, bu mamlakatimiz osoyishtaligiga taʼsir qilishi mumkin”, deydi Oliy sud rasmiysi Muhammed S.

Xavfli ishtiyoq

Inson huquqlari faollari bir jinoiy ishning tafsilotlaridan xabar topganlar. Unga koʻra, Leningrad viloyatidagi Ivangorod gumanitar-texnik institutining ikki nafar turkmanistonlik talabasi K. Xalbayev va K. Saparov 2017-yilda hibsga olingan. Ularning ikkovi ham turli ayblovlar bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, Xalbayev va Saparov bilan birga, yana 12 nafar turkman fuqarosi vahobiylik, salafiylik, Hizb ut-Tahrir va boshqa jamoalar aʼzolari oʻlaroq qidiruvda boʻlishgan.

Talabalardan musodara qilingan ashyolar qatorida turkman tilli ekstremist Ravshan Gazakovning audio-maʼruzalari boʻlgan, deydi Turkmaniston ichki ishlar vazirligining aksilterror boʻlinmasi xodimlari.

Ichki ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, Suriya hukumati kuchlari Turkmaniston fuqarosi Gazakovni 2013-yil iyul oyida qoʻlga olgan. U Qohirada tahsil olgan va Yaqin Sharqdagi jangarilar safida kurashgani gumon qilinmoqda.

Chet eldagi yuzlab turkmanistonlik talabalar zimdan Gazakovning maʼruzalarini tinglashadi.

“Rossiya internetida Ravshan ogʻaning Islom haqidagi 300 dan ortiq audiofayllari, Qurʼonning alohida suralariga sharhlar va tushuntirishlarni turkman kishisi tushunadigan tilda topishingiz mumkin”, dedi Purliyev Gazakovni nazarda tutib.

“Bu veb-saytlar Turkmanistonda bloklangan, ammo Rossiyada ularni yuklab olib eshitish oson”, deya qoʻshimcha qildi u.

Purliyev yoshlarning Gazakov va boshqalarga oʻxshagan odamlarning maʼruzalariga qiziqishini xavfli deb biladi.

“U maʼruzalarida Qurʼon suralari va oyatlari shunchalik mohirona va qiziqarli qilib tushuntirganki, siz xuddi sehrlanib qolganday boʻlasiz va eshitganlaringizga ishona boshlaysiz”, dedi u.

“Hushyor boʻlish lozim”

“Qoʻshni mamlakatlarda radikallar tomonidan terrorchilik harakatlari sodir etilgan yoki taqiqlangan diniy oqimlari tarafdorlari faollashgan, ammo Allohga shukrki, biz bulardan salomat qoldik”, deydi Oliy sud rasmiysi Muhammed S.

“Ammo, bu bilan xotirjam boʻlmasligimiz kerak”, deya qoʻshimcha qildi u.

Turkmaniston huquq-tartibot va razvedka idoralari Rossiyadan kelayotgani taxmin qilingan yangi xavfdan tashvishda.

“Avval Turkmanistondagi tinchlik va barqarorlikka tahdid shimoliy Afgʻoniston va Erondagi radikallardan yoki Turkiyadagi buzgʻunchi kuchlardan kelgan boʻlsa, hozir minglab turkman talabalari tahsil olayotgan Rossiya va boshqa MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi) mamlakatlaridan kelmoqda”, deydi Milliy xavfsizlik vazirligining Axal viloyati boʻyicha operativ xodimi Begench O.

Turkmaniston hukumati va razvedkasi preventiv choralar koʻrmoqda, Rossiyadagi talabalar va ularning ota-onalari bilan tegishli suhbatlar oʻtkazmoqda, radikal oqimlari izdoshlari deb fosh qilingan shaxslar bilan aloqada boʻlgan talabalarni kuzatmoqda, dedi u.

“Albatta, yoshlar vatanga qaytganida, ularning telefon va kompyuterlarida taqiqlangan adabiyot va yozuvlar bor-yoʻqligini tekshiramiz, ammo radikal gʻoyalar ularning ongida chuqur oʻrnashib qolgan boʻlsa, nima qilish kerak?”, deydi Begench O.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu talabalar: “alvido yuviqsiz Rossiya, qullar yurti, xoʻjayinlar yurti”, deyishlari kerak [Mixail Lermontov sheʼrining ilk satrlari]

Javob berish