KOBUL – Afgʻon rasmiylari Tolibonning mamlakatdagi asosiy shaharlarni egallab olishga intilayotgani guruh bergan vaʼdalarga xilof ekanini aytmoqda.
Tolibon yetakchilarining matbuot kotibi Amir Xon Muttaqiy 13-iyul kuni oʻz Tvitterida jangari guruh shaharlarni nishonga olish niyatida emasligini aytgan edi.
Ammo Afgʻonistondagi hokimiyatni kuch bilan egallash haqida gap ketar ekan, Tolibonning oxirgi haftalar davomidagi harakatlari guruhning haqiqiy niyatlarini fosh etgan, deydi rasmiylar.
Tolibonning bayonoti yolgʻondan boshqa narsa emas, deydi Ichki ishlar vazirligi vakili Ahmad Ziyo Ziyo.
U Tolibonning Bagʻlon va Bodgʻis viloyatlari poytaxtlarini qoʻlga olishga uringanini aytarkan, afgʻon milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (ANDSF) ogʻir yoʻqotishlar bilan boʻlsa-da, bu urinishlarning oldini olganini aytdi.
Dam olish kunlari isyonchilarning shaharlar markazlariga hujumi keskin avj olishi ortidan dushanba (2-avgust) kuni Afgʻoniston kuchlari Tolibon jangarilari bilan shiddatli toʻqnashuvga kirishgan.
Tolibon jangarilari tunda kamida uchta viloyat markazi – Lashkargoh, Qandahor va Hirot shaharlariga hujum qilganlar, yakshanba kungi ogʻir janglar natijasida ushbu hududlarning minglab tinch aholisi jangarilar hujumidan qochishga majbur boʻlgan.
Jangovar harakatlar Helmand viloyati markazi Lashkargoh shahrida avj oldi – hukumat ushbu hududga yuzlab maxsus qoʻshinlar joylashtirganini eʼlon qilganidan bir necha soat oʻtib, toliblar shahar markazi va qamoqxonaga muvofiqlashtirilgan hujumlarni amalga oshirdilar.
“Biz ANDSFning mamlakatni har qanday vayronkor terrorchilik hujumidan muhofaza qilish salohiyati va qatʼiyatiga ega ekanligiga xalqimizni ishontiramiz”, dedi Ziyo.
Afgʻonlar Tolibonni rad etmoqda
Daykundi viloyatidan Volesi Jirgʻa aʼzosi Shirin Muhsiniy ham Tolibonning daʼvolarini rad etgan.
“Biz yaqinda bir qator shahar va viloyat poytaxtlariga uyushtirilgan va muvaffaqiyatsizlikka uchragan “Tolibon” hujumlariga guvoh boʻldik”, dedi u Sari Pul, Gʻazniy va Faryob viloyatlari markazlariga hujumlarni nazarda tutib.
Tolibon birorta shaharni ham qoʻlga kirita olmadi, dedi u. Bu bir tarafdan hukumatning viloyat markazlarini himoya qilishga bel bogʻlagani, boshqa tarafdan mahalliy aholi oʻz shaharlarini himoya qilishga tayyorligidandir.
“Odamlar sodir etilgan vahshiyliklarni eʼtiborga olib, guruhga qarshi kurashga tayyor”, dedi u. “Biz ehtiyot boʻlishimiz kerak, chunki agar toliblar oʻz mavqeini mustahkamlasa, aminmanki, ular oʻylab oʻtirmay hujum boshlaydi.”
Shaharlar aholisi Tolibon rejimining qaytishini istamaydi, dedi Muhsiniy jangari guruhni “odamlar qabul qilmasligi va shaharlarda yashovchilar ularning qaytishiga qarshi turishini aytib.
Afgʻonlar ANDSFni qoʻllab-quvvatlashlarini namoyish etib, Tolibonga qarshilik koʻrsatish uchun birlashdilar, dedi u.
Tolibon tashviqoti
Tolibon shaharlarni egallash salohiyatiga ega emas, ularga hujum qilish niyatida emasligi haqidagi daʼvosi esa shunchaki jamoatchilik fikriga taʼsir etish yoʻlidagi tashviqotdir, deydi xavfsizlik masalalari boʻyicha kobullik ekspert va isteʼfodagi harbiy ofitser Atiqullo Amarxil.
“Aniq boʻlgan narsa shuki, Tolibon bajarish majburiyatini olgan ishlarini hech qachon amalga oshirmaydi”, dedi u.
Tolibon Juzjon, Tohar va Bodgʻis viloyatlari poytaxtlarini egallab olish astoydil harakat qildi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Ularning xatti-harakatlari 20 yil oldingi Tolibon rejimidan farq qilmaydi, deydi Amarxil. Ular afgʻonistonliklarning oʻsha-oʻsha hayot tarzi bilan yashashlarini istaydilar.
Ammo shahar aholisi respublikani almashtirishni, oxirgi 20 yil ichida erishilgan yutuqlarni yoki oʻz erkinliklarini Tolibonning mutlaq hokimiyatiga almashtirishni istamaydilar. Tolibon shuni eʼtiborga olmayapti, dedi u.
Fuqarolar ANDSFni qoʻllab-quvvatlashga tayyor, deb qoʻshimcha qildi u yaqinda yuzaga kelgan xalq gʻalayonlariga ishora qilar ekan.
“Biz yaqinda ayniqsa shimolda, xalq orasida safarbarlik kuchlari tashkil etilgani va ularning ANDSF askarlari safiga qoʻshilib, bir qator shaharlarda Tolibon hujumlarini qaytarganiga guvoh boʻldik”, dedi u.
“Qora kunlarga” qaytish yoʻq
Afgʻonistonliklar, ayniqsa yoshlar Afgʻonistonda taraqqiyot boʻlishini istaydilar, deydi Kobulda yashovchi siyosiy tahlilchi Ahmad Behruz.
“Biz oxirgi yigirma yil ichida sezilarli yutuqlarga erishdik”, dedi u oliy oʻquv yurtlari, maktablar va mustaqil ommaviy axborot vositalarining tashkil etilishi bilim va donolik taraqqiyotiga koʻmaklashganini taʼkidlab.
Afgʻonistonlik yoshlar Internet tufayli global taraqqiyotni anglab yetmoqdalar, dedi u. Ular Afgʻonistonning oldinga siljishini istaydilar, toliblar avvalgi ekstremistik qarashlardan voz kechmaganini biladilar.
Tolibonning qaytishi infratuzilmani vayron qilib, mamlakatni 20 yil avvalgi holatga qaytaradi, deydi hukumat idorasida matbuot kotibi boʻlib ishlaydigan kobullik Maʼsuda Ziyo.
“Men universitetdagi oʻqishni tugallash uchun bor imkoniyatlarimni ishga solganman”, dedi u kelajakda magistr darajasini olib, afgʻonistonlik hamyurtlariga yaxshiroq xizmat qilish istagida ekanligini taʼkidlar ekan.
U Tolibonning qaytishi uning porloq kelajak borasidagi umidlariga soya solishini aytadi.
“Hech birimiz Tolibon hukmronligi va bayrogʻi ostida yashashni xohlamagan boʻlardik”, dedi Ziyo.